Jamiyat | 08:50 / 29.10.2024
5066
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda oltin quymalari va xitoy tangalarini olib chiqib ketmoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi

Toshkent xalqaro aeroportida bojxona xodimlari tomonidan 6 dona oltin quymasi, quyma tilla uzuk va 7 dona xitoy iyerogliflari tushirilgan tangalar olib o‘tayotgan shaxs ushlandi. 

Foto: Bojxona qo‘mitasi

Toshkent xalqaro aeroportida oltin quymalari va xitoy tangalarini noqonuniy ravishda olib chiqib ketmoqchi bo‘lgan shaxs aniqlandi.

Fuqaroning qo‘l sumkasi bojxona xodimlari tomonidan ko‘zdan kechirilganda, uning ichida bojxona nazoratiga taqdim etilmagan, umumiy og‘irligi 187 gramm bo‘lgan 6 dona oltin quymasi hamda 7 dona xitoy iyerogliflari tushirilgan tangalar kosmetika kremi ichiga yashirilgani aniqlandi.

Shundan so‘ng ushbu fuqaro shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazilganida, uning yonidan og‘irligi 20 gramm bo‘lgan quyma tilla uzuk ham borligi aniqlandi.

Ashyoviy dalil sifatida olingan ushbu buyumlarning umumiy qiymati 223 mln so‘mni tashkil qildi. Holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Amaldagi qonunchilikka muvofiq, rezident va norezident jismoniy shaxslarga — qiymati 100 mln so‘mgacha bo‘lgan tayyor zargarlik buyumlarini yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini to‘ldirmasdan, 100 mln so‘m va undan ortiq bo‘lganlarini yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasi asosida O‘zbekiston bojxona hududidan tashqariga olib chiqishga ruxsat beriladi. Shuningdek, yaratilganiga ellik yildan oshgan madaniy boyliklarni respublika hududidan olib chiqish mumkin emas.

Mavzuga oid