Jahon | 15:23 / 30.10.2024
6245
2 daqiqa o‘qiladi

Olimlar saratonni sun’iy intellekt yordamida davolashning yangi usulini kashf etdi

Bunda bemorlarning raqamli “egizaklari” yaratiladi va muolaja avval ularda sinab ko‘riladi.

Foto: AP

Saratonga chalingan bemorni davolashning eng qiyin bosqichi — to‘g‘ri usulni tanlash. Odatda shifokorlar ixtiyorida ikki yoki undan ortiq davolash usullari bo‘ladi, ammo qaysi usul samara beradi-yu, qaysi usulni organizm rad etishini hech kim aniq ayta olmaydi.

Ushbu muammoni hal qilish uchun londonlik shifokorlar bemorlarning raqamli “egizaklarini” yaratishni o‘rgandi. FarrSight-Twin texnologiyasi bemor organizmining barcha xususiyatlarini hisobga olib, xuddi unga o‘xshash virtual “tajriba quyoni”ni yaratadi va turli xil davolash usullarini sinab ko‘rdi.

Natijalar juda hayratlanarli — FarrSight-Twin samarali deb hisoblagan davolash usuli 75 foiz hollarda bemorda haqiqatan ham saratonni yengishga yordam berdi.

“Butun dunyo bo‘ylab saraton kasalligini davolashning yangi usullarini ishlab chiqishga milliardlab dollar sarflaymiz”, — dedi Londondagi The Royal Marsden NHS Foundation Trust shifoxonasida faoliyat yuritayotgan onkolog-maslahatchi shifokor Uzma Asg‘ar. “Ba’zi usullar samara beradi, ko‘pchiligi esa yo‘q. Raqamli egizaklardan foydalanib, individual bemorlarni ifodalashimiz, klinik sinov guruhini tuzishimiz va davolash usullarini taqqoslashimiz mumkin. Bu esa haqiqiy bemorlar ustida test o‘tkazishdan oldin ishning muvaffaqiyatli bo‘lish ehtimolini baholash imkonini beradi”.

Sun’iy intellektdan foydalanish g‘oyasi ilgari ham bo‘lgan, lekin neyron tarmoqlarning rivojlanishi tufayli u hozirda eng samarali va foydalanish uchun qulay usulga aylanmoqda.

Mavzuga oid