O‘zbekiston | 10:18 / 02.11.2024
11171
6 daqiqa o‘qiladi

Chiqindidan qarzdorlar “svet”ga to‘lov qilolmaydi. Mas’ullar yangi tizim tartibini tushuntirdi

Chiqindilarni boshqarish agentligi mas’ullariga ko‘ra, aholi orasida chiqindi xizmatlariga qilinmagan to‘lovlarni kamaytirish uchun elektr energiyasi to‘loviga cheklov o‘rnatish tartibi ishlab chiqilgan. Ushbu amaliyot tegishli qonun hujjatlariga o‘zgartirish kiritilib, “Toza makon” billing tizimi ishga tushirilgach joriy etilishi kutilmoqda.

Endilikda chiqindidan qarzi borlar elektr energiyasiga to‘lov qila olmaydi. Qarzdorlik so‘ndirilgach, bu cheklov olib tashlanadi. Prezidentning tegishli farmoniga ko‘ra, shu yil 1 noyabrdan boshlab chiqindidan 3 oy qarzdorligi borlar, 2025 yil 1 yanvardan esa 1 oy qarzdor bo‘lgan fuqarolar elektr energiyasi iste’moli uchun to‘lovni amalga oshira olmaydi.

Xo‘sh, tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘layotgan yangi tizim qanday ishlaydi? Ekologiya vazirligi huzuridagi Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi shuni tushuntirdi.

Buning tartibi qanday ishlaydi? 1 iyundan [chiqindidan] qarzdorligi 6 oy, 1 noyabrdan 3 oy hamda 2025 yil 1 yanvardan 1 oylik qarzdorligi hosil bo‘lgan abonentlarga shu tizimni joriy qilish ko‘zda tutilgan. Bunda 2023 yil 31 dekabrgacha bo‘lgan qarzdorlikka bu tizim tatbiq etilmaydi, ya’ni 2024 yil 1 yanvardan boshlab [chiqindidan] shakllangan qarzdorliklarga elektr energiya [“Hududiyelektrtarmoqlari”] bilan hamkorlikdagi ishimiz ishga tushiriladi.

Bu borada “Hududiyelektrtarmoqlari” bilan hamkorlik memorandumi, texnologik yo‘riqnomalar va xizmat ko‘ratish bo‘yicha shartnomalarni imzoladik, texnik ishlarning hammasi amalga oshirilgan. Hozirgi kunda “Hududiyelektrtarmoqlari”ning qisqa raqamlari, ya’ni 2100 orqali oktyabr oyida qarzdor abonentlarga SMS xabarlar yuborildi va endilikda “Hududiyelektrtarmoqlari”ning billing tizimi orqali barcha elektron to‘lovlar, banklar orqali cheklov o‘rnatiladi. Chiqindiga qarzdorlik yopilganidan so‘ng, [elektr energiyasiga] to‘lovni amalga oshirish imkoniyati bo‘ladi”, – dedi Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi boshqarma boshlig‘i Sherzod Rahmonov

Qo‘shimcha qilinishicha, ayni cheklovni o‘rnatish uchun Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi, Raqobat to‘g‘risidagi hamda elektr energetikasi to‘g‘risidagi qonunlarning ayrim moddalariga o‘zgartirish kiritish yuzasidan ishlar olib borilmoqda. Hozirda o‘zgartirish kiritish yuzasidan tegishli hujjatlar tashkilotlarga kiritilgani ma’lum qilindi.

Shuningdek, agentlik vakili aholining qarzdorligini kamaytirish maqsadida qilinayotgan amaliyot yangilanayotgan “Toza makon billing” dasturiy tizimi bilan uzviy bog‘liq ekanini ham qayd etdi. Ya’ni aholining chiqindiga qiladigan to‘lovi aynan shu tizim orqali amalga oshiriladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda ushbu tizimda texnik profilaktik ishlar olib borilmoqda. Agentlik mutaxassisi O‘rinboy Ma’murov unda nimalar yangilanayotgani haqida gapirib berdi.

Bunda xavfsizlikka alohida e’tibor qaratilgan, oldin tizimga oddiy login va parol orqali kirilgan bo‘lsa, hozir jismoniy shaxsning identifikatsiya raqami, ya’ni OneID tizimiga bog‘langan. Shu orqali tizimga kirib, foydalanish mumkin bo‘ladi.

Yangi tizimda juda ham ko‘p tashkilotlar bilan integratsiya amalga oshirilgan. Bunda avtomatik ravishda yashovchilar sonining shakllanishi, ularning ma’lumotlarini kadastr va IIVning pasport-viza tizimi bilan o‘zaro taqqoslash imkoniyati yuzaga keladi. Bu esa o‘z navbatida abonentlar ma’lumotining to‘g‘ri shakllanishiga, ya’ni har xil ko‘zda tutilgan, ko‘zda tutilmagan o‘zgarishlar yoki boshqa qandaydir xatoliklar kelib chiqishining oldini olishga qaratilgan.

Avvallari billing tizimi faqatgina jismoniy shaxslarga ko‘rsatilgan xizmatlar uchun abonentlardan to‘lovlarni qabul qilib olgan bo‘lsa, yangi billing tizimida bu borada yuridik shaxslarning ham ma’lumot bazalari, har xil chiqindi yig‘ish maydonchalarining kadastrlari shakllantiriladi. Ko‘plab yangi qulaylik yaratish maqsadida ushbu tizimning mobil ilovasi ishga tushirilishi ham ko‘zda tutilgan. Mobil ilovaga ham OneID orqali kirib, ro‘yxatdan o‘tish va o‘zingizga kerakli hisob ma’lumotlarini, necha nafar shaxsga to‘lov qilinayotgani, oxirgi to‘lov kuni – shular haqidagi barcha ma’lumotlarni bilib olishingiz mumkin bo‘ladi”, – dedi Ma’murov.

Hozirda billing tizimida texnik profilaktik ishlar olib borilayotgani sababli chiqindi xizmatlari, barcha turdagi to‘lovlarini qabul qilish hamda ma’lumotlarni o‘zgartirish 5 noyabrgacha cheklanib turilishi aytildi. Shundan so‘ng tizim to‘liq joriy etiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq, sanitar tozalash sohasida ko‘rsatilgan xizmatlar uchun aholining debitor qarzdorligi keskin oshib, respublika miqyosida jami 585 mlrd so‘mga yetgani xabar qilingandi.

Mavzuga oid