Jahon | 08:30 / 02.11.2024
5975
3 daqiqa o‘qiladi

NYT: Ukrainada 6-12 oy jang qilish uchun yetarlicha askar bor

6-12 oylik janglardan so‘ng Kiyev keskin kadrlar taqchilligiga duch keladi, deya xabar beradi NYT Pentagon hisob-kitoblari bilan tanish bo‘lgan rasmiyga tayanib.

Foto: AP

Ukraina Qurolli kuchlari (UQK)da janglarni yana 6-12 oy davom ettirish uchun yetarlicha askar bor, shundan so‘ng Kiyev keskin kadrlar yetishmasligiga duch keladi. Bu haqda 1 noyabr, juma kuni Pentagon baholari bilan tanish bo‘lgan rasmiylardan biriga tayanib, The New York Times (NYT) xabar berdi.

AQSh mudofaa vazirligining ta’kidlashicha, Kiyev Rossiya Federatsiyasining Kursk oblastidagi hujumni qo‘llab-quvvatlash uchun bir qator yangi tashkil etilgan brigadalarni yuborgan — ulardan dastlab Ukrainaning sharqiy va janubiy chegaralarini himoya qilish yoki zaxiralarni yaratish uchun ishlatish rejalashtirilgandi. Pentagon rahbari Lloyd Ostinning qayd etishicha, Kiyev yangi askarlarni jalb etish, shuningdek, ularni tayyorlash uchun barcha sa’y-harakatlarini amalga oshirmoqda.

Yozda amerikalik tahlilchilar Rossiya yaqin oylarda Ukrainada sezilarli muvaffaqiyatga erisha olmaydi, deb hisoblashgan edi. Bu taxminlar noto‘g‘ri bo‘lib chiqdi, deb yozadi gazeta. Rossiya armiyasi o‘zgardi va endi oldinga intilmoqda, deydi AQShning yuqori martabali harbiy amaldori. AQShning ayrim razvedka agentliklari va Pentagon rasmiylari Ukrainaning Rossiya hujumini to‘xtata olishiga umidsizlik bilan qarashmoqda, deya qo‘shimcha qiladi nashr.

AQSh: KXDRning 8 mingga yaqin askari Ukrainada jang qilishga tayyor

Shimoliy Koreyadan 8000 ga yaqin askar allaqachon Rossiya-Ukraina chegarasiga yetib kelgan va «yaqin kunlarda» jangovar harakatlarda qatnashishga tayyorlanmoqda. Bu haqda 31 oktyabr kuni AQSh Davlat departamenti rahbari Entoni Blinken ma’lum qildi. Uning so‘zlarini AP agentligi keltirmoqda.

Blinkenning aytishicha, Rossiya harbiylari shimoliy koreyalik hamkasblarini artilleriya qurollari va uchuvchisiz uchoqlardan foydalanishga o‘rgatmoqda, shuningdek, bu «kuchlarni front chizig‘idagi operatsiyalarda to‘liq qo‘llash niyatida ekanliklarini ko‘rsatmoqda». Avvalroq Pentagon matbuot kotibi Sabrina Singx Shimoliy Koreya qo‘shinlari «yaqin haftalarda Ukraina yaqinidagi Rossiya qo‘shinlarini kuchaytirishi»ni aytgan edi.

Mavzuga oid