DXX Toshkent viloyatida giyohvandlik vositalari noqonuniy aylanmasiga chek qo‘ydi
Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari bojxona hamda ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda bir nechta tezkor tadbirlar o‘tkazdi.
Toshkent shahrida yashovchi 32 yoshli va 26 yoshli fuqaro tojikistonlik narkokurerlar tomonidan aylanma yo‘llar orqali olib kelinib, Quyi Chirchiq tumanidagi xufiya joyga qoldirib ketilgan 1 kg 834 gr gashish moddasini qabul qilib olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Boshqa holatda esa Surxondaryo—Toshkent yo‘nalishida harakatlanayotgan Nexia O‘rta Chirchiq tumani hududida to‘xtatildi. Unda Yuqori Chirchiq tumanida yashovchi 38 yoshli fuqaro boshqaruvidagi avtomashinada 33 yoshli muqaddam sudlangan shaxs yo‘lovchi sifatida ketayotganligi ma’lum bo‘lgan.
Xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, avtomashinaning orqa eshiklari ichki qismiga 1 kg gashish yashirib qo‘yilganligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan. Ular Tojikistondan keltirilgan moddalarni Surxondaryoda qabul qilib olishgan va uni sotishni rejalashtirishgan.
Denov hamda Sariosiyo tumanlarida yashovchi 30 yoshli, 29 yoshli va 27 yoshli fuqarolar ham 985 gr gashishni Nexia rusumli avtomashinada Toshkent shahriga olib ketayotgan vaqtlarida Zangiota tumanida to‘xtatilgan. Tergovga qadar tekshiruv davomida ushbu giyohvandlik moddalari ham tojikistonlik narkokurerlar tomonidan aylanma yo‘llar orqali olib kelingani aniqlangan.
Ohangaron tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Yangiyo‘l tumani hamda Yangiyo‘l shahrida istiqomat qiluvchi 37 yoshli, 29 yoshli va 28 yoshli 3 nafar fuqaro Qo‘qon shahriga borib, hozirda shaxsiga aniqlik kiritilayotgan narkosavdogardan 168 gr gashish hamda 722 dona “Regapen” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini 43 million so‘mga sotib olib, doimiy yashash manzillariga qaytib kelayotgan vaqtlarida qo‘lga olingan.
Ushbu giyohvandlik vositalari mamlakatga Qirg‘izistondan olib kelingan.
Yana bir holatda esa Farg‘ona—Toshkent yo‘nalishida harakatlanayotgan Lacetti Ohangaron shahri hududida to‘xtatilib, ko‘zdan kechirildi.
Natijada unda avtomashinani boshqarib ketayotgan Transport nazorati inspeksiyasi inspektori hamda 49 yoshli va 34 yoshli, muqaddam kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritganliklari uchun sudlangan 2 nafar yo‘lovchiga tegishli 826 dona “Regapen” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.
Ular Qirg‘izistondan aylanma yo‘llar orqali olib kelingan ushbu dori vositalarini Qo‘qon shahrida yashovchi fuqarodan 22 million 500 ming so‘mga sotib olishgan.
Hozirda barcha holatlar bo‘yicha qonunbuzarlarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Mavzuga oid
21:23 / 21.11.2024
Toshkent viloyatida hojatxona uchun qazilgan chuqurga tushib ketgan fuqaro qutqarildi
20:03 / 19.11.2024
“Ko‘p kayf qilib yuborganman” - 3 yashar bolaning qotili o‘sha kuni “glyuk”da bo‘lganini aytdi
21:47 / 15.11.2024
Qotil giyohvand bo‘lgan: 3 yoshli bolani o‘ldirgan erkak ustidan sud boshlandi
14:12 / 15.11.2024