Germaniyada Alisher Usmonovga nisbatan tergov to‘xtatildi
Boyligi 14,4 mlrd dollarni tashkil etadigan rossiyalik oligarx Alisher Usmonov advokatlarining ta’kidlashicha, 2,5 yildan ortiq davom etgan tergov unga qarshi ayblovlarni isbotlay olmagan.

Foto: RBK
Germaniyaning Frankfurt shahri sudi rossiyalik oligarx Alisher Usmonovga nisbatan pul yuvish ishi bo‘yicha tergovni to‘xtatdi. Bu haqda uning advokatlariga tayanib, Reuters agentligi xabar berdi.
«Biz doim o‘z mijozimizning aybsiz ekanini ta’kidlab kelganmiz», — deydi Wannemacher & Partner yuridik firmasi advokatlari. Ular mazkur voqeani 71 yoshli Usmonovning obro‘sini himoya qilishdagi muhim qadam deb atadi.
Bloombergʼning milliarderlar indeksi ma’lumotlariga ko‘ra, Alisher Usmonovning boyligi hozirda 14,4 milliard dollarni tashkil etadi. Uning advokatlariga ko‘ra, 2,5 yildan ortiq davom etgan tergov unga qarshi ayblovlar, jumladan, pul yuvishga oid ayblovni isbotlay olmagan.
Usmonov Yevropa sudlarida o‘zini muvaffaqiyatli himoya qilmoqda. Mart oyida Hamburg sudi Forbes nashriga oligarx Vladimir Putinning «yaqin odami» ekani va «uning biznes muammolarini hal qilgani» haqida ma’lumot tarqatishni taqiqlagan edi. Shu bilan birga, keyinchalik, uning advokatlari Germaniya Federal jinoyat politsiyasi boshqarmasi va shved iqtisodchisi Anders Oslundning Usmonov va uning singlisi Gulbahor Ismoilova haqidagi tvitlarini o‘chirishga erishgani ma’lum bo‘ldi.
Oktyabr boshida Hamburg shahri sudi rossiyalik oligarx Alisher Usmonovning Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi (FIE) hakamlariga pora bergani haqidagi ma’lumotlarni tarqatishni taqiqladi.
Alisher Usmonov 2022 yilning fevralida Yevropa Ittifoqi sanksiyalari ostiga tushgan edi. O‘sha yilning kuzida Myunxen prokuraturasi YeI tomonidan joriy etilgan cheklovlarga ters o‘laroq, biznesmen o‘zining Germaniyadagi mol-mulklariga qarab turish uchun qo‘riqlash firmasiga to‘lov qilgani haqida bayonot bergan edi. Germaniyaning turli shaharlarida biznesmenga tegishli deb qaraladigan ko‘chmas mulk obektlarida tintuvlar o‘tkazilgan. 2023 yilning may oyida Frankfurt shahridagi Yer sudi tintuv uchun berilgan bu orderlar noqonuniy bo‘lgani, chunki «hech narsa bilan mustahkamlanmagan farazlar» asosida berilgani to‘g‘risida qaror chiqargandi.
Mavzuga oid

20:26 / 01.04.2025
Forbes milliarderlar ro‘yxatini yangiladi: Usmonov O‘zbekiston vakili sifatida ko‘rsatilgan

16:46 / 14.03.2025
Alisher Usmonovning singlisi Gulbahor Ismoilova sanksiyalardan ozod etilgan bo‘lishi mumkin

12:02 / 24.02.2025
Tramp Germaniyadagi saylovlarning dastlabki natijalariga munosabat bildirdi

10:38 / 24.02.2025