Jahon | 16:14 / 04.11.2024
11316
8 daqiqa o‘qiladi

Kamala Harrisning prezidentligidan nima kutish mumkin? Trampnikidan-chi?

AQSh prezidentligiga nomzodlarning siyosati haqidagi asosiy savollarga qisqacha javoblar.

AQShdagi saylov byulleteni. Scott Olson / Getty Images / AFP / Scanpix / LETA

5 noyabr kuni AQShda navbatdagi prezidentlik saylovlari (shuningdek, Kongressga, ayrim shtatlarda — gubernatorlik va qonunchilik organlari uchun saylovlar o‘tkaziladi). Davlat rahbari lavozimi uchun Demokratik partiyadan vitse-prezident Kamala Harris, Respublikachilar partiyasidan — sobiq prezident Donald Tramp o‘z nomzodini qo‘ygan. Aksariyat masalalarda nomzodlarning pozitsiyalari bir-biridan farqlanadi. Politolog va Amerika siyosati to‘g‘risidagi One Big Union telegram-kanali muallifi Yan Veselov «Meduza» so‘roviga ko‘ra g‘alaba qozongan taqdirda bu nomzodlarning har biridan asosiy sohalarda nima kutish mumkinligi haqida gapirib bergan.

Iqtisodiyot

Kamala Harris iste’mol tovarlari narxini keskin oshirishni taqiqlovchi qonun qabul qilish, uy-joy qurilishi sur’atini oshirish, korporatsiyalar va boy amerikaliklar uchun soliqlarni oshirish hisobiga o‘rta va past daromadli oilalar uchun soliq imtiyozlarini kengaytirishni va’da qilmoqda. Donald Tramp esa armiya xarajatlarini oshirish, soliqlarni keng miqyosda qisqartirish va barcha import tovarlariga savdo bojlarini oshirish orqali budjetni to‘ldirishni rejalashtirgan.

Davlat qarzi

U ikki nomzod davrida ham o‘sadi. Hozirda AQSh milliy qarzi mamlakat yalpi ichki mahsulotining 99 foizini tashkil etadi va budjet daromadlari hamda xarajatlarining hozirgi darajasida 2026 yildagi 102 foizdan 2035 yilda 125 foizgacha o‘sadi. Iqtisodchilarning hisob-kitoblariga ko‘ra, Harris prezident bo‘ladigan taqdirda qarz 10 yil ichida o‘rtacha qariyb 4 trillion dollarga o‘sib, yalpi ichki mahsulotning 133 foizini tashkil etadi. Tramp davrida qarz 7,75 trillion dollarga ko‘tarilib, yalpi ichki mahsulotning 142 foiziga yetadi.

Abortlar

Kamala Harris abort uchun federal huquqni tiklashga erishishni rejalashtirgan, bunday huquq 2022 yilda Oliy sud tomonidan bekor qilingandi. Ammo buning uchun unga Kongressning ikkala palatasi: Vakillar palatasidagi ko‘pchilik hamda 100 nafar senatordan kamida 60 nafari roziligi talab etiladi. Donald Tramp esa shtatlar bu masalani o‘z ixtiyoriga ko‘ra tartibga solish huquqiga ega deb hisoblaydi hamda abortlarga federal taqiq haqidagi qonun loyihasini imzolamaslikni va’da qiladi.

Immigratsiya

Tramp Meksika bilan chegarada devor qurish ishlarini yakuniga yetkazishni (qurilish ishlari uning oldingi muddatida boshlangandi), armiya va mahalliy huquq-tartibot organlarini jalb etgan holda noqonuniy muhojirlarni deportatsiya qilish bo‘yicha AQSh tarixidagi eng yirik amaliyot o‘tkazishni rejalashtirmoqda. U shuningdek viza oluvchilar uchun «qat’iy mafkuraviy tekshiruv» joriy etish hamda jinoyatchi va firibgar deb topilganlarni fuqarolikdan mahrum etishni taklif qilgan.

Harris prezident Jo Baydenning muhojirlarga boshpana berishdagi cheklovlar to‘g‘risidagi farmonini qo‘llab-quvvatlaydi va immigratsiya islohoti to‘g‘risidagi qonun loyihasini imzolashni va’da qiladi (bu loyiha ikkala partiya tomonidan qo‘llab-quvvatlanganiga qaramay, Trampning muxolifati tufayli Senatda muvaffaqiyatsizlikka uchragandi). U AQShda anchadan buyon yashovchi hamda qonun bilan bog‘liq muammolari yo‘q bo‘lgan noqonuniy migrantlar uchun fuqarolik olish imkoniyatini taqdim etadi.

Jinoyatchilikka qarshi kurash

Tramp politsiya faoliyatini isloh qilish harakatiga qarshi chiqadi va politsiyachilarning hibsga olinganlar huquqlarini buzganlik uchun fuqarolik da’volaridan immunitetini kuchaytirishga va’da beradi. Uning so‘zlariga ko‘ra, politsiyachilar tomonidan «chinakamiga shafqatsiz bir kun» jinoyatchilikni sezilarli darajada kamaytirishga yordam beradi. Shuningdek, Tramp ommaviy tartibsizliklarni bostirish uchun armiyadan foydalanish tarafdori. Harris oldinroq politsiyachilar sonini ko‘paytirish jinoyatchilik muammosini hal qilmasligini aytgan bo‘lsa-da, endi politsiyachilarni moliyalashtirishni oshirishga qarshi emas. U shuningdek, marixuanani dekriminalizatsiya qilishni yoqlaydi.

O‘qotar qurolga egalik huquqi

Harris o‘zining quroli borligini aytadi, ammo qurol sotib oluvchilarning ma’lumotlarini tekshirish, shturm vintovkalari hamda katta hajmli o‘qdonlarni sotishni taqiqlash, shuningdek red-flag laws deb nomlanuvchi, sud uning o‘zi va atrofidagilari uchun xavf tug‘dirishi mumkin deb topgan odamlardan o‘qotar qurolni olib qo‘yishga imkon beruvchi qonunlarni qo‘llab-quvvatlaydi. Tramp esa har qanday yangi cheklovlarga qarshi va Bayden ma’muriyati bu sohada chiqargan barcha qarorlarni bekor qilishga va’da bergan.

Iqlim o‘zgarishi

Donald Tramp iqlim o‘zgarishini «tarixdagi eng katta firibgarlik» deb atagan. U Bayden davrida qabul qilingan «yashil energetika»ni rivojlantirishlarga subsidiyalarni taqiqlash hamda neft va gaz qazib olishdagi barcha cheklovlarni bekor qilishga va’da bergan. Uning raqibi esa qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirish va issiqxona gazlari chiqindilarini kelgusida ham kamaytirib borish tarafdori.

Xalqaro siyosat

Bayden kabi Harris ham Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatishni davom ettirish tarafdori bo‘lib, Rossiya bilan tinchlik kelishuvi hududlarni topshirish hamda Ukrainaning NATOga a’zolikdan voz kechishi evaziga bo‘lmasligi kerakligini aytgan. U AQShning Shimoliy Atlantika alyansi va Tinch okeani mintaqasidagi ittifoqchilarini qo‘llab-quvvatlaydi. G‘azodagi urush borasida esa Harris Isroil o‘zini Hamasdan himoya qilishga haqli ekani, AQSh esa unga qurol yuborishda davom etishi kerakligini aytadi, shu bilan birga, o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirib, Falastin davlati tuzish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlaydi.

O‘z navbatida, Tramp AQShning NATO bo‘yicha ittifoqchilarini tanqid qilib, mudofaa uchun juda kam mablag‘ ajratishi uchun ulardan yozg‘iradi. U inauguratsiya marosimigacha Ukrainadagi urushga barham berishini aytib, Kiyev AQSh tomonidan kelgusida ham qo‘llab-quvvatlanishi masalasini shubha ostida qoldiradi. Tramp Xitoy va Eron bilan qarama-qarshilik masalasida yanada qat’iyroq pozitsiyani egallaydi, Isroilni esa so‘zsiz qo‘llab-quvvatlaydi.

Kadrlar siyosati

Tramp ularni o‘ziga sodiq odamlarga almashtirish imkoniga ega bo‘lish uchun professional davlat xizmatchilarini ishdan bo‘shatish jarayonini soddalashtirmoqchi. Uning hisoblashicha, ijro hokimiyati organlari prezidentga to‘liq bo‘ysunishi, Adliya vazirligi va FQB — avtonomiyadan mahrum etilishi, uning o‘zi esa prokurorlarning jinoiy tergov bo‘yicha qarorlariga qo‘shilmasa, ularni lavozimdan olish huquqiga ega bo‘lishi kerak. Tramp shuningdek, 2021 yil 6 yanvarida Kapitoliyga bostirib kirgan namoyishchilarni afv etishni rejalashtirgan.

Harris davlat xizmatchilari va huquqni muhofaza qilish organlarining roli bo‘yicha an’anaviy qarashlarga rioya qiladi. U o‘z ma’muriyatiga respublikachilarni ham olishga va ikkala partiya vakillari ishtirokida maslahat organi tuzishga va’da bergan.

P. S. Xo‘sh, kim g‘olib bo‘ladi?

Noma’lum. Umummilliy so‘rovlarda Harris Trampni arzimas 1 foizlik ustunlik bilan ortda qoldirmoqda. Saylov taqdiri hal bo‘ladigan yetti muhim shtatdan to‘rttasida — Nevada, Viskonsin, Michigan va Pensilvaniyada Harris kichik ustunlikka ega, Jorjiya, Shimoliy Karolina va Arizonada —Trampning tarafdorlari ko‘proq. Ammo bu shtatlarning hech birida biror nomzodning ustunligi 2 foizdan oshmaydi, bu esa so‘rovlardagi statistik xatolik darajasidir.

Mavzuga oid