Jahon | 09:50 / 04.11.2024
3768
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiya TIV rahbari: Ukraina yaxlitligi tinchlikning shartidir

Turkiya tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidan Ukrainaning hududiy yaxlitligini saqlab qolishni Rossiya-Ukraina urushini adolatli hal etish sharti deb atadi. Anqara umumiy pozitsiyalarni qidirishda davom etmoqda, deya qo‘shimcha qildi u.

Hoqon Fidan Foto: Maksim Shemetov / Reuters

Turkiya tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan Rossiya-Ukraina urushini hal qilish shartini aytdi. Turkiya TIV rahbari 3 noyabr, yakshanba kuni Hurriyet gazetasiga bergan intervyusida: «Urushga adolatli yechim Ukrainaning hududiy yaxlitligi doirasida topilishi kerak», dedi. Ikkala davlat ham mag‘lub bo‘lib qolishni istamaydi, Turkiya tomoni esa Ukraina va Rossiya Federatsiyasi rasmiylari o‘rtasida umumiy pozitsiyalarni qidirishda davom etmoqda, deya aniqlik kiritdi u.

«Biz har ikki tomon bilan ham alohida munosabatdamiz. Biz ularni tinglashdan bosh tortmaymiz. Do‘st faqat rostini gapiradi, biz ham shunday qilyapmiz», — deya qo‘shimcha qildi Fidan. Unga ko‘ra, 2025 yilda ehtimol, «yangi vaziyat» yuzaga keladi. U kelasi yili urishayotgan tomonlar Turkiya vositachiligida murosaga kelishlari mumkinligini nazarda tutgan bo‘lishi mumkin.

Lavrov Turkiyani Ukrainaga qurol yetkazib bergani uchun tanqid qildi

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Turkiyani Ukrainaga qurol yetkazib bergani uchun tanqid qildi. «Afsuski, Anqara «Kiyev rejimi» bilan harbiy-texnik sohada hamkorlikni davom ettirmoqda, turk qurollari Ukraina Qurolli kuchlari tomonidan rossiyalik harbiy xizmatchilar va tinch aholi vakillarini o‘ldirishda qo‘llanmoqda», — dedi Lavrov 1 noyabr kuni Turkiyaning Hurriyet gazetasiga bergan intervyusida.

Uning fikricha, Turkiyaning bunday harakatlari Ukrainadagi «harbiy mojaro»ni hal etishda vositachilik qilishga tayyorligiga zid keladi. Shu bilan birga, u Rossiya Federatsiyasi «Turkiyaning Ukraina inqirozini hal qilish bo‘yicha sa’y-harakatlarini yuksak qadrlashini» ta’kidladi va 2022 yil bahorida Istanbulda bo‘lib o‘tgan muzokaralarni, shuningdek, Ukrainadan g‘alla eksporti bo‘yicha kelishuvni esladi. 

Mavzuga oid