Jahon | 15:35 / 05.11.2024
13872
6 daqiqa o‘qiladi

Rossiya armiyasiga yollangan yana bir o‘zbekistonlik 5 yilga qamaldi

Tanishining taklifi bilan novvoychilik qilish maqsadida Sankt-Peterburg shahriga borgan erkak Rossiya armiyasiga yollangan. U ketayotgan harbiy yuk mashina Luhansk hududida dron hujumiga uchragan va buning oqibatida og‘ir yaralangan o‘zbekistonlik bir oydan so‘ng harbiy gospitalda hushiga kelgan.

Foto: Getty Images

Rossiya armiyasiga yollangan yana bir o‘zbekistonlik erkak jinoiy jazoga tortildi. Kun.uz sud hujjati bilan tanishdi.

Sud hukmida keltirilishicha, 1973 yilda Qo‘shtepa tumanida tug‘ilgan Alisher Xoliqov moddiy boylik orttirish maqsadida qonunga xilof ravishda chet elga chiqish va yollanish jinoyatini sodir qilgan.

Jumladan, u 2023 yil 26 may kuni “Do‘stlik avto” chegara bojxona posti orqali Qirg‘izistonga o‘tib, u yerdan “O‘sh-Sankt-Peterburg” yo‘nalishidagi aviareys orqali ishlash maqsadida Rossiyaga chiqib ketgan. 2023 yilning noyabr oyiga qadar Sankt-Peterburg shahrida ijara asosida yashab, turli yollanma ishlarda ishlab kelgan.

Alisher Xoliqov 2023 yil 24 noyabr kuni moddiy manfaat evaziga Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi bilan bir yillik shartnoma imzolagan hamda Ukrainaga qarshi urushda ishtirok etishga rozilik bildirgan. Shundan so‘ng, Xoliqov 80 nafar shaxs bilan birga Rossiya Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari kuzatuvi ostida “Rossiya-Finlandiya” chegarasi yaqinida joylashgan “Kaminka” nomli harbiy qismga joylashtirilgan.

U harbiy qismda 2 oy davomida o‘qotar qurol va o‘q-dorilardan foydalanish usullarini o‘rganib, jangovar tayyorgarlikdan o‘tgan. So‘ngra 2024 yil 24 yanvar kuni maxsus harbiy mashinalarda Belgorod viloyati Mayskiy aholi yashash punktida joylashgan harbiy poligonga olib borilgan hamda u yerda ham harbiy mashg‘ulotlarni o‘tagan.

Alisher Xoliqov 2024 yil 4 fevral kuni Rossiya Mudofaa vazirligi buyrug‘i bilan Ukrainaning Luhansk viloyati hududida olib borilayotgan jangovar harakatlarga jalb etilgan. U shu kuniyoq dron orqali kelib tushgan snaryad portlashi oqibatida bosh chap chakka sohasi, chap qo‘li, chap yelkasi va o‘ng oyoq kaftidan jarohatlangan. So‘ngra Moskva viloyati Krasnogorsk shahridagi harbiy gospitalga olib kelinib, bir oy davomida davolangan. 2024 yil 4 iyul kuni esa “Sankt-Peterburg-Toshkent” yo‘nalishidagi aviareys orqali O‘zbekistonga qaytib kelgan.

Alisher Xoliqov suddagi ko‘rsatmasida aybiga to‘liq iqror bo‘lgan.

Tanishimning gapi bilan Sankt-Peterburg shahriga borib, ikki oy novvoychilik qildim. Ammo tanishim kelishuvdagi pulni bermadi. So‘ng “Magnit” nomli gipermarketning mahsulotlar taqsimlanadigan omborida yuk tushiruvchi bo‘lib uch oy ishladim. Omborda Surxondaryo viloyatidan bo‘lgan Akmal ismli yigit ish boshqaruvchi bo‘lib ishlardi. Ish haqimizni shu yigit berishi kerak edi, lekin bermadi, turli bahonalar qilib yurdi. Shunda men Akmalni urdim. Uning chaqiruvi bilan kelgan IIB xodimlari meni va Umid ismli tanishimni olib ketdi.

IIB xodimlari biz o‘tirgan xonaga bir advokatni olib kirdi. Ushbu advokat Akmalni urganim jinoyat ekanini, buning uchun 5 yilga qamalishimiz mumkinligini tushuntirdi. Agar Ukrainaga borib ishlab kelsak javobgarlikdan ozod qilinishimizni aytdi. Umid ikkalamiz javobgarlikdan qutulish maqsadida uning taklifiga rozi bo‘ldik va IIB xodimlari tomonidan berilgan ikki nusxadagi shartnomaga imzo qo‘yib berdik. Shundan so‘ng bizga ishdan ozod qilinganimiz haqida ma’lumotnoma berib, qo‘yib yuborishdi.

3 kundan so‘ng ish joyimizning yotoqxonasiga harbiy kiyimdagi shaxslar kelib, bizni avtobusda olib ketishdi hamda “Kaminka” nomli harbiy qismga olib borishdi. Oradan bir necha kun o‘tgach plastik kartamizga 500 ming rubl tashlab berishdi. Shundan 100 ming rublni o‘zimning ehtiyojlarim uchun olib qolib, qolganini turmush o‘rtog‘imning plastik kartasiga bo‘lib-bo‘lib o‘tkazib berdim.

Harbiy qismda bir oy yashaganimizdan so‘ng meni va yana yetmish to‘qqiz kishini ikkita Ural harbiy yuk mashinasida Belgrad shahar hududida joylashgan harbiy poligonga olib borishdi. Shu yerda bizga harbiy kiyim, harbiy guvohnoma, jyeton, “Kalashnikov” avtomati berishdi. Poligonda uch kun davomida o‘q otish va turli harbiy amaliyotlarni bajarishga o‘rgatishdi. So‘ngra Rossiya Qurolli kuchlari harbiy xizmatchilari kuzatuvida ikkita “Ural” harbiy yuk mashinasida urushga olib ketishdi.

Luhansk hududidan o‘tayotganimizda bizlarni olib ketayotgan mashinalarga Ukraina tomonidan dronda snaryad tashlandi. Oqibatda mashinalar portlab ketdi. Men hushimni yo‘qotdim. 2024 yil mart oyida Moskva shahrida joylashgan harbiy gospitalda o‘zimga keldim”, degan u o‘z ko‘rsatmasida.

Sud hukmi bilan Alisher Xoliqov Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismida (yollanish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etishda aybli deb topilgan. Unga 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Oldinroq Rossiya armiyasiga yollangan bulung‘urlik 56 yoshli shaxs 3 yilga, “Vagner”ga yollanib, harbiy harakatlarda qatnashgan namanganlik yigit esa 5 yilga ozodlikdan mahrum qilingandi.

Mavzuga oid