6 noyabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
Turkiy davlatlar strategik sherikligi to‘g‘risidagi shartnoma taklifi, 40 foizga yetkaziladigan «yashil» energiya manbalari, seryog‘in kelgan oktyabr va yana Kanadaga favqulodda qo‘ngan 101-reys — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.
Turkiy davlatlar strategik sherikligi to‘g‘risidagi shartnoma taklifi
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Bishkek shahrida Turkiy davlatlar tashkiloti Davlat rahbarlari kengashi majlisida nutq so‘zladi.
«Bugun Tashkilotimizning tarixiy hujjati — Turkiy dunyo xartiyasining qabul qilinishi qardosh davlatlar va xalqlarimiz o‘rtasida kuchayib borayotgan ko‘p qirrali hamkorlikning yorqin ifodasidir.
Aminmanki, biz shu asosda Turkiy dunyoni yanada jipslashtirish, uning mavqeyini oshirish, o‘zaro manfaatli va do‘stona aloqalarimizni chuqurlashtirish, hamkorligimizni yangi bosqichga ko‘tarishga erishamiz», — dedi Mirziyoyev.
O‘zbekiston Turkiy davlatlar tashkilotning asosiy shartnomaviy-huquqiy bazasini kengaytirish va mustahkamlash tarafdori ekani qayd etib o‘tildi.
«Biz Turkiy davlatlarning strategik sheriklik, abadiy do‘stlik va qardoshligi to‘g‘risidagi shartnomani qabul qilishni taklif etamiz. O‘ylaymanki, ushbu keng qamrovli hujjatning ishlab chiqilishi tuzilmamiz faoliyatini yanada yuksak siyosiy pog‘onaga ko‘taradi», — dedi O‘zbekiston prezidenti.
Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, bugungi kunda davlatlarning tashqi tovar aylanmasida o‘zaro savdo ulushi ancha past darajada qolmoqda. Importning salmoqli qismi uchinchi davlatlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
«Savdo sohasidagi salohiyatimizni kengaytirishga qaratilgan chuqur tadqiqotlar olib borish uchun yaqin istiqbolda Toshkentda yetakchi milliy tahlil markazlarimizning anjumanini o‘tkazish ayni muddao bo‘lar edi», dedi Mirziyoyev.
«Yashil» energiya manbalari 40 foizga yetkaziladi
Xitoyning Shanhay shahrida yettinchi Xitoy xalqaro import mahsulotlari ko‘rgazmasining rasmiy ochilish marosimi doirasida 5 noyabr kuni xalqaro iqtisodiy forum o‘tkazildi.
Forumda bosh vazir Abdulla Aripov ishtirok etdi.
Aripov o‘z chiqishida Xitoy O‘zbekistonning eng yirik savdo va investitsiyaviy hamkori hisoblanishi, o‘tgan yilda tovar ayirboshlash 14 mlrd dollarga yetgani, yaqin istiqbolda uning hajmini 20 mlrd dollarga yetkazish uchun barcha imkoniyatlar va eng muhimi birgalikda rivojlanish uchun xohish borligini ma’lum qildi.
Xitoydan O‘zbekistonga jalb qilinayotgan to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar hajmi oxirgi yillarda 5 barobar, qo‘shma korxonalar soni esa 3 barobar oshdi. Qo‘shma loyihalar portfeli 53 mlrd dollardan ziyodni tashkil etdi.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda 60 mlrd dollardan ziyod xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirildi. Xalqaro moliya institutlarining 14 mlrd dollardan ortiq mablag‘lari ijtimoiy va infratuzilma sohalarini rivojlantirishga yo‘naltirildi. 2030 yilgacha «yashil» energiya manbalarini 40 foizga yetkazish borasida ish olib borilmoqda.
Elektromobillar uchun quvvatlash stansiyalari
Ko‘p qavatli uylar yaqinida, shu jumladan, ularga yaqin joylashgan to‘xtash joylarida maksimal quvvati 22 kW bo‘lgan stansiyalarni o‘rnatish rejalashtirilmoqda.
Vazirlar Mahkamasining yangi qaroriga ko‘ra, 2025 yil 1 fevraldan boshlab davlat muassasalari, mehmonxonalar, biznes-markazlar, savdo va umumiy ovqatlanish obektlari, xalqaro va davlat ahamiyatidagi avtomobil yo‘llari infratuzilmasi obektlari loyihalarida to‘xtash joylarining kamida 5 foizi elektromobillarni quvvatlash stansiyalari bilan jihozlanishi kerak.
Nyu Yorkka uchgan samolyot ikki marta favqulodda qo‘ndi
Uzbekistan Airways aviakompaniyasining 5 oktyabr kuni HY101 reysi bilan Toshkentdan Nyu-Yorkka uchgan samolyoti ikki bor favqulodda qo‘nishni amalga oshirdi.
Dastlab samolyot 57 yoshli rossiyalik yo‘lovchi o‘zini yomon his qilgani sababli Qozog‘iston ustidan Toshkent aeroportiga qaytib kelgan.
Ikkinchi parvozda esa homilador yo‘lovchi sababli Kanadadagi Goose Bay (Kanada) zaxira aeroportiga qo‘nishga qaror qildi.
Qayd etilishicha, Toshkent vaqti bilan soat 20:50 da samolyot Kanadadagi aeroportga qo‘ngan, bortga tibbiy xodimlar chiqib, yo‘lovchini gospitalizatsiya qilish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.
So‘ngra uchoq Nyu-York tomon o‘z parvozini davom ettirgan.
Seryog‘in oktyabr
Oktyabr oyi meteorologik kuzatuvning barcha yillari uchun eng yomg‘irli bo‘ldi. Respublikamizning katta qismida yomg‘ir oktyabr oyida odatdagidan ko‘ra tez-tez yog‘di va yog‘ingarchilik miqdori oylik me’yordan 2-4 marta ko‘p bo‘ldi.
«O‘zgidromet» xabariga ko‘ra, Farg‘ona vodiysi hududining katta qismida, Qizilqum cho‘lining ayrim joylarida va Nurota tizmasi hududida oktyabr oyida yog‘gan yog‘ingarchilik miqdori bo‘yicha barcha kuzatuv qatorlari uchun eng yog‘ingarchilik ko‘p bo‘lgan uchlikka kirdi.
Oktyabr oyida odatda juda kam yomg‘ir yog‘adigan ayrim qurg‘oqchil hududlarda oylik yog‘ingarchilik miqdori me’yordan 6-8 marta, Buxoro meteostansiyasi hududida esa 14 marta ko‘p bo‘ldi. Ushbu hududlarda oktyabr oyi meteorologik kuzatuvlarning barcha yillari uchun eng yomg‘irli bo‘ldi.
Shu bilan birga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm viloyatining qator tumanlarida va Qizilqum cho‘lining g‘arbiy qismidagi ba’zi joylarda yog‘ingarchilik me’yordan kam bo‘lishi kuzatildi.
Mavzuga oid
21:41 / 22.11.2024
22 noyabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
21:40 / 21.11.2024
20 noyabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
19:49 / 20.11.2024
20 noyabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
21:05 / 19.11.2024