Imzo chekishni bilmagani uchun minglab yosh amerikaliklarning saylov byulleteni bekor qilindi
Ta’kidlanishicha, so‘nggi prezidentlik saylovida yaroqsiz bo‘lgan byulletenlar soni 2020 va 2022 yillardagidan ko‘proq.
AQSh Nevada shtatining ikki okrugida 13 mingdan ortiq saylov byulleteni haqiqiy emas deb topildi. Bunga saylovchilarning to‘g‘ri imzo chekishni bilmagani sabab bo‘lgan, deb yozdi Business Insider.
Shtat davlat kotibi Fransisko Agilar 6 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida tushuntirganidek, muammo pochta orqali yuborilgan saylov byulletenidagi imzo bilan bog‘liq. Qayd qilinishicha, imzolar saylovchilar ma’lumotlar bazasidagi imzoga mos kelmagan. «Bugungi kunda yoshlar imzo chekishni bilmaydi», dedi Agilar.
Ta’kidlanishicha, so‘nggi prezidentlik saylovida yaroqsiz bo‘lgan byulletenlar soni 2020 va 2022 yillardagi saylovlardagidan ko‘proq.
Saylovchilarga yordam beruvchi Vote America va Vote.Org tashkilotlari asoschisi Debra Kliver qo‘lda yozilgan imzolarni boshqa identifikator bilan almashtirish tarafdori, chunki yoshlarda imzo chekish bilan bog‘liq muammolar tobora ko‘paymoqda. Bunday holatning sabablaridan biri sifatida Kliver 2010 yildan beri ko‘plab shtatlar maktab o‘quv dasturidan husnixat darsining chiqarib tashlanganini keltirdi. Oqibatda, 20-25 yoshdagi ko‘plab yoshlar qo‘lda yozish qobiliyatiga deyarli ega emas yoki aniq va o‘ziga xos imzolarini shakllantira olmagan. Kliverning fikricha, muammo vaqt o‘tishi bilan yomonlashadi.
Shu bilan birga, Agilar so‘zlariga ko‘ra, ba’zida keksa avlod vakillari orasida ham imzolar mos kelmaydi. Chunki ular o‘z imzosini hayoti davomida (masalan, turmush qurganidan keyin) yangisiga o‘zgartiradi, lekin uni ma’lumotlar bazasida yangilashni unutadi.
AQSh prezidentlik saylovi 5 noyabr kuni bo‘lib o‘tdi, biroq ko‘pchilik saylovchilar to‘ldirilgan byulletenlarni pochta orqali yuborish yoki ularni maxsus qutilarga tashlash orqali oldindan ovoz berishdi. NBC ma’lumotlariga ko‘ra, 83,7 million kishi muddatidan oldin ovoz berish imkoniyatidan foydalangan.
Mavzuga oid
21:00 / 21.11.2024
AQSh–Xitoy ziddiyati va Tayvan omili: Trampdan nima kutish mumkin?
11:15 / 21.11.2024
Putin Tramp bilan Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatishni muhokama qilishga tayyor - Reuters
10:46 / 21.11.2024
AQSh Ukrainaga yangi harbiy yordam ajratilishini e’lon qildi
10:31 / 21.11.2024