O‘zbekiston | 20:43 / 08.11.2024
1458
6 daqiqa o‘qiladi

8 noyabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

Metro bekatlarida quriladigan jamoat hojatxonalari, Samarqand shahri uchun 100 ta elektrobus, suv tejash uchun quriladigan 10 ta sel suv ombori va hajmi oshishi kutilayotgan pul o‘tkazmalari — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Toshkent metrosida pulli hojatxonalar

Toshkent metrosining 9 ta gavjum bekatlarida pulli xojatxonalar hamda onalar va bolalar uchun maxsus xonalar quriladi.

Metroning «Chilonzor» bekatida qurilgan ona-bola xonasi va hojatxona tarjiba-sinovdan muvaffaqiyatli o‘tgani munosabati bilan yana boshqa 9 ta bekatda ham shunday maxsus xonalar qurilishi ma’lum qilindi.

«Chilonzor bekatida bitta qilib ko‘rdik, o‘zini oqladi. Nima uchun biz test rejimida qildik? Toshkent metropoliteni shahar kanalizatsiyasidan pastda joylashgan. Buni qurib bitkazgandan keyin yoqimsiz hidlar chiqmasligining oldini olishimiz kerak, Chilonzordagi bekatda shuni ishlatib ko‘rdik. O‘zini oqladi, biz uchun natija berdi, endi texnik jihatdan to‘g‘ri keladigan boshqa bekatlarga ham tatbiq qilmoqchimiz», – degan «Toshkent metropoliteni» matbuot kotibi To‘ychi Mirzayev.

Bu xabargacha «Paxtakor» bekatida noma’lum erkakning peshob chiqarib ketgani aks etgan videolar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘layotgan edi.

Samarqand uchun 100 ta elektrobus

Samarqand shahriga noyabr oyida rejalashtirilgan 30 ta elektrobuslarning 8 tasi olib kelindi.

Transport vazirligi xabariga ko‘ra, yil yakuniga qadar yana 64 ta elektrobuslar keltirilishi rejalashtirilgan. Umumiy hisobda — elektrobuslar soni 100 taga yetkaziladi.

Hozirda elektrobuslarni rasmiylashtirish ishlari olib borilmoqda. Rejadagi transport vositalari olib kelingach, belgilangan tartibda Samarqand shahar jamoat transporti yo‘nalishlariga biriktiriladi.

Samarqand O‘zbekistonda YeTTBning «Yashil shaharlar» dasturiga qo‘shilgan birinchi shahardir. Loyiha doirasida Samarqand shahar jamoat transporti yo‘nalishlarida elektrobuslar harakati yo‘lga qo‘yilishi belgilangan.

10 ta sel suv ombori quriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida qishloq xo‘jaligida suv va energiya resurslaridan unumli foydalanish masalalari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi.

Bahor va kuz faslidagi yog‘inlardan hosil bo‘lgan sel suvlarini yig‘ib, sug‘orishda ishlatilishi masalasi ham yig‘ilishda ko‘rib chiqildi. Qo‘shrabot tumanining Xonnazor, Chorloq, Qo‘rg‘on, Shovona va Qiyqim mahallalaridan o‘tgan soydan yiliga 36 million metr kub suv samarasiz oqib ketayotgani ma’lum qilindi.

Bu joylarda kichik suv ombori qurilsa, 2,5 ming gektar yerni o‘zlashtirish, yangi yerlarni intensiv sabzavotchilik uchun aholiga berib, 4 ming ishsizni band qilish va 600 ta oilani kambag‘allikdan chiqarish mumkin.

Bunday sel suv omborlarini Qashqadaryo, Namangan, Surxondaryo, Toshkent viloyati va Farg‘onadagi yana 9 ta tumanda barpo qilib, 50 ming gektarda suv ta’minotini yaxshilash imkoni bor. Shu munosabat bilan mutasaddilarga 10 ta sel suv ombori qurish ishlarini boshlash topshirildi.

Suv isrofini bartaraf etish uchun choralar

O‘zbekistonda 2025 yilda kanallarni betonlashtirishga 800 mlrd so‘m ajratiladi.

Prezident raisligida o‘tgan yig‘ilishda qayd qilinishicha, kanallarda yiliga 13 milliard metr kub suv yo‘qotilyapti. Bu Andijon, Navoiy, Namangan, Samarqand va Sirdaryoning bir yil ishlatadigan suviga teng.

Mas’ul idoralarga 66 ta magistral kanal loyihasi va ekspertizasini yakunlab, qurilish ishlarini tez fursatda boshlash, bunga arzon sement yetkazib berishni tashkil qilish topshirildi.

Umuman, hokimlar oldiga fermer va klasterlar bilan birgalikda 1 aprelgacha 15 ming kilometr ichki ariqlarni beton qoplamaga o‘tkazish vazifasi qo‘yildi.

Kanallarni betonlash hisobiga suv oqimi tezlashadi. Bu – kichik GESlar qurib, elektr olish uchun katta imkoniyat. Respublikada 2 mingta mana shunday mikroGES qurib, yiliga qo‘shimcha 600 million kilovatt-soat elektr olish mumkinligi ta’kidlandi.

Xorijdan pul o‘tkazmalari hajmi oshadi

2027 yilga borib O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari hajmi 20 mlrd dollarga yetishi mumkin.

Markaziy bankning asosiy ssenariy bo‘yicha kutilmalariga ko‘ra, joriy yilda O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari hajmi 25-30 foizga, 2025 yilda 9-11 foizga, 2026 yilda 9-12 foizga, 2027 yilda esa 10-15 foizga o‘sadi.

Keyingi yillarda Rossiya rubli kursining qadrsizlanishi o‘tkazmalar hajmi kamayishiga ta’sir qiluvchi asosiy xatar sifatida keltirilgan.

«Migratsiya oqimida davlatlar diversifikatsiyasining kuchayib borishi davom etadi. Bunda, yuqori daromadli davlatlar ulushi ortishi hisobiga ushbu davlatlardan pul o‘tkazmalari hajmi o‘sishi kutilmoqda», — deyiladi Markaziy bankning konseptual loyihasida.

Asosiy ssenariy bo‘yicha kutilmalarga ko‘ra, 2027 yilga borib pul o‘tkazmalarining umumiy miqdori 20 mlrd dollargacha yetishi mumkin.

2024 yilning 9 oyida O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari hajmi 11,3 mlrd dollarga yetib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 34,8 foizga oshgan.

Mavzuga oid