Netanyahu mudofaa vazirini bo‘shatdi: bu g‘alayonlarga sabab bo‘lmoqda
Siyosatchilar G‘azodagi urushning borishi borasida, shuningdek, ultraortodokslarni armiyaga chaqirish masalasida ziddiyatga borib qolishgan edi.
5 noyabr kuni Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu mamlakat mudofaa vaziri Yoav Gallantni iste’foga chiqardi. Bu qaror noroziliklar to‘lqinini keltirib chiqardi: Gallant hukmron koalitsiyaning ultrao‘ng millatchilarga qarshi tura oladigan mo‘’tadil qanoti yetakchisi hisoblanardi. Netanyahu mudofaa vaziri bilan anchadan buyon ziddiyatga borib yurgandi, uni ishdan bo‘shatish bilan Bibi o‘z hokimiyatini mustahkamladi, kamida eng yaqin istiqbol uchun. Isroil tarixidagi eng o‘ng bo‘lgan hukumat esa yanada o‘ngroq bo‘ldi.
Netanyahu avval ham Gallantni bo‘shatib ko‘rgan edi. Bu yuz berganiga ko‘p bo‘lgani yo‘q, 2023 yil boshida sodir bo‘lgandi. Lekin unda davr boshqa edi, Hamasning 7 oktyabrdagi hujumigacha ancha bor edi. O‘shanda Gallant Netanyahu hukumati tomonidan boshlab berilgan sud islohotiga qarshi chiqqandi. Yuz minglab odamlar har hafta Isroil shaharlarida bu islohotga qarshi namoyishlar o‘tkazib turgan, Gallant esa garchi Netanyahuning «Likud» partiyasi a’zosi bo‘lsa ham, ko‘pchilik uchun qahramon timsolida namoyon bo‘lgandi. Bosh vazir ko‘p o‘tmay o‘z qarorini bekor qildi va Gallant vazir lavozimida qoldi.
Endi bu voqea takrorlanmasa kerak. Gallantni bo‘shatish to‘g‘risidagi bayonotida Netanyahu shunday degan: «Harbiy holatda bosh vazir va mudofaa vaziri o‘rtasida to‘liq ishonch har qachongidan ham zarurroq. Agar kampaniyaning dastlabki oylari bizda bunday ishonch bo‘lgan va birgalik ko‘p narsalarga erishgan bo‘lsak, so‘nggi oylarda, afsuski, men va mudofaa vaziri o‘rtasidagi ishonchga putur yetdi».
Gallantning o‘zi ishdan bo‘shaganidan so‘ng Netanyahu bilan kelishmovchiligining uchta asosiy sababini sanadi. U Hamasning 7 oktyabrdagi hujumini surishtiruvchi davlat komissiyasi tuzishni talab qilgan. To‘g‘rirog‘i, armiya, maxsus xizmatlar va mamlakat siyosiy rahbariyatining 1200 ga yaqin isroillik o‘limiga va 250 dan ziyod fuqarolar garovga olinishiga sabab bo‘lgan xatolarini. Netanyahu esa bunday komissiya ayni damda mamlakat hukumati hamda harbiy rahbariyati ishiga xalal bermasligi uchun urushdan so‘ng tuzilishi kerak, deb turib olgan.
Ikkinchi kelishmovchilik urushning o‘zi bilan bog‘liq. Gallant Hamas tomonidan G‘azo sektorida garovda ushlab turilganlarning ozod etilishi evaziga sulh tuzishga tayyor edi. Netanyahu esa vositachilar (Qatar, Misr va AQSh) muzokaralarda taklif etgan shartlarni birin-ketin rad eta boshladi — bu garovdagilarni ozod qilish bilan birgalikda, urush olib borishning bosh maqsadlaridan biri edi. Gallant va isroillik boshqa siyosatchilar bu maqsadlar bir-biriga zid ekanini ko‘p takrorlab kelishgan.
Uchinchisi esa, aftidan, Netanyahu va Gallant o‘rtasidagi hal qiluvchi kelishmovchilik xaredim (ultraortodoksal yahudiylar)ni armiyaga chaqirish masalasi bo‘ldi. Turli baholashlarga ko‘ra, bunday chaqiruv Isroil aholisining 10-15 foizini qamrab oladi va ular shu paytgacha armiyada xizmat qilishdan ozod etilgan. Bu ozodlik hech qanday qonun bilan mustahkamlanmagan, shunchaki xaredimlarga an’anaviy yengillik hisoblanadi.
G‘azoda urush boshlangach, Gallant boshqa ko‘plab isroillik siyosatchilar kabi bu yengillikka nuqta qo‘yish kerak, degan bayonotlar bilan chiqish qildi. Jangovar qismlardagi muntazam rotatsiyani ta’minlash, davlatni himoya qilish yukini uning fuqarolari orasida teng taqsimlash uchun chaqiriluvchilar va zaxiradagilarning soni oshirilishi muhim, dedi u.
Bu yerda vaziyatning murakkabligi shundaki, xaredimni birinchi navbatda ShAS va «Yahudut hat Tora» kabi maxsus partiyalar himoya qiladi. Ular u qadar yirik partiyalar emas, Knessetdagi 120 ta o‘rindan 18 tasini egallashgan. Biroq ular 64 ta o‘ringa egalik qiluvchi hukmron koalitsiyaga a’zo. Xaredimlarning ketishi koalitsiya parchalanishini bildiradi, binobarin, Netanyahu hukumati ham tanazzulga yuz tutadi.
Netanyahu va uning «Likud» partiyasining mashhurligi hukumat boshlab bergan va yakunlay olmagan sud islohoti tufayli tushib ketdi, ayniqsa 7 oktyabrdan so‘ng. Bosh vazir va uning devonidagi ayrim a’zolarga nisbatan korrupsion ishlar bo‘yicha jinoiy ishlar yuritilmoqda, agar koalitsiya parchalanib, muddatdan avval saylovlar o‘tkaziladigan bo‘lsa, Netanyahu nafaqat hokimiyatdan, ozodlikdan ham mahrum bo‘ladi.
Bu holat kichik partiyalarga Netanyahuni shantaj qilish imkoniyatini yaratadi: agar u xaredimlarni armiyaga chaqirish bo‘yicha qonun loyihasini ishga tushirsa — ular koalitsiyani buzishadi.
Yetmaganiga, oktyabrda diniy partiyalarga mansub deputatlar ota ishlamaydigan va armiyada xizmat qilmaydigan oilalarga bolalar bog‘chasiga subsidiya ajratish bo‘yicha qonun loyihasini Knessetga kiritgan. Xaredimlarning ko‘pchiligi aynan shu vaziyatda: erkaklar ishlamaydi, Tavrot o‘rganish bilan band va armiyadan ozod.
Hukmron koalitsiyaga kiruvchi dunyoviy partiyalar (birinchi navbatda «Likud»)ning ko‘pchilik deputatlari koalitsion intizomga ters o‘laroq, urush chog‘ida armiyada xizmat qilishdan bosh tortgan odamlarga qo‘shimcha subsidiyalar taqdim etuvchi qonun loyihasiga ovoz berish niyati yo‘qligini ma’lum qilishgan. Qonun loyihasi ko‘rib chiqishdan olib tashlangan.
Gallant koalitsiyaning mo‘’tadil qanotining eng ko‘zga ko‘ringan vakili sanalardi. U qayta-qayta xaredimlarni xizmatga jalb qilish to‘g‘risida qonunni qabul qilishni talab qilgan. Bundan tashqari, u Netanyahu bot-bot takrorlab kelayotgan «Hamas ustidan to‘liq g‘alaba» — bema’nilik ekanini aytgan. G‘azo sektorida allaqachon Hamas hokimiyati yiqitilgan, barcha mahalliy rahbariyat va harakatning minglab a’zolari o‘ldirilgan, G‘azo vayron qilingan — bosh vazir yana qanday «to‘liq g‘alaba»ni xohlamoqda? Bu gaplarni Gallant asosan yopiq eshik ortida aytgan bo‘lsa ham, ular dam-badam matbuotga sizib chiqardi.
Ba’zan Gallant Netanyahuni oshkor bo‘lmagan tanqid qilish bilan mashg‘ul bo‘ldi. Ayniqsa, bosh vazir harbiy operatsiyadan so‘ng G‘azodagi siyosiy vaziyatni tartibga solish bo‘yicha biror reja taqdim etmagani borasida. Bunday rejasiz Isroil noma’lum vaqt mobaynida G‘azoni okkupatsiya qilish va uning aholisi uchun mas’uliyatni zimmasiga olishi kerak bo‘ladi. Bu esa nafaqat yangi yo‘qotishlar, shuningdek, katta xarajatlarga ham olib keladi va kelgusida Isroilning xalqaro nufuziga ham ziyon yetkazadi.
Gallantning iste’fosi Isroil hukumatidagi so‘nggi mo‘’tadil va ta’sir kuchiga ega ovoz yo‘q qilinganini anglatadi. Netanyahu koalitsiya ustidan nazoratini bir mushtga jamladi — faqat o‘ng tomon katta siljish evaziga.
Isroilning yangi mudofaa vaziri lavozimiga shu vaqtgacha tashqi ishlar vaziri bo‘lib kelgan Israel Kats tayinlandi. Gallant esa siyosat bilan shug‘ullanishdan avval harbiy karera qilgan: u G‘azo sektorida 2008-2009 yillarda o‘tkazilgan «Quyma qo‘rg‘oshin» operatsiya davrida Janubiy harbiy okrugni boshqargan. Katsga to‘xtaladigan bo‘lsak, uning harbiy tajribasi 1970-yillarda armiyada xizmat qilishi bilan bog‘liq. Lekin u Netanyahuning uzoq yillik do‘sti va «Likud»ning sodiq a’zosi.
Netanyahu Gallantni iste’foga chiqargan kunning ertasiga Knessetda hukmron koalitsiya rahbariyati «Likud»ning ikki deputati Yuliy Edelshteyn va Dan Iluzga nisbatan sanksiyalar e’lon qildi. Ular kolitsiyaning qonun loyihalariga qarshi chiqishgan (jumladan, xaredimlarning bolalariga bog‘cha uchun subsidiya ajratishga ham). Ularga qonun loyihalari kiritish va partiya nomidan chiqish qilish taqiqlandi. Bundan tashqari, Iluz Knessetning ikki — iqtisodiy masalalar hamda tashqi ishlar va mudofaa qo‘mitalaridan bo‘shatildi. Edelshteynni esa tashqi ishlar va mudofaa qo‘mitasi raisligidan bo‘shatmoqchi bo‘lishayotgani haqida taxminlar bor.
Bundan tashqari, Netanyahu o‘z koalitsiyasini kengaytarishga ham muvaffaq bo‘lgan: sentabrda unga Knessetda to‘rt o‘ringa ega «Yangi umid — o‘ng davlatchilar» partiyasi qo‘shilgan. Shunday qilib, koalitsiya 68 deputatgacha kattargan. Kats tashqi ishlar vaziridan mudofaa vaziriga aylangach, uning o‘rnini «O‘ng davlatchilar» yetakchisi Gideon Saar egalladi.
Mavzuga oid
10:30
Xalqaro sud qarori: Netanyaxu va Gallant hibsga olinsa nima bo‘ladi?
22:51 / 22.11.2024
Xalqaro jinoyat sudining orderi Isroilni nega qo‘rqityapti?
14:54 / 22.11.2024
Bayden XJSning Netanyahuni hibsga olishga order berishiga munosabat bildirdi
17:37 / 21.11.2024