Jahon | 10:45 / 09.11.2024
1614
2 daqiqa o‘qiladi

Livan: Isroilning UNIFIL va Livan armiyasi harbiylariga hujumlari urush jinoyatlari hisoblanadi

Livan Tashqi ishlar vazirligi yaqinda Sayda shahrida uch kishining halok bo‘lishiga va yetti kishining, jumladan, uch Livan askari va to‘rt UNIFIL askarining yaralanishiga sabab bo‘lgan hujumni qoraladi.

Foto: picture-alliance

Livan Tashqi ishlar vazirligi Isroilning Livan qurolli kuchlari harbiylari va tinch aholiga, shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Livandagi Muvaqqat tinchlikparvar kuchlariga (UNIFIL) qarshi davom etayotgan hujumlarini qoraladi.

Idoraning ta’kidlashicha, Isroilning bunday harakatlari urush jinoyati va xalqaro gumanitar huquqni ochiqdan ochiq buzish hisoblanadi.

Vazirlikning yozma bayonotida Sayda shahrida yaqinda sodir bo‘lgan, 3 kishining o‘limiga, 3 nafar Livan askari va 4 UNIFIL askarining yaralanishiga sabab bo‘lgan avtomobilga hujum qoralandi.

Xabar qilinishicha, hujum Sayda shimolida, Evelli harbiy nazorat punkti yaqinida sodir etilgan. Hujum oqibatida uch tinch fuqaro halok bo‘ldi, harbiylar va tinchlikparvar kuchlar yaralandi. Ushbu nazorat punkti orqali o‘tayotgan avtomobillarga ham zarar yetgan.

Bu Isroilning UNIFIL askarlariga birinchi hujumi emas. Isroil bundan oldin tinchlikparvar kuchlar pozitsiyalariga bir necha bor hujum qilgan va bu Livan va xalqaro hamjamiyat tomonidan qoralangan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid