Jahon | 14:14 / 12.11.2024
2721
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyaliklar XXRning Infinix smartfonlari bloklanganidan shikoyat qilmoqda

Xitoyning Infinix smartfonlari egalarining so‘zlariga ko‘ra, qurilmalar sayohat va xizmat safarlari davomida bloklangan.

Foto: Nikolas Kokovlis/NurPhoto/IMAGO

Xitoyda ishlab chiqarilgan Infinix smartfonlarining rossiyalik egalari ushbu qurilmalar xorijda bloklanganidan ommaviy ravishda shikoyat qila boshladilar, deb yozdi Mash Telegram-kanali 11 noyabr, dushanba kuni. «Jabrlanuvchilardan birining so‘zlariga ko‘ra, sayohat va xizmat safarlari paytida telefon keraksiz plastmassa bo‘lagiga aylangan — hamma narsa ishlashni to‘xtatgan, faqat »qurilmangiz bloklangan« degan xabar paydo bo‘lgan», deb tushuntiradi Mash.

Telefon bloklanganda uning ekranida «mahsulotni ruxsatsiz manbadan faollashtirish»ga urinish bildiruvchi xabar paydo bo‘ladi. Cheklovni olib tashlash uchun Rossiya sim-kartasidan 30 daqiqa yoki undan ko‘proq davom etadigan bir nechta qo‘ng‘iroqlarni amalga oshirish kerak, deb tushuntirdi ishlab chiqaruvchi.

2023 yil fevral oyida Rossiya, Hindiston, Italiya va Braziliyadan bo‘lgan qurilma egalari boshqa bir Xitoy smartfoni – Oppo OnePlus 11'dan qo‘ng‘iroqlar bloklangani haqida xabar berishdi. Xitoyda standart proshivka bilan sotib olingan va undan tashqarida faollashtirilgan telefonlarda qo‘ng‘iroq funksiyasi mavjud bo‘lmagan. Oppo'ning Rossiyadagi vakolatxonasi muammoga duch kelgan foydalanuvchilarga qurilmani sotib olgan joyga murojaat qilishni tavsiya etdi. O‘sha paytda OnePlus brendi Rossiyada taqdim etilmagan.

Rossiyada sotib olingan smartfonlarning deyarli 90 foizi - XXRdan

2024 yil may oyida TASS agentligi «Russkiy standart» banki tadqiqotiga tayanib, 2024 yilning birinchi choragida Rossiyada xarid qilingan smartfonlarning 88 foizi Xitoy brendlariga tegishli ekanligini ma’lum qilgan edi. Bir yil avval ularning ulushi 67 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2022 yilning birinchi choragida bu atigi 51 foizga teng edi.

Rossiyaliklar, o‘z navbatida, Amerika va Yevropadan qurilmalarni faqat 6 foiz hollarda sotib olishgan.

Mavzuga oid