Jahon | 08:08 / 14.11.2024
5940
4 daqiqa o‘qiladi

Borrel YeIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi

Bryusselda muloqotni to‘xtatib turish bo‘yicha berilgan taklifga mustaqil xalqaro tashkilotlarning Isroil tomonidan inson huquqlari va xalqaro gumanitar huquqning buzilishi haqidagi hisobotlari asos bo‘ldi.

Foto: Yevropa Ittifoqi

Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlarga Isroil bilan muntazam siyosiy muloqotni to‘xtatishni taklif qilmoqda. Bunga asos sifatida mustaqil xalqaro tashkilotlarning ilgari e’lon qilingan hisobotlarida Isroil inson huquqlari va xalqaro gumanitar qonunlarni buzayotgani ta’kidlangan, dedi Yevropa Ittifoqining Bryusseldagi vakillari 13 noyabr, chorshanba kuni kechqurun dpa'ga.

Agentlik, shuningdek, YeI bosh diplomatining og‘zaki e’lon qilgan tashabbusi YeIga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlarining 18 noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan navbatdagi yig‘ilishida muhokama qilinishini ma’lum qildi. Isroil bilan siyosiy muloqot 2000 yilda tuzilgan Assotsiatsiya shartnomasi deb ataladigan hujjat bilan tartibga solinadi. Unda boshqa narsalar qatori, tomonlar o‘rtasidagi munosabatlar inson huquqlari va demokratiya tamoyillariga hurmatga asoslanganligi belgilab qo‘yilgan.

ADL va IHT Isroilni G‘azodan chiqib ketishga chaqirdi

Arab davlatlari ligasi (ADL) va Islom hamkorlik tashkilotiga (IHT) a’zo davlatlar Isroilni G‘azo sektori, G‘arbiy sohil, Sharqiy Quddus va Jo‘lan tepaliklaridan chiqib ketishga chaqirdi. 11 noyabr kuni Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tgan sammit ishtirokchilari 1967 yil 4 iyunda belgilab olingan chegaralarni hurmat qilish muhimligini ta’kidlab, bunday harakat mintaqada «adolatli va keng qamrovli tinchlik» o‘rnatilishiga hissa qo‘shishini bildirdi.

Yakuniy deklaratsiya, shuningdek, Falastin hududlari – G‘azo sektori va G‘arbiy sohilni poytaxti Sharqiy Quddusda joylashgan yagona Falastin davlatiga birlashtirishga chaqiradi. Bundan tashqari, ADL va IHT davlatlari rahbarlari xalqaro hamjamiyatni Isroilga qurol-yarog‘ va o‘q-dorilar eksportini taqiqlashga chaqirdi.

Sammit Yaqin Sharqdagi vaziyatning yomonlashuvi fonida Ar-Riyod tomonidan tashkil etilgan. Arab davlatlari ligasi va Islom hamkorlik tashkilotiga ham Isroil davlatini tan oladigan, ham uning mintaqaviy integratsiyasini qat’iyan rad etuvchi davlatlar kiradi.

Yaqin Sharqda mojaroning kuchayishi

Yaqin Sharqdagi vaziyat 2023 yil 7 oktyabrda keskin yomonlashdi. Hamas harakati Isroilga qarshi keng ko‘lamli hujum uyushtirdi. Terrorchilar Isroilga yirik raketa hujumi uyushtirdi, uning hududiga bostirib kirdi, natijada 1200 ga yaqin kishi halok bo‘ldi. Shuningdek, jangchilar 250 ga yaqin odamni garovga olib, G‘azo sektoriga olib ketishgan. Keyinchalik garovga olinganlarning bir qismi almashtirildi yoki ozod qilindi, ba’zilari esa vafot etdi.

Isroil bunga javoban Hamasga qarshi urush e’lon qildi. G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, quruqlikdagi operatsiya va G‘azo sektorini bombardimon qilish natijasida 43 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘lgan. Falastinlik jangchilarni Livanning «Hizbulloh» harakati qo‘llab-quvvatlagan. «Hizbulloh» muntazam ravishda Livandan Isroilga qarata o‘t ochyapti. Isroil armiyasi Livan janubida unga qarshi harbiy operatsiya o‘tkazmoqda.

Mavzuga oid