Jahon | 21:33 / 18.11.2024
1647
2 daqiqa o‘qiladi

Finlandiya va Germaniya o‘rtasidagi suvosti telekommunikatsiya kabeli ishdan chiqdi

Finlandiya va Germaniya o‘rtasidagi 1,2 ming kilometrlik suvosti telekommunikatsiya kabeli ishdan chiqdi, deb xabar beradi CNN.

Foto: Adobe Stock

«Nosozlik 2024 yil 18 noyabrda Cinia C-Lion1 suvosti kabelida aniqlangan. Shu bois kabel xizmatlari ko‘rsatilmayapti. Nosozlik nima sababdan yuzaga kelgani aniqlanmoqda», — deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, mazkur holat Qo‘shma Shtatlar Rossiya harbiylarining muhim suvosti kabellari atrofida faolligi ortgani to‘g‘risida ogohlantirishidan bir necha hafta o‘tib sodir bo‘lmoqda. Vashingtondagilarning fikricha, Moskva «global aloqa infratuzilmasining muhim qismini ishdan chiqarishga qaratilgan potensial qo‘poruvchilik operatsiyalarini o‘tkazishi mumkin».

C-Lion1 — bu Boltiq dengizi tubi bo‘ylab Finlandiya va Germaniya o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri yotqizilgan birinchi kabeldir. Uni o‘tkazish ishlari 2015 yilda boshlangan va 2016 yil yanvarda yakunlangan edi. Kabel uzunligi qariyb 1,2 ming kilometrni tashkil etib, u Xelsinki va Rostok o‘rtasida ishlaydi. Bu Markaziy Yevropaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri borgan yagona fin suvosti kabeli hamdir.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning oktyabrida Finlandiya va Estoniya o‘rtasidagi Balticconnector suvosti gaz quvuriga shikast yetkazilgandi. Keyinroq nosozlikka Xitoyning Newnew Polar Bear yuk kemasi aloqador ekani aniqlangan. South China Morning Post o‘z manbalariga tayanib, Xitoy o‘ziga tegishli yuk kemasi gaz quvuriga tasodifan shikast yetkazganini tan olgani haqida yozgandi.

Mavzuga oid