O‘zbekiston | 21:05 / 19.11.2024
1388
5 daqiqa o‘qiladi

19 noyabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

Parlament oldidagi vakolatlarini topshirgan hukumat, qayta Senat raisi etib saylangan Tanzila Norboyeva, senatorlarga ishonch bildirgan prezident va partiyalarning ma’qullangan tashabbuslari — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Hukumat parlament oldidagi vakolatlarini topshirdi

Bosh vazir imzolagan qaror bilan, Vazirlar Mahkamasi yangi saylangan Oliy Majlis oldidagi vakolatlarini zimmasidan soqit qildi. Faoliyati to‘xtab qolmasligi uchun yangi tarkibdagi hukumat shakllantirilguniga qadar amaldagisi ishlashda davom etadi.

O‘zbekistonda 27 oktyabr kuni o‘tkazilgan parlament saylovlariga muvofiq, Oliy Majlis palatalari yangi tarkibda shakllantirildi.

Shu munosabat bilan, joriy yilning 19 noyabr kuni Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan amaldagi Hukumat yangi saylangan Oliy Majlis oldida vakolatlarini zimmasidan soqit qildi.

Bosh vazir matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoniga asosan, amaldagi Vazirlar Mahkamasi Hukumat faoliyatida uzviylik va uzluksizlikni ta’minlash maqsadida yangi tarkibdagi Vazirlar Mahkamasi shakllantirilguniga qadar o‘z faoliyatini davom ettirib turadi.

Tanzila Norboyeva yana Senat raisi

Oliy Majlis Senatining yangi chaqiriqdagi ilk majlisida Senat raisi va uning o‘rinbosarlarini saylash to‘g‘risidagi tashkiliy masala ko‘rib chiqildi.

Konstitutsiyaning 101-moddasiga muvofiq, prezident Shavkat Mirziyoyev Senat raisi lavozimiga senator Tanzila Norboyeva nomzodini taqdim etdi.

Tanzila Norboyeva davlat va jamoat boshqaruvida boy tajribaga ega ekani, o‘tgan davrda shu lavozimdagi samarali faoliyati natijasida mamlakatimizda xotin-qizlar, bolalar huquqlarini ta’minlash va ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vaziyat sezilarli yaxshilangani ta’kidlandi.

Shuningdek, Senat raisining birinchi o‘rinbosari lavozimiga senator Sodiq Safoyev, Senat raisining o‘rinbosari lavozimiga senator Amanbay Orinbayev nomzodlari tavsiya etildi.

Ko‘rsatilgan nomzodlar senatorlar tomonidan saylandi. Shavkat Mirziyoyev ularni tabriklab, kelgusi faoliyatiga yutuq va muvaffaqiyatlar tiladi.

Tanzila Norboyeva O‘zbekiston Senatining ilk ayol raisi hisoblanadi. U 2019 yil 21 iyunda bu lavozimni egallagan va 2020 yil yanvar oyida qayta saylangan edi.

Prezident senatorlarning faol bo‘lishiga ishonch bildirdi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19 noyabr kuni Oliy Majlis Senatining yangi chaqiriqdagi ilk yalpi majlisida ishtirok etdi. Davlat rahbari yuqori palata a’zosi etib saylanganlarni tabrikladi.

Mirziyoyevga ko‘ra, senatorlarning har 3 nafaridan biri ilmiy darajaga ega. Qariyb 27 foizi yoki 16 nafari – xotin-qizlar.

Bo‘lib o‘tgan saylovlar “mahalliy kengashlar faoliyatida ham yangi davrni boshlab bermoqda”, dedi prezident.

Mahalliy kengashlar tarkibi qariyb 60 foizga yangilanib, 3 mingdan ortiq o‘zbekistonlik ilk bor deputat bo‘lgan. Kengashlarda ayol deputatlar ulushi 32 foizga yetgan, 30 yoshgacha bo‘lgan deputatlar soni 3,5 karra oshgan.

Konstitutsiya yangilanishi bilan, Senat tarkibi ixchamlashib, uning a’zolari soni 100 nafardan 65 nafarga qisqardi. Ayni vaqtda senatorlarning vakolatlari va mas’uliyati bir necha barobar oshdi. Xususan, yuqori palataning parlament nazorati va bir qator muhim davlat organlarini shakllantirishdagi ishtiroki sezilarli ravishda kengaytirildi.

Prezident yangi saylangan senatorlarimiz endi jarayonlarda faol bo‘lishiga ishonch bildirdi.

Prezident partiyalarning jo‘yali takliflarini ma’qulladi

Prezident yangilangan parlament quyi palatasining ilk majlisida partiyalar saylov kampaniyasi davomida ilgari surgan va xalq qo‘llab-quvvatlagan har bir taklif albatta ko‘rib chiqilishi va amalga oshirilishini ta’kidlagan.

«Adolat» sotsial-demokratik partiyasining istirohat bog‘lari, sayilgoh, xiyobonlarni xususiylashtirishni taqiqlash bo‘yicha pozitsiyasi, dorilar ustidan nazoratni kuchaytirish, narxlar sun’iy oshishining oldini olish, retsepsiz dorilar ro‘yxatini qisqartirish bo‘yicha intilishlarini ma’qulladi.

O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining xususiy mulk daxlsizligini kuchaytirish, tadbirkorlik muhitini yaxshilash haqidagi takliflari qo‘llab-quvvatlandi.

«Milliy tiklanish» demokratik partiyasining maktablarda muallimlarni tanlov asosida ishga qabul qilish, bolalarga ona tili va chet tillarni o‘rgatish uchun yanada keng sharoitlar yaratishga oid takliflariga qo‘shildi.

Xalq-demokratik partiyasining nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun sharoitlarni yanada yaxshilash, aholining pensiyaga chiqishdagi kafolatli huquqlarini yanada mustahkamlash bo‘yicha tashabbuslarini qo‘llab-quvvatladi.

Ekologik partiyaning davlat organlari va korxonalar hududida yashil bog‘lar tashkil etish, ekologik madaniyatni yuksaltirish bo‘yicha dastur qabul qilish haqidagi takliflari qo‘llab-quvvatlandi.

Mavzuga oid