Otasining yoniga ko‘milgan qizaloqlar: opa-singil mast “poygachi”ning qurboni bo‘ldi
18 noyabr kuni Baxmal tumanida Cobalt piyodalar yo‘lagidan o‘tayotgan 4 va 13 yoshli opa-singilni urib ketdi. Qizaloqlar voqea joyidayoq jon berishdi. Guvohlarning aytishicha, haydovchi mast holda boshqa bir avtomobil bilan poyga o‘ynagan. Hodisa vaqtida uning tezligi soatiga 130 km chamasida bo‘lgani aytilmoqda. Qizaloqlarning otasi ham 4 yil muqaddam avtohalokatdan vafot etgan edi.
Holat 18 noyabr kuni soat 19:30 atrofida O‘smat shaharchasida, “G‘allaorol-Baxmal-Supa-Zomin” yo‘lining 29-kilometrida sodir bo‘lgan. Kun.uz muxbiri voqea joyida bo‘ldi.
Ma’lum bo‘lishicha, shu tumanda yashovchi 33 yoshli erkak Cobalt mashinasini O‘smat yo‘nalishi bo‘yicha boshqarib kelayotib, yo‘lning belgilangan joyidan kesib o‘tayotgan piyodalar – 4 va 13 yoshli qizlarni urib yuborgan hamda hodisa joyidan yashiringan. Opa-singil turli tan jarohatlari olib vafot etgan.
Internetda tarqalgan videoda qizlarning yonida yana bir bola bo‘lganini, u mashina yuqori tezlikda kelayotganini payqab, oldinga harakatlangan holda Cobalt urib ketishidan omon qolganini ko‘rish mumkin.
Kun.uz ayanchli YTH oqibatida dunyodan ko‘z yumganlarning xonadonida ham bo‘lib, marhumalarning yaqinlari va guvohlar bilan suhbatlashdi.
“Tog‘amning bolalari edi. Bular oilada uch farzand, eng kichigi qizaloq. Do‘konga bordik. Men ichkariga kirmay, tashqarida qoldim, qaytayotganda esa ularga yetolmay qoldim. Ikki singlim bilan ukam yo‘lning o‘rtasiga o‘tib ketishdi. Ukam mashinani ko‘rib qolib, qochishga ulgurgan.
Mashina o‘ta yuqori tezlikda kelayotgandi. Ko‘zimni ochib-yumgunimcha singillarimni mashina urib ketdi. Katta singlim ariqqa tushdi, kichigi do‘kon tomonga uchib ketdi. Katta singlimni ariq ichidan chiqarib olishga harakat qildim, kuchim yetmadi. Keyin kichkinasining oldiga bordim, u hali nafas olayotgandi”, deydi marhumalarning qarindoshi.
Marhumalarning xolasiga ko‘ra, YTHga mast holatdagi haydovchining yuqori tezlikda harakatlangani sabab bo‘lgan.
“Kuyovim 2020 yil shunday avtohalokatda vafot etgan. Ikki qizi, bir o‘g‘li qolgandi. Singlim endi mana to‘rt yil deganda ko‘nikib, bolalari uchun yashayotgandi, ularni peshona terisi bilan boqib kelayotgandi.
Xo‘jayiniga rosa qiynaldi, uni yo‘qotib, endi bolalariga ovinib yashab yurgandi. Mana endi bu voqea bo‘ldi. Yo‘lda 50 tezlikda yurish kerak bo‘lgan belgilar bor. Eshitishimizcha, soatiga 130 tezlikda haydab, Cobalt va Jiguli poyga o‘ynagan. Shu yerda qizlar “peshexod”dan o‘tayotgan bo‘lgan. Tezlikda kelib urib, yana to‘xtamay qochib ketgan. To‘xtab yordam qilganda o‘lmasmidi. Kichigi shifoxonaga olib borguncha tirik bo‘lgan. Shifoxonaga ham kech olib borishgan, bu yerda ko‘p qolib ketgan.
Daftar-ruchka sotib olish uchun do‘konga chiqishgan bo‘lgan. Singlim kuyib tamom bo‘ldi”, deydi marhumalarning xolasi.
Holat yuzasidan gumonlanuvchiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olingan. Dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Mavzuga oid
15:28 / 22.11.2024
Svetoforning qizil chirog‘ida harakatlangan Malibu piyodani urib yuborishiga oz qoldi
11:28 / 21.11.2024
Farg‘onada sodir bo‘lgan YTHda voyaga yetmagan qiz halok bo‘ldi
16:02 / 20.11.2024
Varshava ko‘chalaridagi o‘limlar 2 barobarga kamaytirildi: qanday qilib?
09:31 / 20.11.2024