Jahon | 20:56 / 21.11.2024
3311
2 daqiqa o‘qiladi

Putin Pxenyan hayvonot bog‘iga sher va ikkita ayiq sovg‘a qildi

Moskva hayvonot bog‘i KXDR poytaxtiga ayiq, qo‘tos va kakadu to‘tiqushlaridan iborat 70 dan ortiq hayvonni yubordi.

Foto: mnr.gov.ru

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Pxenyan hayvonot bog‘iga ayiq, qo‘tos va kakadu to‘tiqushlaridan iborat 70 dan ortiq hayvonni sovg‘a qildi. Bu haqda mamlakat Tabiiy resurslar va ekologiya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

«Bu Vladimir Putinning koreys xalqiga sovg‘asidir», — deyiladi xabarda.

Endi Shimoliy Koreya hayvonot bog‘ida Moskva hayvonot bog‘idan olib borilgan Afrika sheri, ikkita qo‘ng‘ir ayiq, ikkita qo‘tos, beshta oq kakadu, 25 ta tustovuq va 40 ta mandarinka o‘rdaklari yashaydi. Shuningdek, vazirlikning qayd etishicha, Rossiya tomoni Shimoliy Koreyaga sher, ayiqlar va qo‘toslarni birinchi marta sovg‘a qilmoqda.

Sovg‘ani RF Tabiiy resurslar va ekologiya vazirligi rahbari Aleksandr Kozlov topshirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya va KXDR hamkorligi nafaqat iqtisodiy, savdo va sanoat yo‘nalishida, balki tabiatni muhofaza qilish sohasida ham amalga oshirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, iyunda KXDR yetakchisi Kim Chen In Putinga pxunsan zotli ikkita ovchi itni sovg‘a qilgandi. Bu Rossiya prezidentining Shimoliy Koreyaga tashrifi davomida sodir bo‘lgan edi.

Avgust oxirlarida Rossiya prezidenti Vladimir Putin KXDR yetakchisi Kim Chen Inga 24 bosh Orlov yo‘rtoqilarini sovg‘a qilgani ma’lum bo‘lgandi. 19 bosh ayg‘ir va beshta baytal Vladimir viloyatida karantindan o‘tgan, keyin esa Primorskdagi «Xasan» temiryo‘l o‘tkazish punktiga olib kelingan.

Mavzuga oid