Fan-texnika | 21:37 / 22.11.2024
1352
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiya o‘zining birinchi kvant kompyuterini taqdim etdi

5 kubitli turk kvant kompyuteri allaqachon optimallashtirish, kriptografiya, molekulyar modellashtirish va sun’iy intellekt kabi sohalarda o‘z potensialini namoyish etib ulgurdi.

Foto: Anadolu Agency

Turkiya iqtisodiyot va texnologiya universiteti (TOBB ETÜ) 5 kubitli mamlakatdagi birinchi kvant kompyuterni taqdim etdi.

Kvant kompyuter — bu ma’lumotlarni qayta ishlashda kvant fizikasi qonunlaridan foydalanuvchi qurilma. Bitlar (0 va 1) bilan ishlovchi oddiy kompyuterlardan farqli ravishda kvant kompyuterlar kubitlardan foydalanadi. Bu unga murakkab masalalarni klassik kompyuterlardan sezilarli darajada tezroq yechish imkonini beradi. Xususan, an’anaviy kompyuterlar minglab yil sarflaydigan vazifalarni kvant kompyuter bir necha soniya ichida amalga oshiradi.

5 kubitli turk kvant kompyuterining tizimi hozircha dastlabki bosqichda, ammo allaqachon optimallashtirish, kriptografiya, molekulyar modellashtirish va sun’iy intellekt kabi sohalarda o‘z potensialini namoyish etib ulgurgan.

TOBB ETÜ universiteti o‘zlarining maqsadi — kvant texnologiyani real sektorga, jumladan, tibbiyot, energetika va moliya sohalariga joriy etish uchun sharoit yaratishdan iborat ekanini ma’lum qildi. Bunday ixtirolar davlat ilmiy dasturlari va xalqaro ekspertlar bilan hamkorlik yordamida amalga oshirilmoqda.

Oliy ta’lim maskani vakillarining so‘zlariga ko‘ra, 5 kubitli kvant kompyuter — bu birinchi qadam xolos. Yaqin yillarda texnologiyani rivojlantirish, kubitlar sonini oshirish va kvant hisoblash imkoniyatlarini kengaytirish reja qilingan.

«Ma’lumki, kvant kompyuter mamlakat iqtisodiyotida juda muhim. Masalan, undan yadroviy reaksiyalarni aniq modellashtirish, hisoblarni tez amalga oshirish, reaktorlar ishini optimallashtirish va yangi materiallarni ishlab chiqish orqali atom energetikasida foydalanish mumkin, bu esa sohaning samaradorligi hamda xavfsizligini oshiradi», — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 2023 yilda Amerikaning Google korporatsiyasi o‘ta kuchli kvant kompyuterini yaratishga muvaffaq bo‘lganini e’lon qilgandi – u superkompyuter 47 yil sarflaydigan masalaning yechimini bir necha soniya ichida topadi.

Mavzuga oid