«PostRossiya davlatlari forumi» RFda terroristik deb tan olindi
Rossiya Federatsiyasi Oliy sudi Ilya Ponomarev tomonidan tuzilgan ayirmachilik kayfiyatidagi «PostRossiyaning erkin davlatlari forumi»ni terrorchi tashkilot deb tan oldi. U Rossiyani 41 ta kichik davlatga bo‘linish tarafdori.
Rossiya Oliy sudi muxolifatchi Ilya Ponomarevning separatistik kayfiyatdagi «PostRossiya erkin davlatlari forumi»ni Rossiya Federatsiyasi bosh prokurori talabiga binoan terrorchi tashkilot deb tan oldi. Bu haqda 22 noyabr, juma kuni Bosh prokuratura saytida e’lon qilingan xabarda aytiladi.
Rossiya xavfsizlik tuzilmalari rasmiylariga ko‘ra, «PostRossiyaning erkin davlatlari forumi» «milliy va mintaqaviy yo‘nalishlar bo‘yicha tashkil etilgan» 172 tarkibiy bo‘linmadan iborat.
Forum veb-saytida uning maqsadi «Rossiya Federatsiyasi deb ataladigan hududni dekolonizatsiya qilish», «Moskoviya okkupatsiyasi va mustamlakasidan ozod qilish» va «yangi geosiyosiy sub’yektlarni yaratish, shuningdek, keyinchalik postrossiya makonining kelajakdagi mustaqil davlatlarini rekonstruksiya qilish» deb ko‘rsatilgan. Rossiya o‘rniga «Erkin davlatlar forumi» 41 ta mustaqil davlatni yaratishni taklif qiladi, jumladan: «Sibir Qo‘shma Shtatlari», «Smalandiya», «Kumikiya», «Kolandiya» va boshqalar.
2024 yil mart oyida «PostRossiya erkin davlatlari forumi»Rossiyada nomaqbul tashkilot sifatida tan olingan.
Ilya Ponomarev Rossiyada sirtdan 10 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi
Davlat dumasining sobiq deputati Ilya Ponomarev harbiy «feyklar» tarqatish va «terrorizmni oqlash» aybi bilan sirtdan 10 yilga ozodlikdan mahrum etildi. 11 sentabr kuni TASS agentligining xabar berishicha, Ponomarevga 2-g‘arbiy okrug harbiy sudi tomonidan hukm chiqarildi.
Prokuror Ponomarevni 14 yilga ozodlikdan mahrum qilishni talab etdi. Siyosatchi «Ozod Rossiya» forumlarining ikkita translatsiyasi, shuningdek, «Nastoyashcheye vremya» telekanaliga bergan intervyusi tufayli harbiy «feyk»larni tarqatishda ayblangan, deb eslatadi «Mediazona».
Tergov Ilya Ponomarevning «Rossiyada rejimga uyushgan qarshilik ko‘rsatish zarur» degan bayonotini «terrorizmni oqlash» deb baholadi. Ponomarev, xususan, «harbiy komissariatlar va Z belgisi bo‘lgan avtomashinalarga o‘t qo‘yishga qaratilgan to‘g‘ri tadbirlarni amalga oshirayotgan turli shaxslar» haqida gapirgan, deb yozadi «Mediazona».
Ilya Ponomarev 2022 yil avgustida Rossiya sudi tomonidan sirtdan hibsga olingan va keyinchalik xalqaro qidiruvga berilgan edi. Siyosatchi 2014 yilning yozida Rossiyani tark etgan. 2015 yilda u Ukrainaga ko‘chib o‘tdi va u yerda Ukraina fuqaroligini oldi.
Mavzuga oid
18:44
Yevropa yangi energetika inqiroziga duch kelmoqda - OAV
15:56
Rossiya kompaniyasi O‘zbekiston fuqarolarini qurilish sohasida ishga olmoqchi
14:18
Rossiya o‘zbekistonliklarni sendvich-panellar ishlab chiqarish sohasida ishga olmoqchi
09:59