Jahon | 21:05 / 25.11.2024
3659
2 daqiqa o‘qiladi

Qizil dengizda ichida turistlar bo‘lgan kema cho‘kib ketdi

Misr Harbiy-dengiz kuchlariga qarashli harbiy kema va harbiy aviatsiya bedarak yo‘qolgan 17 kishini qidirish ishlariga jalb etilgan.

Foto: Red Sea Governorate

Misr hukumati Qizil dengizda ichida 31 nafar turist bo‘lgan kema cho‘kib ketganini ma’lum qildi, deb xabar beradi BBC.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 25 noyabr kuni soat 05:30 da Sea Story kemasidan ofat signali kelib tushgan. Ushbu kema 24 noyabr kuni Marsa Alam shahri yaqinidagi portdan besh kunlik dayving-tur uchun chiqib ketgan — uning bortida 31 nafar turist va 14 nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan.

Qizil dengiz provinsiyasi gubernatori Amr Hanafiyning ta’kidlashicha, omon qolganlarga tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda. Shuningdek, uning qo‘shimcha qilishicha, Misr Harbiy-dengiz kuchlariga qarashli harbiy kema va harbiy aviatsiya bedarak yo‘qolganlarni qidirishga jalb etilgan.

Marsa Alam mahalliy kengashiga ko‘ra, Sea Story ekipajining barcha a’zolari — mirsliklardir, turistlar orasida Buyuk Britaniya, Ispaniya, Germaniya, AQSh, Slovakiya, Shveytsariya, Belgiya, Polsha, Norvegiya, Irlandiya, Finlandiya va Xitoy fuqarolari bo‘lgan.

Marsa Alam — Qizil dengizning janubiy sohilida joylashgan turistlar orasida mashhur bo‘lgan joy. U o‘zining marjon riflari bilan tanilgan bo‘lib, g‘avvoslar muntazam tashrif buyuradigan maskan hisoblanadi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Sea Story kemasi 2022 yilda foydalanishga topshirilgan bo‘lib, uning uzunligi 44 metrni tashkil etadi. Kemaning to‘rtta palubasi va 18 ta kayutasi mavjud va u bir vaqtda 36 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsata oladi.

Mavzuga oid