Jahon | 17:49
7082
3 daqiqa o‘qiladi

Kiyevdagi qaror qabul qilish markazlari «Oreshnik»ning navbatdagi nishoni bo‘lishi mumkin - Putin

U «Rossiya NATO davlatlari birgalikda ishlab chiqarayotgan raketalardan 10 marta ko‘proq qurol ishlab chiqarayotgani», «Ukrainaga olib kelinadigan hech qanday zamonaviy qurol jang maydonidagi vaziyatni o‘zgartirolmasligi»ni ta’kidlagan. «Barcha narsani kulga aylantiradi. Uni guruhli tarzda otishda raketa kuchi yadroviy qurol kabi ta’sirga ega bo‘ladi», degan RF prezidenti «Oreshnik» raketasi haqida.

Foto: Gavriil Grigorov / Sputnik / RIA Novosti / Profimedia

28 noyabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ostonada bo‘lib o‘tgan KXShT sammitida nutq so‘zlab, Ukraina bilan urushda so‘nggi vaqtlarda yuzaga kelgan keskinlikka to‘xtalib o‘tdi. U Ukraina qurolli kuchlari AQShdan olingan ATACMS raketalari bilan zarba berishni to‘xtatmayotganini tasdiqlab, buning uchun Rossiya tomonidan har doim javob bo‘lishini ta’kidladi.

«Oxirgi ikki kunda Rossiya Ukraina tomonga 100 ta raketa va 466 ta zarbdor dronlarni uchirdi. 17 ta nishon – harbiy va mudofaa obektlari yo‘q qilindi. Biz Ukrainaga g‘arbdan qancha qurol yetkazilgani va yana qancha reja qilinganini bilamiz», — degan Putin.

Putin hamkasblariga AQShning ATACMS raketa tizimi ruslarning «Iskander» raketasi xarakteristikasiga mos tushishi, Buyuk Britaniyaning Storm Shadow, Fransiyaning SCALP va nemislarning TAURUS raketalari esa Rossiyaning X-101 raketasi analogi ekanini aytdi.

Bundan tashqari, u Kiyev rasmiy shaxslari «xo‘jayinlaridan boshqa qurollarni tilanishi» bilan birga ruslarda «Kalibr», «Kinjal» va «Tsirkon» raketalari mavjudligini unutmaslikni so‘ragan. «Xarakteristikasi bo‘yicha ularning dunyoda muqobili yo‘q», degan Putin.

«Rossiyada raketalarni ishlab chiqarish to‘liq tarkibda davom etmoqda. Biz butun NATO birgalikda ishlab chiqarayotgan [raketalari] dan ko‘ra 10 marta ko‘proq ishlab chiqaryapmiz. Kelasi yilda bu miqdor yana 25-30 foizga o‘sadi, ushbu klassdagi yangi qurollar ham paydo bo‘lishi mumkin. Bundan «mijoz» xursand bo‘ladi», — degan Putin.

Shuningdek, Putin g‘arb qurollari bilan hujumga javoban Ukraina bo‘ylab «Oreshnik» raketasini otishda davom etishini bildirdi.

«Bizga G‘arb davlatlarida ishlab chiqarilgan uzoq masofali raketalar bilan zarbalar berishda davom ettirilsa, biz «Oreshnik» raketasini jangovar holatda sinashda davom etamiz. Xuddi 21 noyabrda sinab ko‘rganimiz kabi...

Hozirgi kunda Mudofaa vazirligi va Bosh shtab Ukrainadagi nishonlarni saralamoqda. Bular harbiy obektlar, katta sanoat korxonalari yoki Kiyevdagi «qaror qabul qilish markazlari» bo‘lishi mumkin.

«Oreshnik»ni seriyali tarzda ishlab chiqarish boshlangan. Bu raketa chuqurlikda joylashgan, yuqori himoyaga ega obektlarni ham yo‘q qilishga qodir. Barcha narsani kulga aylantiradi. Uni guruhli tarzda otishda raketa kuchi yadro qurol qo‘llash kabi ta’sirga ega bo‘ladi. Ukrainaga olib kelinadigan hech qanday zamonaviy qurol jang maydonidagi vaziyatni o‘zgartirmaydi» — degan Putin Ostonada davom etayotgan KXShT sammitida. 

Mavzuga oid