Jahon | 12:17
5280
3 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi bo‘limida xodimlar uchun namozxona ochildi

Bosh xavfsizlik idorasining Bishkekda ochilgan bo‘limiga tashrif buyurgan Qamchibek Tashiyev xodimlarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. U xavfsizlik xodimlarini mamlakat kelajagi uchun ishlashga chaqirdi. «Qonunni buzmang va har qanday muammo bo‘lsa o‘zimga murojaat qiling», degan Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi.

Foto: Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi

Shu yilning 28 noyabr kuni Bishkek shahridagi Sverdlovsk va 1 may tumanlarida Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi bo‘limining yangi binosi ochildi. Bu haqda AKIpress nashri xabar bermoqda. Ochilish marosimida Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyev qatnashib, xodimlarini bugunning o‘zi bilan yoki bitta operatsiya uchun emas, balki mamlakat kelajagi uchun ishlashga chaqirdi.

«Agar o‘z manfaatingizni birinchi o‘ringa qo‘yib, davlat manfaatlarini bir chetga surib qo‘ysangiz, har qanday holatda ham hammasi oydinlashadi. Orangizda 2-3 ta shunday xodim bor. Yarim yil oldin men «6-bo‘lim» bilan ishlaganimda, sizning harakatlaringiz bo‘yicha tergov o‘tkazishni buyurdim. Tez orada bularning barchasi ma’lum bo‘ladi. Men hech narsani sezmayapti, deb o‘ylamang. Men hamma narsani bilaman. Agar sizlardan birortangiz mening ko‘rsatmalarim bo‘yicha ishlab yurib, pora olishga urinsa, javobgarlikka tortiladi va hibsga olinasiz. Keyinroq bo‘lsa ham qonunga xilof xatti-harakatlardan xabardor bo‘laman va siz jazolanasiz», — deya Tashiyevning so‘zlarini keltirmoqda nashr.

MXDQ raisi Qamchibek Tashiyev bo‘limning yangi binosida xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar, dam olish xonalari, oshxona hamda namozxonalarni ko‘zdan kechirdi.

Shuningdek, Tashiyev xavfsizlik xodimlariga bir-birini tartibga, qonuniylikka chaqirib, yaxshilanishga yordam berishi, agar hamkasbi tuzalmasa, qonun doirasida jazolanishini va xizmatni tark etishini maslahat berdi.

«Agar qiyin kunlarni boshdan kechirayotgan bo‘lsangiz, rahbarlaringizga murojaat qiling. Mening eshiklarim siz uchun doim ochiq – farrosh ayoldan tortib, o‘rinbosarlarimgacha. Rahbaringizga xabar bering va muammolaringiz bilan mening oldimga keling. Men sizga yordam berishga harakat qilaman. Shu bilan birga, qonunni buzmanglar», — dedi u xodimlarga.

 

Mavzuga oid