Jahon | 13:50 / 01.12.2024
28108
8 daqiqa o‘qiladi

Suriyadagi isyon: hukumat qo‘shini Halabdan chekindi, Rossiya aviatsiyasi shaharni bombalamoqda

Suriya armiyasi o‘z nazoratidagi hududlarning bir qismini egallab olgan va mamlakatdagi ikkinchi yirik shahar bo‘lmish Halabning asosiy qismini nazorat qilayotgan isyonchilar bilan to‘qnashuvlarda jiddiy yo‘qotishlarga uchrayotganini tan oldi.

Foto: EPA

Siriya armiyasi shanba kuni isyonchilar yurishi boshlanganidan buyon bergan ilk rasmiy bayonotida suriyalik o‘nlab harbiylar mamlakat shimoli-g‘arbidagi to‘qnashuvlarda halok bo‘lgani aytiladi.

Manbalarga ko‘ra, muxolifatchi kuchlar bosqini shu qadar katta bo‘lganki, hukumat armiyasi ayrim joylarda hech qanday qarshilik ko‘rsatmasdan va ko‘plab harbiy texnikalarini qoldirgan holda qochishga majbur bo‘lgan.

«Terrorchilar soni ko‘pligi va front kengligi qurolli kuchlarimizni hujumni qaytarish, tinch aholi va harbiylar hayotini saqlab qolish hamda qarshi hujumga tayyorgarlik ko‘rish uchun mudofaa chizig‘ini mustahkamlashga qaratilgan qayta joylashtirish amaliyoti o‘tkazishga undadi», — deyilgan armiya qo‘mondonligi bayonotida.

Qarorgohi Britaniyada bo‘lgan Suriyadagi inson huquqlariga rioya etilishini monitoring qilish markazi (SOHR) ma’lumotiga ko‘ra, chorshanba kuni isyonchilar yurishi boshlanganidan buyon 300 dan ortiq kishi halok bo‘lgan, shundan 20 nafari tinch aholi vakillaridir.

Isyonchilar shanba kuni Halab markaziga yetib keldi

Rossiya aviatsiyasi 2016 yildan buyon ilk bor Bashar Asad kuchlarini havodan qo‘llab-quvvatlashiga to‘g‘ri kelmoqda. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, jumadan shanbaga o‘tar kechasi Halabning ayrim hududlari to‘xtovsiz o‘qqa tutilgan.

Rossiya hukumati zarbalar oqibatida Asadning muxolifatchilari bo‘lgan 300 dan ortiq qurolli kishi yo‘q qilinganini iddao qilgan, ammo bu ma’lumot boshqa mustaqil manba orqali tasdiqlanmagan. Qayd etish kerakki, Ukrainadagi urush davomida rossiyalik harbiylar bergan bayonotlarning aksari keyinroq haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi ma’lum bo‘ldi.

SOHR ma’lumotiga ko‘ra, isyonchilar allaqachon Halab aeroportini hamda atrofdagi o‘nlab shahar va qishloqlarni egallagan.

Shuningdek, Suriyadan isyonchilar navbatdagi yirik shahar Hama tomon yurish qilayotgani haqida xabarlar kelmoqda. Ushbu shahar avvaldan isyonchilar nazoratida qolayotgan Idlib viloyatidan janubda joylashgan.

Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, Hama markazidan 20 kilometr masofada shiddatli janglar bo‘lib o‘tmoqda. Internetda Suriya hukumati qo‘shinlari kolonnasi Hamani shoshilinch tarzda tark etib, Homs shahri tomon ketayotgani aytilgan kadrlar paydo bo‘ldi (lekin bu video haqiqiyligi hozircha tasdiqlanmagan).

Asadning ilk reaksiyasi

Shanba kuni kechqurun Bashar Asad ilk bor bo‘layotgan voqealarga munosabat bildirdi. U kameralar qarshisida ko‘rinish bermadi (Suriya prezidenti qayerdaligi bo‘yicha ishonchli ma’lumot yo‘q), ammo uning ofisi quyidagi bayonotni tarqatgan.

«Suriya barcha terrorchilar va ularni qo‘llab-quvvatlovchilar qarshisida o‘z barqarorligi va hududiy yaxlitligini himoya qilishda davom etmoqda, — degan Asad Birlashgan Arab Amirliklari rahbariyati bilan telefon orqali so‘zlashuvda. — U o‘z do‘stlari va ittifoqchilari yordamida, terrorchilarning hujumlari qanchalik faol bo‘lishidan qat’i nazar, ularni mag‘lub etish va yakson qilishga qodir».

SOHR ma’lumotiga ko‘ra, isyonchilar Halabdagi katta hududlarni hech qanday qarshilikka uchramasdan egallab olgan. Tashkilot vakili BBC bilan suhbatda shahar kengashi binosi, politsiya uchastkalari va maxsus xizmatlar ofislari bo‘shab qolganini aytgan.

«Bunaqasi oldin hech qachon kuzatilmagandi», — degan SOHR vakili.

Bu isyonchilar 2016 yildan buyon Suriyadagi hujumga ilk bor hujum qilishi bo‘ldi. To‘rt yil davom etgan fuqarolik urushidan keyin, 2020 yilda ular Asad armiyasi kuchlari tomonidan hukumat qo‘shinlari nazoratidagi hududlardan uloqtirib tashlangandi.

Shundan buyon isyonchilar Idlibda, Halabdan uzoq bo‘lmagan hududlarda hamda shahar shimolida, Turkiya bilan chegara hududida mustahkam o‘rnashib olgandi.

Yakunlanayotgan haftaning chorshanba kuni «Hay’at Tahrir ash-Shom» guruhi boshchiligidagi muxolifat kuchlari Halab tomon yura boshladi va juma kuni shaharga yetib keldi.

Rossiyaning ishtiroki

«Xon al-Asal» fraksiyasi jangchilari — Suriya muxolifati tarkibida yurish qilayotgan qurolli otryadlardan biri

Mamlakatning muxolifatchilar nazoratida bo‘lgan hududlarida harakatlanuvchi qutqaruv xizmati bo‘lmish Suriya fuqarolik mudofaasi X platformasidagi (sobiq tvitter) sahifasida Suriya va Rossiya aviatsiyasi Idlibdagi turar joy kvartallari, yonilg‘i quyish stansiyalari va maktabga aviazarbalar yo‘llagani haqida xabar berdi.

Qutqaruvchilar ma’lumotiga ko‘ra, bombalash oqibatida to‘rt kishi halok bo‘lib, olti kishi yaralangan.

2015 yilda fuqarolik urushida Bashar Asadni qo‘llab-quvvatlash uchun Suriyaga o‘z harbiy-havo kuchlarini yuborgan Rossiya hozirda Damashqqa qo‘shimcha harbiy yordam va’da qilmoqda, suriyalik harbiylar orasidagi manbalarga ko‘ra, bu yordam yaqin 72 soat ichida kela boshlashi kutilmoqda.

Bundan oldinroq Kreml matbuot xizmati rahbari Dmitriy Peskov Moskva isyonchilar hujumini Suriya suvereniteti buzilishi o‘laroq baholashini aytgandi.

«Biz Suriya hukumati o‘z mamlakatida tartib o‘rnatishi va imkon qadar tez fursatda konstitutsiyaviy tartibni tiklashi tarafdorimiz», — degan u.

Isyonchilar nega hujum boshladi?

Isyonchilar Suriyada Eron ta’siridagi guruhlar miqdori keskin qisqargani tufayli o‘z yo‘lida jiddiy qarshilikka duch kelmayotganini aytmoqda. Foto: Getty Images

Hafta davomida isyonchi brigadalardan biri «Jaysh al-Izza» qo‘mondoni Mustafo Abdul Jobir ular armiya nazoratidagi hududlarda tezlik bilan ilgarilashi Halab viloyatida Eron ta’siridagi kuchlar yetishmovchiligi tufayli ro‘y berganini aytgandi.

G‘azodagi mojaro Yaqin Sharqning boshqa qismlariga ham yoyilgach, Eronning mintaqadagi ittifoqchilari Isroil zarbalari oqibatida jiddiy yo‘qotishlarga uchragandi.

Muxolifat jangchilari ularning hujumi undan avvalroq Suriya va Rossiya aviatsiyasi isyonchi kuchlarning joylashuv manzillari, birinchi navbatda Idlib viloyatiga zarbalar yo‘llashiga javoban amalga oshirilganini ma’lum qilgan.

Bundan tashqari, muxolifat orasidagi Turkiya razvedkasi bilan aloqada bo‘lgan manbalarga ko‘ra, bu harakat Suriya armiyasi quruqlik orqali yurish boshlashining oldini olishga qaratilgan.

Reuters agentligi Suriya muxolifatidagi manbaga tayanib, yurish uchun yashil chiroq go‘yoki isyonchilar harakatini qo‘llovchi Turkiya tomonidan berilganini xabar qilgan.

Turkiya hukumati bu borada izoh bermadi. Bir kun oldinroq mamlakat tashqi ishlar vazirligi isyonchilar va hukumat kuchlari o‘rtasida Suriya shimoli-g‘arbida boshlangan to‘qnashuv Turkiya qochishga urinib kelgan eskalatsiyaga olib kelishini bildirgandi.

Kun.uz'ning navbatdagi videosharhida mana shu haqda so‘z boradi. Videoni YouTube-kanalimizda tomosha qiling.

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov

Mavzuga oid