Jahon | 11:02 / 03.12.2024
3286
3 daqiqa o‘qiladi

Germaniya kansleri Ukrainani NATOga qabul qilish bo‘yicha o‘z pozitsiyasini o‘zgartirmadi

Olaf Shols Ukrainani tezda NATOga qabul qilish va Kiyevga Germaniyaning uzoq masofali TAURUS raketalarini yetkazib berish mumkin, deb hisoblamaydi.

Foto: Ukraina prezidenti ofisi

Germaniya kansleri Olaf Shols Kiyevga tashrifi chog‘ida Ukrainani NATOga tezda qabul qilish imkoniyati haqidagi savolga aniq javob bermadi. Shimoliy Atlantika alyansi allaqachon bu borada qaror qabul qilgan, dedi 2 dekabr, dushanba kuni Shols Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan qo‘shma matbuot anjumanida. Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lish yo‘li tashkilotning Vilnyus va Vashingtondagi sammitlarida tasvirlangan va shuning uchun yangi qarorlar qabul qilishga hojat yo‘q, dedi Germaniya hukumati rahbari. Ayni paytda, 2023 va 2024 yillarda Vilnyus va Vashingtonda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishlarda, qo‘shilish uchun aniq muddat ko‘rsatilmagan holda, Ukraina oxir-oqibat NATOga a’zo bo‘lishi kerakligi tasdiqlandi.

Germaniya kansleri Ukrainaga TAURUS uzoq masofali qanotli raketalarni yetkazib berish masalasi bo‘yicha o‘z pozitsiyasini o‘zgartirmadi. Uning ta’kidlashicha, Germaniya Kiyevga qurol yetkazib bergan va yetkazib beradi. Xususan, yangi harbiy yordam paketiga ikkita IRIS-T havo mudofaa tizimi, o‘nta Leopard 1A5 tanki, 60 ta M84 va M80 piyoda jangovar mashinalari va zirhli jangovar mashinalari, 6000 ta boshqarilmaydigan va 500 ta boshqariladigan raketalar kiradi.

Biroq, Shols ta’kidlashicha, ba’zi qurol tizimlari uchun Berlin ularni yetkazib berishning to‘g‘riligiga alohida baho beradi. Uning ta’kidlashicha, bu nishonga olish masofasi bilan ham, nishonga olishni nazorat qilish zarurati bilan ham bog‘liq.

Shols va Zelenskiy Ukraina havo mudofaasini muhokama qildi

Germaniya kansleri Olaf Shols va Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy telefon orqali suhbatda Ukraina havo mudofaasini kuchaytirishni muhokama qildi. Suhbat haqida 29 noyabr kuni Germaniya hukumati matbuot kotibi Shteffen Hebeshtrayt ma’lum qildi.

Zelenskiy, o‘z navbatida, Telegramʼda Sholsga «Ukrainaga havo mudofaasi tizimlarida yordam berishdagi yetakchiligi» uchun minnatdorchilik bildirganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, «juda samarali» Patriot zenit-raketa tizimlari hamda qisqa va o‘rta masofali IRIS-T raketalari allaqachon minglab odamlarning hayotini saqlab qoldi.

«Men kanslerga Ukrainani qo‘llab-quvvatlashga tayyorligi, xususan, bizni Rossiya agressiyasidan himoya qilishdagi harakatlari uchun minnatdorman», — dedi Ukraina rahbari.

«Rossiyaga bosim kuchayishi va Ukraina pozitsiyalari mustahkamlanishi muhim, chunki bu Rossiyani haqiqiy tinchlikka majbur qiladi», — deya fikr bildirdi Zelenskiy.

Shols «Ukraina bilan qat’iy birdamligini» tasdiqladi va Germaniya Yevropa hamda xalqaro hamkorlar bilan Kiyevga harbiy yordam ko‘rsatishda davom etishiga ishontirdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid