Ukrain harbiylariga Trampning inauguratsiyasigacha Kursk oblastidagi pozitsiyalarni ushlab turish buyurilgan
Hududda jang qilayotgan ukrain harbiylari tushkun kayfiyatda, ayrimlari esa g‘azabda. Ular begona yurtni okkupatsiya qilish emas, Ukraina sharqini himoya qilish foydaliroq bo‘lardi deb hisoblaydi.
Ukraina qurolli kuchlariga Rossiyaning Kursk oblastida egallangan hududlarni Donald Trampning 2025 yil 20 yanvar kuni bo‘lib o‘tadigan inauguratsiyasiga qadar ushlab turish buyurilgan. Bu haqda BBC News nashri 2 dekabr kuni RF hududida bo‘lib turgan bir necha ukrain harbiylarining xabarlariga asoslangan holda xabar bergan.
BBC sharhlovchilari Pol Adams va Anastasiya Levchenko Kursk oblastidagi ukrain harbiylari bu amaliyot haqida nimalar o‘ylayotganini hikoya qildi.
BBC News telegram orqali Kursk oblastidagi janglarda ishtirok etayotgan bir necha ukrain harbiylari bilan gaplashgan. Askarlar yuborgan xabarlar dahshatli manzarani aks ettiradi: ular to‘rt oy muqaddam boshlangan bu jang maqsadi nimaligini tushunmayapti va bu jang baribir boy berilishidan xavfsirashmoqda.
Ular noqulay ob-havo sharoiti, rossiyaliklar tinimsiz bomba tashlashi, jumladan, 3000 kilogrammlik aniq yo‘naltiriluvchi bombalari tufayli surunkali uyqusizlikdan shikoyat qilishgan.
Shu bilan birga, ular chekinmoqda: rossiyaliklar muntazam ravishda hududlarini qaytarib olmoqda.
«Bu tendensiya davom etadi, — deya yozgan Pavlo 26 noyabr kuni. — Bu shunchaki vaqt masalasi».
Pavlo dahshatli charchoq, rotatsiya yo‘qligi va ularga asosan yoshi o‘tib qolgan askarlardan iborat qo‘shimcha kuchlar yuborilayotgani, ta’tilsiz jang qilayotgan bu qismlar ham frontning boshqa uchastkalaridan olib tashlanayotgani haqida hikoya qiladi.
Askarning komandirlarga, ularning buyruqlari yuzasidan, qurol yetishmovchiligi tufayli qiladigan shikoyatlari — oddiy holat. Askarlar qiyin pallalarda doim shikoyat qilishadi. Dushman bosim qilmoqda, qish kirib keldi — askardan optimistik so‘zlar eshitish g‘alati bo‘lgan bo‘lardi.
Ammo nashrga yuborilgan matnli xabarlar deyarli to‘liq g‘amgin bo‘lib, ukrainalik askarlarda motivatsiya bilan bog‘liq muammolar borligini ko‘rsatadi.
Ayrimlar Kursk oblastidagi amaliyot aslida Rossiya qo‘shinlarini sharqiy frontdan chalg‘itishga qaratilgan birinchi galdagi maqsadga erishganiga shubha qiladi.
Endilikda, ularning aytishicha, Rossiya hududining bu parchasini yanvar oyi oxirigacha, AQShning yangi prezidenti Donald Tramp Oq uyga kirmagunicha ushlab turish bo‘yicha buyruq berilgan.
«Oldimizga qo‘yilgan asosiy vazifa — hududlarni Tramp inauguratsiyasiga va muzokaralar boshlangunicha ushlab turish. Keyin nimagadir almashish uchun. Nimagaligini hech kim bilmaydi», — deya yozgan ukrainalik askarlardan biri nashr jurnalistlariga.
Noyabr oyi oxirida prezident Zelenskiy ikki tomon ham AQSh ma’muriyati almashishini kutayotganiga ishora qilgandi.
«Ishonchim komilki, u [Putin] bizni 20 yanvarga qadar siqib chiqarishni istaydi. Unga vaziyatni nazorat qilayotganini namoyish etish juda muhim. Ammo u vaziyatni nazorat qilmayapti», — degandi Zelenskiy.
Ukraina rossiyaliklarning Kursk oblastidagi hujumlarini qaytarishida yordam berish uchun AQSh, Britaniya va Fransiya Ukraina qurolli kuchlariga o‘z raketalari bilan Rossiyaning ichkari hududlaridagi nishonlarga zarba yo‘llashga ruxsat berdi.
Ammo, aftidan, bu frontdagi askarlar kayfiyatini ko‘tara olmagan.
«Hech kim sovuq xandaqda o‘tirib, raketalar uchun ibodat qilmaydi, — deydi Pavlo. — Biz hozir va shu yerda yashab, jang qilyapmiz. Raketalar esa qaysidir boshqa joylarga uchadi».
ATACMS va Storm Shadow raketalari bilan raqibning front ortidagi qo‘mondonlik punktlari va o‘q-dori omborlariga kuchli zarbalar berilayotgan bo‘lishi mumkin. Ammo bular frontdagi askardan uzoqda ro‘y bermoqda.
«Biz raketalar haqida gaplashmaymiz, — deya yozadi Miroslav. — Biz bunkerlarda o‘tirib oilamiz haqida, rotatsiya haqida gaplashamiz. Oddiy narsalar haqida».
Rossiya sharqda asta-sekinlik bilan, ammo barqaror ravishda oldinga yurmoqda, Ukraina uchun esa Kursk oblastidagi hududlarni ushlab turish yanada muhim vazifaga aylangan.
Kuzatuvchilar baholashicha, Rossiya oktyabr oyining o‘zida Ukrainaning 500 km kv hududini bosib olgan. Kursk oblastida esa Ukraina avgust oyida, amaliyot avvalida tezkorlik bilan egallab olgan hududlarining 40 foizini boy bergan. Ukraina Kursk oblastida oldin 1376 kilometr kvadrat maydonni nazorat qilayotgandi, 23 noyabrga kelib — bu hudud 800 kilometr kvadratgacha qisqargan.
«Masala egallab olish haqidamas, ushlab turishda. Va bu yerda bizga juda qiyin bo‘lmoqda», — deydi Vadim.
Uning hisoblashicha, yo‘qotishlarga qaramay, Kursk oblastidagi platsdarmni himoya qilish baribir muhim amaliyot bo‘lib qolmoqda.
«Bu Zaporijjya va Xarkiv oblastlaridagi kuchlarning bir qismini o‘ziga jalb qildi», — deydi Vadim.
Ammo nashr bilan suhbatlashgan askarlarning ayrimlari o‘zlari noto‘g‘ri joyda jang qilayotgani, aslida Rossiya hududini okkupatsiya qilmasdan, sharqiy frontda bo‘lishlari kerakligini aytishadi.
«Bizning joyimiz — u yerda [Ukraina sharqida], begona yerda emas. Bizga Kurskning bu o‘rmonlari kerak emas, bu yerda ko‘plab safdoshlarimizni yo‘qotdik», — deb hisoblaydi Pavlo.
Tutqich bermas koreyslar
Ukraina va ittifoqchilar anchadan buyon Kursk oblastiga rossiyaliklarga yordam uchun Shimoliy Koreyadan 10 ming yoki undan ko‘proq askar yetib kelgani haqida ma’lum qilgan, ammo nashr bilan aloqaga chiqqan ukrain askarlari ularni hali ko‘rishmaganini aytishgan.
«Men koreyaliklarni ko‘rmadim va ular haqida eshitmadim, na tirigi va na o‘ligini», — deya javob qaytargan Vadim.
Ukrain razvedkasi bir hafta oldin Kursk oblastidagi shimoliy koreyalik harbiylar so‘zlashuvi yozib olingani aytilgan audioyozuvni e’lon qilgandi.
Nashr suhbatdoshlarining so‘zlariga ko‘ra, ukrain harbiylariga shimoliy koreyalik harbiylarni asirga olganlik uchun (hujjatlari bilan bo‘lsa, yanada yaxshi) qo‘shimcha dronlar yoki ta’til ko‘rinishidagi mukofot e’lon qilingan.
«Kurskning qorong‘i o‘rmonida koreyalikni topish juda qiyin. Ayniqsa, bu yerda u yo‘q bo‘lsa», — deya kinoya qiladi Pavlo.
Ukraina armiyasining oldingi muvaffaqiyatsiz amaliyotlarida qatnashgan harbiylar ular va Kursk oblastidagi amaliyot o‘rtasida o‘xshashlik borligini aytadi.
Ukrainlar 2023 yil oktyabrdan joriy yil iyuliga qadar Dnipro daryosining chap sohilida, Xerson shahridan 40 kilometr masofadagi Krinki qishlog‘idagi kichik platsdarmda himoyalangandi.
Avvaliga Krinki Rossiyaliklar daryoning chap sohilida egallab olgan hududlar ichkarisiga yurish qilish uchun platsdarm vazifasini o‘tashi ko‘zda tutilgandi, ammo yakunda u baribir boy berildi. Uni ushlab turish ukrainlarga juda qimmatga tushdi: halok bo‘lganlar va bedarak yo‘qolganlar 1000 kishidan oshadi.
Ayrimlar bu frontning boshqa uchastkalarida yutuqlar yo‘qligini berkitish uchun amalga oshirilgan piar-xod bo‘lganini aytishdi. Va ular Kursk oblasti bilan ham shunga o‘xshash holat bo‘layotganidan xavfsiramoqda.
«G‘oya yaxshi, ammo ijrosi yomon. Media-effekt bor, ammo harbiy natija yo‘q», — deb hisoblaydi avval Krinkida jang qilgan, endi Kursk oblastida bo‘lib turgan dengiz piyodalari qo‘shinlari zobiti Miroslav.
Ukrainalik harbiy tahlilchilar barcha qiyinchiliklarga qaramay Kursk amaliyoti muhim rol o‘ynashda davom etayotganini ta’kidlaydi.
«Bu biz tashabbusga egalik qilayotgan yagona hudud», — deydi BBC bilan suhbatda Ukraina xavfsizlik va hamkorlik markazi direktori Sergey Kuzan.
U ukrain qismlari bu hududda haddan tashqari og‘ir sharoitlarda jang qilayotganini tan oladi, ammo, uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya ham ularni surib chiqarish uchun ulkan resurslar sarflamoqda — ular bu resurslarni boshqa joylarda ham mamnuniyat bilan qo‘llagan bo‘lardi.
«Biz Kursk frontini qancha uzoq vaqt ushlab tursak — kuchli qurollar, artilleriya, haymarslar, albatta, ularning front ortiga zarba berish uchun uzoq masofali qurollar bilan — shuncha yaxshi bo‘ladi», — deb hisoblaydi Kuzan.
Kiyevdagi oliy qo‘mondonlik ham hamon Kursk amaliyoti harbiy va siyosiy samaralar keltirayotganiga ishonadi.
«Bu vaziyat Putinni asabiylashtirmoqda. U bu yerda og‘ir yo‘qotishlarga uchramoqda», — degandi yaqinda ukrainalik harbiy boshliqlardan biri anonimlik sharti bilan.
Ukraina qo‘shini Kursk oblastida qancha vaqtgacha qolishi mumkinligi to‘g‘risidagi savolga u oddiy javob qaytargan: «Harbiy nuqtayi nazardan bu o‘zini qachongacha oqlasa, o‘shangacha».
Mavzuga oid
13:15
Yevropa Ukrainaga tinchlikparvarlarni yuborish mumkin deb hisoblayapti
11:29 / 03.12.2024
«Putin faqat kuchni tushunadi. Bayden hammasini aksincha qilgan» - Kurt Volker intervyusi
11:02 / 03.12.2024
Germaniya kansleri Ukrainani NATOga qabul qilish bo‘yicha o‘z pozitsiyasini o‘zgartirmadi
10:16 / 03.12.2024