Jahon | 16:59 / 04.12.2024
9940
6 daqiqa o‘qiladi

Janubiy Koreyadagi siyosiy inqiroz: prezidentga impichment jarayoni boshlandi, mudofaa vaziri iste’fo berdi

Janubiy Koreya parlamentida ko‘pchilikni tashkil etuvchi muxolifatchi deputatlar prezident Yun Sok Yolning harbiy holat joriy etish to‘g‘risidagi qarorini bloklashganidan keyin unga impichment e’lon qilish jarayoni bo‘yicha qonun loyihasini taqdim etishdi. Prezidentning bir necha maslahatchisi, shuningdek, mamlakat mudofaa vaziri Kim Yon Hyon iste’foga chiqdi.

Foto: Reuters

4 dekabr kuni muxolifatdagi deputatlar (ular parlamentda ko‘pchilikni tashkil etadi, ammo ular prezidentga va uning partiyasiga muxolifat sanaladi) Janubiy Koreya Milliy majlisining qonunchilik bo‘yicha parlament qo‘mitasiga  prezidentni impichment qilish to‘g‘risidagi qonun loyihasini kiritdi. Mahalliy Yonhap agentligi xabariga ko‘ra, qonun loyihasini muxolifatdagi 190 deputat hamda mustaqil deputatlardan biri imzolagan. Prezident mansub bo‘lgan «Xalq qudrati» vakillari imzosi yo‘q.

Parlamentariylar mudofaa vaziri Kim Yon Hyon impichmenti bo‘yicha ham qonun loyihasini tayyorlashgandi, ammo uning o‘zi mamlakat aholisidan uzr so‘ragan holda iste’foga chiqib ketdi. U mamlakatda «harbiy holat joriy etilishiga bog‘liq barcha hodisalar uchun javobgarlikni» zimmasiga olishini ma’lum qilgan. Yonhap agentligi qayd etishicha, aynan Kim Yon Hyon prezidentga mamlakatda harbiy holat e’lon qilish taklifini bergan.

Foto: AFP

Prezident impichmenti bo‘yicha ovoz berish jarayoni 6 yoki 7 dekabr kuni o‘tkazilishi kutilmoqda. Agar loyiha parlament tomonidan qabul qilinsa, Yunning vakolati va majburiyatlari darhol to‘xtatiladi, bosh vazir prezident vazifasini bajaruvchiga aylanadi. Keyin yakuniy qarorni Koreya Konstitutsiyaviy sudi qabul qiladi. Agar sud impichmentni ma’qullasa, prezident lavozimidan chetlatiladi va 60 kun ichida yangi saylovlar o‘tkazilishi kerak bo‘ladi. Agar sud bunday yo‘l tutmasa, unda prezident Yun o‘z joyida qolishi mumkin.

Prezidentga impichment e’lon qilinishi uchun parlament a’zolaridan uchdan ikki qismining, ya’ni kamida 200 nafar deputat ovozi talab etiladi. Prezidentning «Xalq qudrati» partiyasi parlamentda 108 o‘ringa ega, bir kun oldin partiya raisi Han Don Hun harbiy holat joriy etilishiga qarshi chiqqan bo‘lsa-da, hozircha partiya a’zolari impichment masalasida qanday ovoz berishi noma’lum. Prezident iste’fosi amalga oshishi uchun «Xalq qudrati»ning ham bir necha deputatlari impichmentni qo‘llashi kerak bo‘ladi.

Shunisi ma’lumki, «Xalq qudrati» allaqachon yopiq yig‘ilish o‘tkazgan. Mahalliy MBC telekanali xabar berishicha, bu yig‘ilishda partiya oliy kengashi a’zolarining ko‘pchiligi «Konstitutsiya ruhi himoyasi uchun» Yundan partiyani tark etishni talab qilishga rozi bo‘lgan. MBC ma’lumotiga ko‘ra, yig‘ilishda Davlat kengashining (uning tarkibiga vazirlar kabinetining muhim vakillari hamda boshqa ayrim mulozimlar kiradi) harbiy holat joriy etilishiga to‘sqinlik qilmagan barcha a’zolari iste’fosini, shuningdek, mudofaa vaziri ishdan bo‘shatilishini talab qilishgan.

Bundan tashqari, prezident ofisi prezidentning barcha katta kotiblari, shuningdek, uning asosiy maslahatchisi, milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi va milliy siyosat bo‘yicha direktor bugun tongda iste’fo berganini ma’lum qilan. Endi prezident Yun bu iste’folarni qabul qilishi kerak bo‘ladi. Bu mudofaa vaziri iste’fosiga ham taalluqli.

Janubiy Koreya prezidenti Yun Sok Yol 3 dekabr kuni mamlakatda harbiy holat joriy etdi. Mahalliy vaqt bilan seshanba kuni kechqurun efirga ketgan telemurojaatda prezident o‘z qarorini konstitutsiyaviy tartibni «kommunistik kuchlar» va KXDRdan bo‘layotgan, shuningdek ichkaridagi «davlatga qarshi unsurlar» tahdidlaridan himoya qilish zarurati bilan izohlagan. U muxolifat partiyalar «mamlakatni inqirozga uchratishga urinayotgani» uchun shunday choraga qo‘l urganini ta’kidlagan.

Muxolifatdagi Demokratik ishchi partiyasi rahbari Li Jye Myon harbiy holat e’lon qilinishi konstitutsiyaga xilof ekanligini ta’kidladi. Shuningdek, prezident a’zosi bo‘lgan Xalq hokimiyati partiyasi rahbari Hon Don Hun ham bu chorani «noto‘g‘ri» deb atab, uni bloklashga va’da berdi.

Harbiy holat har qanday siyosiy faoliyatni, jumladan, parlament va siyosiy partiyalar ishini taqiqlardi. Shunga qaramay, 190 nafar deputat parlamentga kirishga muvaffaq bo‘ldi (Reuters yozishicha, ulardan 18 nafari prezidentning «Xalq qudrati» partiyasi vakillari bo‘lishgan). Bu harbiy holatni bekor qilishga ovoz berish uchun yetarli bo‘ldi. Shundan keyin, qonunchilikka ko‘ra, prezident Yun harbiy holatni bekor qildi — o‘zi bu haqda e’lon qilganidan olti soat vaqt o‘tib.

Tunda parlament binosi oldida yirik namoyish tashkillashtirildi. Politsiyachilar va xavfsizlik kuchlari ularni parlament hovlisiga o‘tkazmadi, o‘rtada kichik to‘qnashuvlar bo‘lib o‘tgan. Deputatlar harbiy holatni bekor qilish to‘g‘risidagi rezolyutsiyani qabul qilganidan keyin harbiylar binodan chiqib ketdi.  Fuqarolik tashkilotlari Janubiy Koreya hukumatining iste’fosini talab qila boshladi.

Mavzuga oid