Jahon | 20:17 / 04.12.2024
2258
3 daqiqa o‘qiladi

Ukraina uchun yangi harbiy safarbarlik juda muhim – Blinken

AQSh Davlat kotibi so‘zlariga ko‘ra, Ukrainada pul bo‘lsa ham, o‘q-dorilari bo‘lsa ham, oldingi safda Rossiya tajovuziga qarshi tura oladigan odamlar bo‘lishi kerak.

Foto: AP

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinkenning fikricha, Ukraina hukumati Rossiya bosqiniga qarshi turish uchun yangi harbiy safarbarlik borasida «qiyin qaror» qabul qilishi kerak. U Bryusselda NATO tashqi ishlar vazirlari sammiti bo‘lib o‘tayotgan matbuot anjumanida bu haqda gapirdi.

Blinkendan NATO Rossiya bilan ehtimoliy muzokaralar oldidan Kiyev pozitsiyasini mustahkamlash uchun qanday aniq choralarni taklif qilayotgani so‘raldi.

AQSh Davlat kotibining javob berishicha, NATO vazirlari, xususan, Ukrainani iqtisodiyoti va mudofaasini qo‘llab-quvvatlash uchun zarur moliya va resurslar bilan ta’minlash, shuningdek, mamlakatni qurol-yarog‘ bilan ta’minlash masalalarini muhokama qilgan. U yana bir chora sifatida harbiy safarbarlikni nomladi.

«Bu juda muhim. Chunki ularda pul bo‘lsa ham, o‘q-dorilari bo‘lsa ham, oldingi safda Rossiya tajovuziga qarshi tura oladigan odamlar bo‘lishi kerak. Ukraina yangi harbiy safarbarlik haqida qiyin qarorlar qabul qilishi kerak, ammo bu zarur qarorlar. Maqsadimiz safarbar qilingan har bir askarning mamlakatni samarali himoya qilish uchun zarur tayyorgarlik ko‘rishi va ko‘mak olishini ta’minlashdir», dedi Blinken.

Noyabr oyi oxirida AP va Financial Times gazetalari Qo‘shma Shtatlar Ukrainani o‘z qonunchiligini zudlik bilan qayta ko‘rib chiqishga va qurolli kuchlari sonini tezda oshirish uchun safarbarlik chaqiruv yoshini 25 yoshdan 18 yoshga tushirishga chaqirayotgani haqida xabar berdi.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ushbu xabarlarni izohlar ekan, muammo frontdagi harbiylar sonida emas, balki Ukraina Qurolli kuchlarining allaqachon tuzilgan brigadalarini qurol-yarog‘ va texnika bilan yetarli darajada ta’minlanmaganida ekanini aytdi. O‘z navbatida, Ukraina Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Georgiy Tixiy Kiyev o‘z ittifoqchilari bilan safarbarlik yoshini pasaytirish masalasini muhokama qilganini tasdiqladi.

Mavzuga oid