Jahon | 22:50 / 08.12.2024
3723
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada migrantlar maktab va bog‘chalar yaqinida yashashi taqiqlanishi mumkin

Rossiyaning amaldagi qonunchiligida mehnat migrantlarining yashash joylari bo‘yicha cheklovlar mavjud emas. LDPR fraksiyasining bir guruh deputatlari migrantlarning ta’lim muassasalari yaqinida yashashini taqiqlovchi qonun loyihasini tayyorlamoqda.

Foto: ura.ru

LDPR fraksiyasining bir guruh deputatlari mehnat migrantlarining maktab va bog‘chalar yaqinida yashashini taqiqlovchi qonun loyihasini tayyorladi, deb xabar beradi The Moscow Times.

«Mehnat migrantlarining ta’lim muassasalari hududidan kamida 200 metr uzoqlikda yashashini ta’minlovchi qonun loyihasini tayyorlayapmiz. Shuningdek, biz migrantlarning maktab, bog‘cha va bolalar bor boshqa muassasalarda ro‘yxatdan o‘tishini taqiqlash muhim ahamiyatga ega deb hisoblaymiz», — deydi fraksiya yetakchisi Leonid Slutskiy.

Ta’kidlanishicha, amaldagi qonunchilikda mehnat migrantlarining yashash joylari bo‘yicha cheklovlar mavjud emas. Slutskiyning so‘zlariga ko‘ra, chet el fuqarolarining katta qismi ta’lim muassasalari yaqinida yashab, «voyaga yetmaganlarga nisbatan potensial xavf» uyg‘otadi.

Hujjatda qayd etilishicha, mehnat migrantlari bino yoki inshootni ta’mirlash ishlari doirasida ta’lim muassasasi hududida bevosita yashash holatlari ham uchrab turadi. Slutskiyning so‘zlariga ko‘ra, migrantlarning vaqtincha ishlamayotgan ta’lim muassasalari binolarida yashashi holatlari ham mavjud.

«Perm o‘lkasida mahalliy korxonaga ijraga berilgan bolalar bog‘chasida yashab kelgan mehnat muhojirlari to‘g‘risidagi xabar bunga yaqqol misol bo‘la oladi», — deyiladi xabarda.

Avvalroq LDPR fraksiyasi Rossiya hukumatiga migrantlarga uy-joyni faqat shartnoma asosida ijaraga berishni va uning maksimal muddatini bir yil qilib belgilashni nazarda tutuvchi qonun loyihalari paketini yuborgandi.

Dekabr boshlarida esa Rossiya Kommunistik partiyasidan Davlat Dumasi deputati Mixail Matveyev rublning qulashida mehnat migrantlarini ayblagan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ular valutaga bo‘lgan talab va dollar kursining o‘sishini rag‘batlantirmoqda.

Фозилбек Юсупов
Tayyorlagan Фозилбек Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid