Jahon | 22:42 / 16.12.2024
4032
2 daqiqa o‘qiladi

Yaponiyadagi yirik banklardan biri mijozlarning 6,5 mln dollari o‘g‘irlangani uchun kechirim so‘radi

Yaponiyaning Mitsubishi bankida seyf bo‘lmalari zaliga mas’ul va ularning kalitidan foydalanish vakolatiga ega xodim besh yil davomida o‘g‘rilik sodir etib kelgani ma’lum bo‘ldi.

Foto: AP

Yaponiyaning Mitsubishi UFJ Financial Group, Inc (MUFG) banki o‘z xodimi mijozlarning seyf bo‘lmalaridan 1 milliard iyenadan (taxminan 6,54 million dollar) ziyod pullarni o‘g‘irlagani uchun kechirim so‘radi, deb xabar bermoqda Associated Press.

Bank vakillari ayni vaqtda holat yuzasidan tergov olib borilayotganini ma’lum qildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘g‘rilikni seyf bo‘lmalari zaliga mas’ul bo‘lgan va ularning kalitidan foydalanish vakolatiga ega xodim amalga oshirgan. U besh yil davomida — joriy yilning oktyabrida «faoliyati» aniqlangunga qadar o‘z jinoyatini sodir etib kelgan.

Qonunbuzar ayol o‘z aybiga iqror bo‘lib, tergov bilan hamkorlik qilishga rozi bo‘lgan.

«Mazkur holat mijozlarimizning ishonchiga putur yetkazdi va bank biznesimiz asosini zaiflashtirdi», — deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, o‘g‘rilik to‘g‘risida xabarlar tarqalgach, yana o‘nlab mijozlar ehtimoliy yo‘qotishlari haqida ariza bilan murojaat qilgan va bank ushbu arizalarni ko‘rib chiqish bilan shug‘ullanmoqda.

MUFG ishi so‘nggi vaqtlarda Yaponiyadagi yirik moliyaviy muassasalarda kuzatilgan ikkinchi jinoiy faoliyatdir. Noyabr oyida Nomura Holdings sobiq xodimi o‘g‘rilik, Hirosimada mijozni o‘ldirishga va uni yoqib yuborishga urinishda gumonlanayotganini ma’lum qilgandi.

Фозилбек Юсупов
Tayyorlagan Фозилбек Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid