Jahon | 08:51 / 04.01.2025
4561
3 daqiqa o‘qiladi

Grenlandiya bosh vaziri Daniyadan mustaqillikni talab qildi

Grenlandiya bosh vaziri Mute Egede Daniyadan mustaqillik tarafdori ekanini bildirdi. Donald Tramp avvalroq orolni sotib olish rejasini e’lon qilgan edi.

Foto: Ida Marie Odgaard/Ritzau Scanpix/picture alliance

Grenlandiya bosh vaziri (Daniya tarkibidagi avtonom hudud) Mute Egede dunyodagi eng katta orolning mustaqilligi haqida gapirdi. Bu so‘zlar uning 2 yanvar, payshanba kuni Grenlandiya hukumati saytida chop etilgan yangi yil murojaatida keltirilgan.

Egede «mustamlaka davri kishanlariga» qarshi

«Mamlakatimiz navbatdagi qadamni tashlashi vaqti keldi. Dunyoning boshqa davlatlari kabi biz ham mustamlakachilik davri kishanlari deb atashimiz mumkin bo‘lgan hamkorlikdagi to‘siqlarni olib tashlash, oldinga intilish ustida harakat qilishimiz kerak. Tarix va bugungi sharoitlar Daniya Qirolligi bilan hamkorligimiz to‘liq tenglikni ta’minlamaganini ko‘rsatdi va agar biz Daniya konstitutsiyasiga tayanishda davom etsak, teng huquqli hamkorlikni yaratib bo‘lmaydi», deyiladi murojaatda.

«Bizning kelajagimizni, jumladan, kimlar bilan yaqindan hamkorlik qilishimiz va savdo aloqalarimiz qanday bo‘lishi kerakligi haqida qadam tashlash va shakllantirish vaqti keldi, chunki bizning boshqa davlatlar bilan hamkorligimiz va savdo aloqalarimiz faqat Daniya orqali davom eta olmaydi», deya qo‘shimcha qildi siyosatchi .

So‘nggi bir necha yil ichida Grenlandiya parlamenti va hukumati «Daniyadan ajralib chiqishimiz uchun asos bo‘lgan konstitutsiyamizni ishlab chiqish bo‘yicha choralar ko‘rish maqsadida birgalikda ishladilar», dedi u.

«Grenlandiya xalqining mustaqillikka erishish qobiliyati mustaqillikka erishishning huquqiy asosini yaratgan «O‘zini-o‘zi boshqarish to‘g‘risida»gi qonun hujjatlarida ham mustahkamlab qo‘yilgan. Qonunda ko‘zda tutilgan imkoniyatlar va qoidalar doirasida Grenlandiyaning mustaqil davlat sifatida asoslarini yaratishga kirishildi», — deya qo‘shimcha qildi Egede.

Grenlandiya bosh vaziri Trampning orolni AQShga sotish g‘oyasini rad etdi

Grenlandiya bosh vaziri Mute Egede AQSh saylangan prezidenti Donald Trampning orolga Vashington tomonidan «egalik va nazorat qilish» zarurligi haqidagi so‘zlariga javob qaytardi. OAV 23 dekabr kuni uning so‘zlaridan iqtibos keltirdi: «Grenlandiya Grenlandiya xalqiga tegishli».

Egede shunday qo‘shimcha qildi: «Biz sotmaymiz va sotilmaymiz. Ozodlik uchun uzoq davom etgan kurashimizni boy bermasligimiz kerak». Shu bilan birga, siyosatchi Grenlandiya «butun dunyo, ayniqsa qo‘shnilar bilan hamkorlik va savdo qilish uchun» ochiq qolishi kerakligini ta’kidladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid