Rossiya regionlariga 100 dan ortiq dron bilan hujum uyushtirildi
Uchuvchisiz uchar qurilmalar Moskvaga ham uchib kelgan. Bryansk va Ryazandagi zavodlar hujumga yo‘liqqan.

Foto: Aleksandr Ryumin / TASS / Profimedia
24 yanvar kuniga o‘tar kechasi ukrain dronlari Rossiyaning bir necha oblastiga yopirilma hujum uyushtirdi. RF mudofaa vazirligi 121 ta dron urib tushirilgani, ular Moskva shahri va Moskva oblasti, shuningdek anneksiya qilingan Qrim hududida harakatlangani haqida xabar bergan. Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi Bryansk va Ryazandagi zavodlarga muvaffaqiyatli zarbalar berilganini ma’lum qilgan.
Bryanskda uchuvchisiz uchar qurilmalar zarbasi oqibatida «Kremniy» mikroelektronika zavodi shikastlangan, bu Rossiyada shu turdagi eng yirik korxonalardan biri hisoblanadi. Zavod harbiy sanoat ehtiyojlari uchun ham ishlagan, xususan, bu yerda «Pansir» havo hujumidan mudofaa tizimlari hamda «Iskander» raketa komplekslari uchun detallar ishlab chiqarilgan.
«Maxsus energetika ta’minoti obektlariga zarar yetkazildi, texnologik ishlab chiqarish zanjiri buzildi. Korxona faoliyati to‘xtatildi. Jabrlanganlar yo‘q», — deyiladi «Gruppa Kremniy EL» kompaniyasi matbuot xizmati xabarida. Qayd etilishicha, zavodga oltita dron hujum qilgan. Ishlab chiqarish joyi va omborxona shikastlangan. Bungacha ham urush davomida zavod bir necha bor dronlar hujumiga uchragandi.
Rossiyalik harbiylar ma’lumotiga ko‘ra, aynan Bryansk oblasti tunda ukrain dronlari faol harakatlangan hudud bo‘lgan — jami 37 ta qurilma urib tushirilgan. Baza telegram-kanali yozishicha, oblastning shu nomli markaziga ham oltita dron uchib kelgan. Ulardan biri Boshqaruv va biznes instituti binosiga urilgan. Hujumdan keyin binoda yong‘in chiqqan (50 kvadrat metrni qamrab olgan), portlash kuchi fasadni shikastlagan hamda derazalar to‘kilib tushgan. Dronlardan birining parchalari «Kremniy» zavodi joylashgan Qizil armiya ko‘chasidagi Tergov qo‘mitasi binosini ham shikastlagan.
Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi Bryansk va Ryazandagi zavodlarga hujum qilinganini tasdiqladi. Xabarda aytilishicha, Bryanskdagi zavodda «Topol-M», «Bulava» raketa komlekslari, S-300 va S-400 zenit raketa tizimlari, shuningdek jangovar samolyotlar borti elektronikasi uchun mikrosxemalar ishlab chiqarilgan.

Rossiyalik harbiy muxbirlarning telegram-kanallarida xabar qilinishicha, Ryazansk oblastidagi neftni qayta ishlovchi kompaniya hamda uning yonidagi Novo-Ryazansk IESda yong‘in ro‘y bergan. Astra nashri tarqalgan kadrlar orqali yong‘in aynan shu joylarda ro‘y berganini tasdiqlagan.
Ryazan oblasti gubernatori Pavel Malkov avvaliga faqat xususiy uylardan birida dron parchalari tushishi oqibatida yong‘in ro‘y berganini ma’lum qilgandi. U telegram-kanalida regionga hujum qilgan dronlar havo hujumidan mudofaa vositalari orqali yo‘q qilinganini yozgan. Keyinroq u «parchalar tushishi oqibatida korxonalardan birining hududida yong‘in chiqqani»ni aytdi, ammo bu aynan qayerda ro‘y berganiga aniqlik kiritmadi. Tunda korxonalardan biri hududida «parchalar tushishi oqibatlari bartaraf etilgani» haqida Ryazan oblasti operguruhida xabar berildi, ammo postda tarqalgan «rangli videolar» — feykligi aytilgan, shu bilan birga, aynan qaysi kadrlar haqida gap ketayotganiga to‘xtab o‘tilmagan.
Ryazanda yashovchilardan biri RBK nashriga shaharning o‘zida 20 dan ortiq portlash ovozini eshitganini aytdi.
RF mudofaa vazirligiga ko‘ra, Ryazan oblastida jami 20 ta dron yo‘q qilingan.
BBC Ukraina xizmatining Ukraina qurolli kuchlaridagi manbasi Ryazan neftni qayta ishlash zavodida dronlar hujumi oqibatida kamida uchta rezervuar yonib ketganini xabar qilgan. «Dronlar zarbasi oqibatida yuzaga kelgan yong‘inlar dizel yoqilg‘isi va aviatsiya kerosinini gidrotozalash qurilmasi joylashgan ustaxonani ham qamrab olgan», — deya qo‘shimcha qilgan nashr manbasi.

Kursk meri Igor Kutsak shahar osmonida dron urib tushirilgani, parchalar qulashi natijasida to‘rtta uy zarar ko‘rganini yozgan. «Kursk avariya-dispetcherlik xizmatiga so‘rov tushgan manzillardan biriga bordim. Barcha xizmatlar voqea joyida, jabrlanganlar yo‘q. Ertalab shikastlangan mulkni baholash uchun komissiya tekshiruvi o‘tkaziladi», — deb yozadi u.
Moskva mer Sergey Sobyanin Moskva tomon uchgan bir necha dron urib tushirilganini xabar qilgan: Troitskiy ma’muriy okrugi, Ramenskiy, Kolomna, Podolsk va Shchelkovo shahar okruglarida. Moskva oblastidagi Sergiyevo-Posadskiy okrugidagilar ham dronlar hujumi qaytarilganini xabar qilgan.
Leningrad oblasti gubernatori Aleksandr Drozdenko Oredej posyolkasi atrofida uch dron urib tushirilganini ma’lum qilgan.
Shuningdek, RF mudofaa vazirligiga ko‘ra, Kursk oblasti uzra 17, Saratov oblastida 17, Rostov oblastida yettita, Belgorod oblastida oltita, Voronej oblastida uchta, Tula, Orlov va Lipetsk oblastlarida ikkitadan, anneksiya qilingan Qrim hududida bitta dron urib tushirilgan.
Moskvadagi «Vnukovo», «Domodedovo» va «Jukovskiy» aeroportlarida, shuningdek Qozon, Nijnekamsk, Penza, Ufa, Samara va Saratov aeroportlarida vaqtinchalikka parvozlarga cheklovlar o‘rnatilgan. Bir necha soatdan keyin cheklovlarning aksariyati bekor qilingan.
Bu 2025 yil boshidan buyon ikkinchi yopirilma hujum bo‘ldi: 14 yanvar kuni Rossiya mudofaa vazirligi 180 ta dron urib tushirilganini xabar qilgandi.
Tavsiya etamiz
Samarqand shahriga kirish yo‘llari vaqtincha yopiladi
O‘zbekiston | 21:35 / 30.03.2025
Dunyo bo‘ylab Ramazon hayiti qanday kutib olindi – fotolar
Jahon | 20:30 / 30.03.2025
AQSh «Tolibon» bilan aloqa o‘rnatyaptimi?
Jahon | 16:25 / 30.03.2025
Germaniyadagi shaharcha gazetada e’lon berib, yangi hokim axtarmoqda
Jahon | 07:57 / 30.03.2025
Mavzuga oid

09:38
YeI diplomatlari Rossiyani Ukrainada hech qanday sharsiz o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirdi

08:51
«U Putindan cho‘chimadi» - Kreml Zelenskiyni chetlatish orqali Ukrainani bo‘ysundirishga intilyapti

01:11
Yevropaning oltita davlati «Rossiyaga bosim o‘tkazishni» davom ettirishga tayyorligini ma’lum qildi

15:05 / 31.03.2025