Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
27 yanvar yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
Qozog‘iston chegarasidagi vaqtinchalik cheklovlar, Namangan va Buxoroda yangi universitetlar, kiberxavfsizlik bo‘yicha tayyorlanadigan mutaxassislar va Germaniyada ishlash uchun o‘quv markazlari — o‘tgan kun davomida Kun.uz’da yoritilgan dolzarb va muhim O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.
«Dovud ota» chegarasi vaqtincha yopiladi
Qoraqalpog‘istondagi «Dovud ota» chegara o‘tkazish punkti 1 fevraldan uch oyga yopiladi. O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, bu muddatda ta’mirlash va jihozlash ishlari olib boriladi.
Cheklov fuqarolar, yengil avtomobillar, avtobuslar va vazni 3,5 tonnadan oshmaydigan yuk mashinalari uchun joriy etiladi. Shunga qaramay, 3,5 tonnadan ortiq bo‘lgan yuk mashinalari uchun harakat cheklanmaydi.
Ushbu davrda «Dovud ota» orqali harakatlanuvchi shaxslar va transport vositalariga «Yallama», «Zangiota (Navoiy)», «Oq oltin» va «Malik» o‘tkazish punktlaridan foydalanish tavsiya etilmoqda. Shuningdek, yo‘lovchilar «Qoraqalpog‘iston» temiryo‘l o‘tkazish punkti orqali poyezdda safar qilishlari mumkin.
Shuningdek, Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasidagi yana bir o‘tkazish punktida vaqtinchalik cheklovlar joriy etildi.
5 fevralgacha O‘zbekiston tomonidagi «G‘ishtko‘prik» chegaradagi o‘tkazish punkti ta’mirlanishi sababli «Jibek Jo‘li» o‘tish yo‘lagi vaqtinchalik ishlamaydi. Bu haqda Qozog‘iston davlat daromadlari qo‘mitasi xabar berdi.
Chegarani kesib o‘tish uchun hozircha «Qoplonbek» va «Navoiy» punktlari faoliyat yuritmoqda. Ular texnik jihatdan yangilangan bo‘lsa-da, hozircha cheklangan rejimda ishlaydi. «Qoplonbek» punktda to‘liq quvvat bilan ishlash 5 fevralgacha qayta tiklanishi kutilmoqda.
Namangan va Buxoroda yangi universitetlar tashkil etiladi
Namangan muhandislik-texnologiya instituti, muhandislik-qurilish instituti va to‘qimachilik sanoati instituti negizida Namangan davlat texnika universiteti tashkil etildi. Universitetda muhandislik, qurilish, to‘qimachilik, axborot texnologiyalari va qayta ishlash sohalari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanadi.
2025-2026 o‘quv yilidan talabalar bitiruv ishlarini ish beruvchi korxonalarda himoya qiladi. 2026-2027 o‘quv yiligacha kamida ikkita bakalavriat va uchta magistratura yo‘nalishi xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkaziladi. Barcha talabalar o‘qishini yangi universitetda davom ettirib, uning diplomini oladi.
Universitetga yirik korxonalar sanoat hamkori sifatida biriktirilib, amaliy ta’lim imkoniyatlari kengaytiriladi.
Shuningdek, prezident qarori bilan Buxoro muhandislik-texnologiya instituti hamda Buxoro tabiiy resurslarni boshqarish instituti negizida Buxoro davlat texnika universiteti ham tashkil etiladi.
Toshkentda Turkiy davlatlar xalqaro universiteti ochiladi
Toshkentda Turkiy davlatlar xalqaro universitetini tashkil etish haqida prezident qarori qabul qilindi. Yangi universitet muhandislik, axborot texnologiyalari, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati kabi sohalarda xalqaro standartlarga muvofiq kadrlar tayyorlaydi.
Universitet ta’lim dasturlari Turkiyaning yetakchi oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlikda ishlab chiqiladi. Ilmiy tadqiqotlar ham yo‘lga qo‘yiladi.
2025-2026 o‘quv yilidan ta’lim jarayoni xalqaro reytinglardagi yuqori o‘rinlarni egallagan Turkiya universitetlari dasturlari asosida yo‘lga qo‘yiladi. Talabalar o‘qishi to‘lov-kontrakt asosida tashkil etiladi.
Universitet faoliyati nodavlat asosda bo‘ladi va boshqaruv kengashi tomonidan muvofiqlashtiriladi. Bu ta’lim loyihasi mintaqada bilimli kadrlar tayyorlashda muhim qadam bo‘lishi kutilmoqda.
Kiberxavfsizlik fakulteti tashkil etiladi
O‘zbekistonda kiberxavfsizlik sohasi uchun professional kadrlar tayyorlanadi. Prezident qaroriga muvofiq 2025-2026 o‘quv yilidan Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida «Raqamli texnologiyalar sohasida jinoyatlarga qarshi kurashish faoliyati» bakalavriat yo‘nalishi va «Kiberxavfsizlikni huquqiy ta’minlash» magistratura mutaxassisligi tashkil etiladi.
Iste’dodli nomzodlar uchun imtiyozlar nazarda tutilgan: nufuzli olimpiadalar sovrindorlari yakuniy suhbatsiz qabul qilinishi, xalqaro IT-sertifikat egalariga imtihondan ozod etilish imkoniyati beriladi.
2025 yil 1 iyulgacha Akademiya tarkibida kiberhuquq va raqamli kriminalistika bo‘yicha maxsus fakultet tashkil etiladi. Shuningdek, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi axborot-ta’lim portali orqali surishtiruvchilar, tergovchilar va prokuratura xodimlari uchun «Raqamli kriminalistika» bo‘yicha masofaviy kurslar yo‘lga qo‘yiladi.
Bu chora-tadbirlar raqamli jinoyatchilikka qarshi kurashishda yangi bosqichni boshlab beradi.
Germaniya mehnat bozoriga mos o‘quv markazlari
O‘zbekistonda Germaniya mehnat bozori talablariga moslashtirilgan kasbiy ta’lim markazlari ochiladi. Bu haqda Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Olim Abdullayev va Germaniyaning SBH West GmbH tashkiloti vakillari o‘rtasidagi uchrashuvda e’lon qilindi.
Markazlarda bitiruvchilar Germaniyada ishlash uchun zarur bo‘lgan ko‘nikmalar va malakalarga ega bo‘lishadi. Uch tomonlama memorandum doirasida o‘zbekistonliklarni Germaniyada yuk va avtobus haydovchilari sifatida ishga joylashtirishga qaratilgan dasturlar ishlab chiqiladi.
Bu tashabbus xalqaro mehnat bozorida o‘zbek fuqarolari uchun yangi ish o‘rinlari yaratish hamda ikki davlat o‘rtasida ta’lim va migratsiya sohalaridagi hamkorlikni mustahkamlash imkonini beradi.
O‘zbekistonda sovuq havo kutilmoqda
29–31 yanvar kunlari sovuq havo massalari mamlakat bo‘ylab tarqaladi, deb xabar berdi O‘zgidromet.
28 yanvarda Qoraqalpog‘iston va Xorazmda biroz qor yog‘adi, Navoiy va Samarqandda yomg‘ir-qor kuzatilishi mumkin. Harorat shimoliy hududlarda 0…+3 daraja, boshqa hududlarda +5…+10 daraja bo‘ladi.
Chorshanba-juma kunlari harorat kechasi –5 darajagacha, kunduzi 0…+5 darajagacha tushadi. Markaziy va janubiy hududlarda qor yog‘ishi mumkin, Qoraqalpog‘iston va Xorazmda yog‘ingarchilik kutilmaydi. Ayrim hududlarda tuman tushishi, tog‘larda qor ko‘chishi ehtimoli bor.
Mavzuga oid
20:53 / 27.05.2025
27 may yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
22:14 / 26.05.2025
26 may yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
22:24 / 23.05.2025
23 may yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
22:49 / 22.05.2025