Jahon | 16:00 / 02.02.2025
8285
8 daqiqa o‘qiladi

Sudjada tinch aholi yashiringan bino vayron bo‘ldi. Qurbonlar va yaradorlar bor

Ukraina bu yerga Rossiya aviabombasi tushganini aytmoqda. Rossiya mudofaa vazirligi esa Ukraina qurolli kuchlari tomonidan raketa zarbasi yo‘llanganini iddao qilmoqda.

Foto: Videodan kadr

1 fevral kuni soat 18:00 atrofida Kursk oblasti Sudja shahrining Lenin ko‘chasi 7-uy manzilida joylashgan sobiq internat maktabi zarbaga uchradi.

Internat bo‘ylab berilgan zarba haqida birinchilardan bo‘lib mahalliy aktivist Vladimir Sinelnikov xabar berdi, u «voqea joyidagi manba»ga asoslangan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Sudja rayoni aholisi, «asosan qariyalar va keksalar» saqlangan internat binosiga zarba Moskva vaqti bilan taxminan soat 17:54 da (u keyinroq aniqlik kiritib, boshqa manbalarga ko‘ra — bu bir soatcha keyinroq bo‘lganini xabar qildi) aviabomba kelib tushgan. Yana bir mahalliy aktivist, #yamysudja fleshmobi tashabbuskori Lyubov Prilutskaya esa «Agenstvo» nashriga unda ham xuddi Sinelnikovniki kabi ma’lumotlar borligini aytgan.

Bu xabarlardan ko‘p vaqt o‘tmay Ukraina tomonidan Ukraina qurolli kuchlarining Sudjadagi komendaturasi rahbari Aleksey Dmitrashkovskiy va Ukraina QK bosh shtabi bayonotlar berdi. Dmitrashkovskiy Rossiya qo‘shini internat binosiga zarba yo‘llashi oqibatida 95 kishi xarobalar ostida qolanini ma’lum qilgan.

Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabidan aniqlik kiritishlaricha, zarba Rossiya aviatsiyasi tomonidan soat 17:54 da (Kiyevdagi qishki vaqt Moskvadagidan bir soat ortda) boshqariluvchi aviatsiya bombasini qo‘llagan holda berilan. Harbiylar tasdiqlashicha, aniq maqsadli zarba yo‘llangan, hujum vaqtida binoda tinch aholi vakillari bo‘lgan o‘nlab kishilar joylashgandi, ular evakuatsiyaga tayyorlanayotgan va Rossiya tomoni bu yerda «faqat tinch aholi vakillari» bo‘lganidan xabardor edi.

Keyinroq Ukraina QK bosh shtabi internat bo‘ylab zarba oqibatida to‘rt kishi halok bo‘lganini xabar qildi. Yana 84 kishi xarobalar ostidan chiqarib olingan, ulardan to‘rt nafari og‘ir ahvolda.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ham internat binosi bo‘ylab zarba Rossiya aviabombasi orqali yo‘llanganini aytdi. «Mana Rossiya qanday urush olib boradi — Sudja, Kursk oblasti, Rossiya hududi, evakuatsiyaga tayyorlanayotgan tinch aholi vakillari bo‘lgan internat maktab. <…> Ular o‘nlab fuqarolari bo‘lgan binoni vayron qilishdi», — deya yozgan Zelenskiy.

Rossiya mudofaa vazirligi hujumdan bir necha soat o‘tib internatga zarbani Ukraina qurolli kuchlari berganini xabar qildi — harbiy idora bayonotida aytilishicha, havo hujumidan mudofaa kuchlari ukrainlar Sumi oblastidan raketa uchirganini qayd etgan. Raketa turi xabarda keltirilmagan. Vazirlik internat bo‘ylab zarbani «jahon hamjamiyati e’tiborini Kiyev rejimi Kursk oblastining Russkoye Porechnoye qishlog‘ida sodir etgan xunrezliklardan chalg‘itish»ga qaratilgan «provokatsiya» deb atagan.

Rossiyadagi Lpr1 monitoring telegram-kanalida zarba yo‘llangani aytilgan vaqtdan oldinroq Sudjadagi raketa xavfi haqida ikki ogohlantirish berilgandi. Ikki daqiqa o‘tib kanalda Ukrainaning Sumi oblastidan uchirilgan to‘rt raketa haqida ogohlantirish berilgan.

Zarba Ukraina qurolli kuchlari tomonidan yo‘llangani haqida rossiyalik «harbiy muxbirlar» va harbiy blogerlar ham yoza boshlagan. Ulardan bir qismi bu vaqtda Sudja rayonida Rossiya aviatsiyasi ishlamaganini qayd etishgan — Rossiyaning «Shimol» qo‘shinlar guruhi faoliyati haqida postlar berib boriladigan «Severniy veter» kanalida bu yomon ob-havo bilan izohlangan. Ushbu kanalda ma’lum qilinishicha, guruhdagi havo hujumidan mudofaa tizimlari Sumi oblastidan Sudja tomon HIMARS tizimidan oltita raketa uchirilganini qayd etgan.

Shu bilan birga, «Agenstvo» nashri e’tibor qaratishicha, Rossiyaning «Birinchi kanali» 2 fevral kuni Rossiya aviatsiyasi Kursk oblastidagi ukrain bo‘linmalari ustiga zarbalar yo‘llagani haqida xabar qilgan. «Bu vaqtda bizning uchuvchilarimiz, bombardimonchi shturmoviklar hamda vertolyotlar uchuvchilari dushmanning Kursk oblastidagi pozitsiyalariga zarbalar yo‘lladi. <…> Asosiy aviaguruhning muvaffaqiyatli hujumi natijasida ukrain tuzilmalari zirhli texnikalari va piyodalari yo‘q qilindi», — deya ko‘rsatuvdan iqtibos keltirgan «Agenstvo».

Rossiya mudofaa vazirligi zarba oqibatida halok bo‘lganlar yoki yaralanganlar borligini xabar qilmagan. Kursk oblasti gubernatori vazifasini bajaruvchi Aleksandr Xinshteyn 1 fevral kuni kechqurun hozircha internetga yo‘llangan zarba oqibatida jabrlanganlar soni bo‘yicha aniq ma’lumot yo‘qligini aytgan.

Ukraina qurolli kuchlari havo kuchlari Rossiya mudofaa vazirligi bayonotidan keyin «Viraj-planshet» tizimidan olingan skrinshotni e’lon qildi — bu tizimdan havodagi vaziyat to‘g‘risidagi ma’lumotlarni onlayn olish uchun foydalaniladi. Ukrain harbiylar ma’lum qilishicha, skrinshotda Rossiya aviabombasi harakati trayektoriyasi aks etgan. Ularning ma’lumotiga ko‘ra, maktab internat binosida tinch aholi vakillari bo‘lgan 86 kishi hamda to‘rt xodimdan iborat Ukraina milliy politsiyasi punkti joylashgandi. Zarba oqibatida binoning markaziy qismi vayron bo‘lgan.

Havo kuchlari xabarida aytilishicha, og‘ir yaradorlar barqarorlashtirish punktlariga olib borilgan, u yerdan shifoxonaga yuboriladi.

Sudja avgust oyidan buyon Ukraina qurolli kuchlari tomonidan ishg‘ol etilgan. Mahalliy aholi vakillari «7×7» nashriga so‘zlab berishicha, internatda turgan odamlar faqat ukrainlar orqali o‘z qarindoshlari bilan bog‘lanishi mumkin edi. Qarindoshlaridan biri ushbu binoda bo‘lgan Lyubovning so‘zlariga ko‘ra, internatda qolayotganlarning yaqinlari yaqin vaqtlar ichida ularni Sumi orqali Belarusga olib o‘tish va keyin Rossiyaga qaytarishdan umid qilayotgandi.

«Odamlar butun rayon bo‘ylab, turli joylarda qolmoqda. Internatda asosan keksalar to‘plangandi! Bir joyda bo‘lganida ularga qarash osonroq», — degan «7×7» nashriga Sudjadan bo‘lgan boshqa bir qochqin Tatyana. Uning so‘zlariga ko‘ra, bemorlar va keksa kishilarni Sudja aholisi parvarishlagan, ukrain harbiylari esa ularga insonparvarlik yordami olib kelgan.

2 fevral kuni Rossiya tergov qo‘mitasi Ukraina qurolli kuchlari 19-alohida raketa brigadasi qo‘mondoni Rostislav Karpushaga nisbatan terakt haqidagi modda bo‘yicha jinoiy ish (JK 205-modda, 3-qismi, «b» bandi) qo‘zg‘atdi. Tergov versiyasiga ko‘ra, 1 fevral kuni Karpusha Sudjada tinch aholi vakillari joylashgan maktab internat binosiga raketa zarbasi yo‘llashga buyruq bergan. Zarba oqibatida qurbonlar va yaralanganlar bor, deyiladi TQ xabarida. Idora xabarida ularning soniga aniqlik kiritilmagan.

Азиз Қаршиев
Muallif Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid