Litva suvosti kabellari himoyasini moliyalashtirishga YeIni jalb etmoqchi
Vilnyus keyinchalik YeI xarajatlarni qoplab berishi sharti bilan suvosti kabellari infratuzilmasini himoya qilishga ma’lum vaqt o‘z mablag‘larini yo‘naltirishga tayyor.

Foto: AFP
Litva hukumati Yevropa Ittifoqini Boltiq dengizi tubidan o‘tuvchi suvosti kabellari himoyasini moliyalashtirishga jalb etishni rejalashtirmoqda. Bu haqda mamlakat bosh vaziri Gintautas Palutskas Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvdan keyin ma’lum qildi. U Litvaning ehtiyojlarini 32–34 million yevroga baholadi.
«Hozirgi vaziyatdan kelib chiqib birgina Litvaning ehtiyoji taxminan 32-34 million yevroga baholanmoqda», — deydi Palutskas. Uning so‘zlariga ko‘ra, mablag‘lar kabellarning jismoniy va texnologik himoyasi uchun zarur.
Litva bosh vazirining ta’kidlashicha, Vilnyus keyinchalik YeI xarajatlarni qoplab berishi sharti bilan suvosti kabellari infratuzilmasini himoya qilishga ma’lum vaqt o‘z mablag‘larini yo‘naltirishga tayyor. Palutskasning ta’kidlashicha, Vilnyus YeIning mazkur masala bo‘yicha siyosiy qarori «imkon qadar tezkor» qabul qilinishini kutmoqda.
9 fevral kuni energetika va uy-joy xo‘jaliklari masalalari bo‘yicha yevrokomissar Dan Yyergensen hamda mudofaa va kosmos bo‘yicha yevrokomissar Andryus Kubilyus YeIning 2028-2034 yillarga mo‘ljallangan uzoq muddatli budjeti loyihasini ko‘rib chiqish kun tartibiga muhim energetika infratuzilmalari himoyasi masalasini ham kiritishga chaqirgandi.
Boltiqbo‘yi davlatlarida suvosti infratuzilmalari himoyasi o‘tgan yilning oxirlaridan — mintaqadagi kabellarga shikast yetganidan beri muhokama qilinmoqda. Noyabr oyida Shvetsiya va Litva o‘rtasidagi kabel uzilgandi. Dekabr oyida esa Finlandiya va Estoniya o‘rtasidagi EstLink2 kabeli va Finlandiyaning Estoniya va Germaniya bilan bog‘lab turuvchi yana to‘rtta telekommunikatsiya kabeliga shikast yetgan edi.
Mavzuga oid

09:22
Yevropa Ittifoqi Tramp bojlariga ikki bosqichda javob qaytaradi

23:36 / 06.04.2025
Yerokomissiya AQShdan import qilinadigan go‘sht, kiyim-kechak va hojatxona qog‘oziga javob bojlari joriy etadi

21:06 / 04.04.2025
Yevropa Ittifoqida eng ko‘p soatbay ish haqi qaysi davlatlarda to‘lanadi?

17:22 / 04.04.2025