O‘zbekiston | 11:55 / 14.02.2025
4302
2 daqiqa o‘qiladi

Antoniu Koshta va Ursula fon der Lyayyen O‘zbekistonga tashrif buyuradi

Yevrokengash va Yevropa komissiyasi rahbarlari Antoniu Koshta va Ursula fon der Lyayyen YeI - Markaziy Osiyo birinchi sammitida ishtirok etish uchun 3−4 aprelda O‘zbekistonda bo‘ladi. 

Foto: AFP

Yevropa kengashi rahbari Antoniu Koshta va Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayyen Yevropa Ittifoqi — Markaziy Osiyo birinchi sammitida ishtirok etish uchun 3−4 aprel kunlari O‘zbekistonga tashrif buyuradi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligidagi sammitda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston rahbarlari ishtirok etadi. Avvalroq marosimni o‘tkazish joyi sifatida Samarqand tanlangan edi. Aslida sammit 2024 yilda bo‘lib o‘tishi kerak edi, biroq o‘tgan yili YeI yangi hukumat tuzgani sababli bu 2025 yilga ko‘chirilgan.

Sammit YeIga Markaziy Osiyo bilan ikki tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirish va mintaqaviy hamkorlikni kengaytirishdan geosiyosiy manfaatdorligini namoyish etish uchun asosiy imkoniyat bo‘ladi. Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi va Afg‘onistonda davom etayotgan voqealar bilan ifodalangan o‘zgaruvchan geosiyosiy manzarada YeI va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi munosabatlar tobora strategik ahamiyatga ega bo‘lib bormoqda, deyiladi bayonotda.

Sammit davomida YeI o‘zaro manfaatli sohalarda, jumladan, transport va raqamli aloqa — mintaqa ichida va YeI bilan, strategik xomashyo, iqtisodiyot va xavfsizlik, toza va samarali energiya manbalariga o‘tish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirishga sodiqligini yana bir bor tasdiqlashi kutilmoqda.

Mavzuga oid