Jahon | 02:00 / 15.02.2025
11683
7 daqiqa o‘qiladi

«Hammasini Tramp boshqaradi» – Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha harakatlar boshlandi

Oxirgi ikki kunda Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushga aloqador juda ko‘p voqealar bo‘lib ketdi. Ularning barchasini kuzatish uchun imkon topish qiyin. Biz bu borada sizga yordam beramiz va turli minbarlarda, intervyularda, telefon suhbatlarida yangragan bayonotlarni o‘ziga xos kombo ko‘rinishida sizga taqdim etamiz. Iltimos, YouTube kanalimizga yuklangan videoga like bosishni unutmang. Ko‘rib bo‘lgach, izohlarda o‘z fikringizni qoldiring.

Trampning qo‘ng‘irog‘i

Biz Amerika prezidenti juda katta odam, deb ko‘p takrorlaymiz. Shu kunlarda ushbu gap navbatdagi marta isbotini topdi. Donald Tramp bir necha soat ichida avvaliga Putinga, keyin Zelenskiyga qo‘ng‘iroq qilib, hamma yerni parokanda qilib yubordi.

Dunyo qaysidir ma’noda Trampning donoligiga umid qilib, u tez orada urushni tugatish bo‘yicha aql bovar qilmas, hammani qanoatlantiradigan reja e’lon qiladi deb kutayotgandi. Ammo yevropaliklar bir uxlab turishsa, Amerika prezidenti Putin va Zelenskiy bilan telefonda gaplashgan, o‘z uslubida bayonotlar ham berib bo‘lgandi. Shunda ko‘pchilik tushunib yetdi: bu hamon o‘sha-o‘sha, Helsinkida Putin bilan gaplashgan Tramp ekan.

Uning gaplaridan kelib chiqadiki, Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha muzokaralarda asosiy ikki tomon Rossiya va AQSh bo‘ladi. Urush o‘z hududida bo‘layotgan Ukraina-chi? Kiyevning strategik hamkori Yevropa Ittifoqi-chi? Trampning bayonotlari mana shunday savollar bilan qarshi olindi.

Darvoqe, Putin telefon suhbati chog‘ida Trampni Moskvaga taklif qilibdi. Kreml rasmiy vakili Dmitriy Peskov esa Rossiya Trampni 9 maydagi g‘alaba paradida kutishini aytdi. Rossiyalik huquqshunos Mark Feygin ancha avval Dmitriy Gordon bilan intervyu vaqtida Rossiya 9 may kuni Ukraina ustidan g‘alaba haqida e’lon qilishni ko‘zlayotganini aytgandi. Aftidan, Feygin nimanidir bilgan ko‘rinadi.

Tramp avvaliga Putin bilan Saudiyada ko‘rishishi, keyin Moskva hamda Vashingtonda ham uchrashuvlar bo‘lishi haqida gapirdi. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, Saudiyada Tramp aytganidek Amerika va Rossiya prezidentlari uchrashmaydi, shunchaki Rossiya, Ukraina va Amerika vakillari muloqot qiladi. Shunday ekan Tramp Putin bilan Moskva hamda Vashingtonda uchrashishi haqida gaplari ham bekor bo‘lib chiqishi hech gap emas.

«Hammasini Tramp boshqaradi»

Keyinroq Pentagon yangi rahbari, sobiq teleboshlovchi Pit Hegset yangi ma’muriyat muzokaralarda nimani istayotgani haqida gapirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha muzokaralarni to‘laligicha Donald Tramp boshqaradi. Hegset muzokaralar yakunida Ukraina NATOga qabul qilinishi imkonsiz masala ekani, lekin hech qanday variant istisno qilinmasligini ham aytdi.

AQSh yangi mudofaa vaziriga ko‘ra, prezident Tramp xohlasa, hatto Ukrainaga yadro quroli berishi mumkin ekan. Pentagon rahbari shu tariqa Tramp ikki tomonga ham bosim o‘tkaza olishiga ishora qilgan ko‘rinadi.

Pit Hegset muzokaralar boshlanishi uchun Rossiya hech qanday yon berishi shart emasligini ma’lum qildi. Uning aytishicha, Ukraina 2014 yilgi chegaralariga qaytishi imkonsiz va bu Putinga yon bosish emas, reallikdir. Ya’ni Pentagon rahbari Ukraina Qrim tugul Donbassdagi Rossiya bosib olgan shaharlarini ham qaytara olmaydi, demoqchi.

Vazir Hegset Trampni muzokaralar davomida hech kim alday olmasligini ifodaviy qilib tushuntirdi va «hech kim Sem amakini go‘l amaki qilolmaydi», dedi. Bilasiz, Sem amaki AQShning ramzi hisoblanadi. Bu so‘z mamlakatning inglizcha nomini qisqartirishdan olingan. Ya’ni uncle Unitedʼdan, Sam states of Americaʼdan.

Buzuq samolyot Vashingtonga qaytdi

Tramp qaytishi bilan Amerikada bir nechta shov-shuvli aviahalokatlar sodir bo‘ldi. Aftidan, Amerikadagi samolyotlarga nimadir bo‘lyapti. Axir ichida AQSh bosh diplomati – davlat kotibi Mark Rubio bo‘lgan samolyot Myunxendagi xavfsizlik bo‘yicha konferensiyaga yo‘l olayotganda havoda buzilib qolib, Vashingtonga qaytdi. Xabarlarda aytilishicha, samolyotning oynasida muammo kuzatilib, ortga qaytishga majbur bo‘lgan. Janob Rubio boshqa samolyotga o‘tirib, Germaniyaga yo‘l olgan.

«Bizsiz o‘tadigan muzokarani qabul qilmaymiz»

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Tramp bilan yaxshi suhbat o‘tkazgani, ammo Ukrainasiz o‘tadigan har qanday muzokarani qabul qilmasligini aytdi. Ya’ni Rossiya va AQSh Ukraina taqdirini o‘zaro hal qilolmaydi, dedi. Zelenskiy nima bo‘lganda ham shoumen, qachon nimani gapirishni biladi va Tramp bilan telefon suhbati haqida gapirganda ham shunday ilmoqli bayonotlar berdi. «Tramp Putin bilan gaplashish asosiy vazifa bo‘lmaganini aytdi va men unga ishondim», dedi Zelenskiy. Ya’ni Ukraina prezidenti o‘rtoq Putin, o‘rtoq Tramp menga siz bilan nimalarni gaplashganini aytib berdi, hatto siz bilan gaplashishni unchalik istamaganini ham aytdi, demoqchi.

Zelenskiyning fikricha, avvaliga AQSh va Ukraina o‘zaro kelishib, Putinni to‘xtatish rejasini ishlab chiqishi, shundan keyingina Rossiya bilan muloqotga kirishishi kerak. Ukraina tinchlik muzokaralarida Yevropa vakillari bo‘lishi kerakligini navbatdagi marta takrorladi.

Bugun Myunxendagi xavfsizlik konferensiyasi doirasida bir qator muhim uchrashuvlar o‘tkazildi. Xususan, Ukraina prezident ma’muriyati rahbari Ondriy Yermak AQSh prezidentining Ukraina va Rossiya bo‘yicha maxsus vakili Kit Kellog bilan uchrashdi. Bugun AQSh vitse-prezidenti Jyey Di Vens va davlat kotibi Marko Rubio prezident Zelenskiy bilan uchrashishi kutilmoqda. Biz voqealar rivojini diqqat bilan kuzatamiz va Myunxen konferensiyasi bo‘yicha alohida video e’lon qilamiz.

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.

Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov.

Ўткир Жалолхонов
Muallif Ўткир Жалолхонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid