Jahon | 19:52 / 17.02.2025
9758
4 daqiqa o‘qiladi

Lavrov AQSh bilan muzokaralar uchun Saudiya Arabistoniga uchadi

Zelenskiy Ukraina Ar-Riyoddagi muzokaralarni tan olmasligini bildirdi.

Oleg Petrasiuk / Reuters / Scanpix / LETA

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov va Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov ertaga, 18 fevral kuni Saudiya Arabistonida AQSh vakillari bilan bo‘lib o‘tadigan uchrashuvda ishtirok etadi. Bu haqda Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qildi.

Peskovning aytishicha, muzokaralar «Rossiya-AQSh munosabatlarining butun kompleksini tiklash», shuningdek, «Ukrainadagi vaziyatni tartibga solish va ikki prezident uchrashuvini tashkil etish bo‘yicha ehtimoliy muzokaralarni tayyorlash»ga bag‘ishlanadi.

Bloomberg 15 fevral kuni manbalarga tayanib, Saudiya Arabistonida AQSh prezidenti Donald Tramp va Rossiya prezidenti Vladimir Putinning fevral oyi oxirida bo‘lib o‘tishi mumkin bo‘lgan ehtimoliy uchrashuvi muhokama qilinishi haqida yozgan edi.

17 fevral tongida Saudiya Arabistoniga AQSh davlat kotibi Marko Rubio uchib keldi. Amerika delegatsiyasidan prezidentning milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Mayk Uols va Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakil Stiv Uitkoff ham o‘rin olgan.

Uitkoff o‘tgan haftada Moskvaga ham borgandi. Uning safarining rasmiy maqsadi Rossiyada giyohvand moddalar kontrabandasi uchun qamalgan AQSh fuqarosi Mark Fogelni vatanga qaytarish edi. Fogel rossiyalik kriptohaker Aleksandr Vinnikka almashtirildi. Fox News xabariga ko‘ra, Uitkoff safar davomida Putin bilan uchrashgan.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 16 fevral kuni Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tadigan uchrashuv haqida hech narsa bilmasligini aytgan va AQSh Kiyev bilan oldindan maslahatlashmasdan tinchlik kelishuvlarini muhokama qilishni rejalashtirayotganidan xavotir bildirgandi. Politico nashri Ukraina rasmiylariga tayanib, Saudiya Arabistonidagi muzokaralar haqidagi xabar Ukraina uchun kutilmagan voqea bo‘lganini yozgan. Tramp 16 fevral kuni kechqurun Zelenskiy muzokaralarga jalb qilinishini ma’lum qildi — biroq aynan qanday yo‘l bilan ekaniga aniqlik kiritmadi.

17 fevral kuni Zelenskiy RF va AQSh vakillari Ar-Riyodda uchrashishi to‘g‘risidagi xabarga munosabat bildirib, Ukraina hukumati bu muzokaralarni tan olish niyatida emasligini ma’lum qildi. «Ukraina ishtirok etmaydi. Ukrainaga bu haqida xabardor qilinmagan. Ukraina o‘z ishtirokisiz o‘tkaziladigan har qanday muzokaralarni natijasiz deb hisoblaydi. Va biz, bizning ishtirokimizsiz Ukraina borasida erishilgan har qanday narsalar yoki shartnomalarni tan ololmaymiz. Biz bunday kelishuvlarni tan olmaymiz», — deydi Zelenskiy.

Ukraina prezidenti bo‘lajak muzokaralar «ikki tomonlama ahamiyatga» egaligi, Moskva va Vashington «agar ularda ikki tomonlama masalalar bo‘lsagina bunga haqli» ekanini ta’kidlagan.

Ayni vaqtda Zelenskiy rasmiy tashrif bilan Birlashgan Arab Amirliklarida bo‘lib turibdi. 18 fevral kuni Ukraina prezidenti Saudiya Arabistoniga yo‘l oladi. Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, uning Ar-Riyodga safari «Saudiya Arabistonida Qo‘shma Shtatlar va Rossiya vakillari darajasida sodir bo‘layotgan voqealarga umuman aloqador emas».

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid