Jahon | 19:09 / 03.03.2025
6982
4 daqiqa o‘qiladi

AQSh ham ma’naviy, ham huquqiy jihatdan Ukrainaga yordam berish majburiyatiga ega - siyosatshunoslar

Donald Tramp Ukrainaga yordamni savol ostiga olish bilan AQShning Budapesht kelishuvi bilan zimmasiga olgan majburiyatidan bo‘yin tovlayapti.

Kun.uz'ning jonli efirdagi “Geosiyosat” dasturida siyosatshunoslar Ukraina xavfsizligi uchun mas’uliyatni olgan davlatlar zimmasidagi burch haqida so‘z yuritishdi.

Ma’lumot uchun, 1994 yil 5 dekabrda Ukraina, Rossiya, Buyuk Britaniya va AQSh yetakchilari Budapesht memorandumini imzolagan. Bu hujjat asosida Ukraina Yadro qurolini tarqatmaslik shartnomasiga qo‘shilgan, sovet yadro qurollari Rossiyaga qaytarilgan, buning evaziga Rossiya, Britaniya va AQSh Ukrainaga xavfsizlik kafolatlarini bergan.

AQSh Ukrainaga yordam berishga majburmi?

Kamoliddin Rabbimov: Bu yerda Amerikaning ma’naviy va huquqiy majburiyatlari bor. Sovet ittifoqi qulagandan keyin, ittifoqning yadroviy qurollari uchta respublikada mavjud edi. Rossiya Federatsiyasidan tashqari, Ukraina va Qozog‘istonda. Agar Ukrainadagi yadroviy arsenal saqlab qolinsa, Ukraina dunyoda uchinchi katta harbiy yadroviy arsenalga ega davlat bo‘lardi. Kallaklar soni bo‘yicha Fransiya va Angliyadan oldinroqda turgan bo‘lishi mumkin edi, chunki Angliyada, Fransiyada ikki yuz, ikki yuz elliktadan yadroviy raketa bor, Ukrainada uch yuzta bo‘lardi.

Klinton yaqinda bergan intervyusida men qilgan ishimdan pushaymonman dedi. Men juda katta xato qilganman dedi. Tahlilchilar 1992 yildagi maqolalarida aytgan: “Ukrainadan atom bombasini olib qo‘ymanglar, bu ertaga Ukrainaga muammo bo‘ladi” degan edi. Chunki Rossiya hamla qiladi yoki Bolqondagi konfliktlar bu yoqqa ko‘chadi deb ta’kidlangan edi. O‘shanda katta davlatlar Ukraina xavfsizligiga kafolat bergan edi. Boshida Klinton turgan, Rossiya, Xitoy ham xo‘p degan, Fransiya va Angliya ham buni qo‘llagan.

Ukraina xavfsizligi masalasi – Amerikaning huquqiy majburiyati edi. Endilikda, ma’naviy majburiyatlari ham bor. Chunki Ukraina G‘arbdagi klublarga – masalan Yevropa Ittifoqi, NATO kabilarga qo‘shilish uchun demokratiya tomon qadam tashladi. 2008 yilda Jorj Bush Ukraina va Gruziyaning NATOga a’zo bo‘lish harakatlarini boshlab bergan.

Shuhrat Rasul: Hozir Budapesht memorandumi haqida gaplashyapmiz. O‘shanda AQSh 100 foiz Ukraina tarafida turgan. Endi Rossiya agressiyasiga qarshi kurashda Ukrainani qo‘llab-quvvatlash – AQShning burchi. Nafaqat AQShning, xuddi shunday Fransiyaning ham, Britaniyaning ham va hattoki Xitoyning ham burchi edi, chunki ular hammasi mas’ul bo‘lishgan.

Qozog‘istonga ham xuddi shunday memorandum bilan xavfsizlik kafolati berilgan. Shu kafolatni bergan davlatlarning hammasi, kerak bo‘lsa, qo‘shin bilan kirishi kerak edi. Amerika, mana Bayden davrida qurol-yarog‘ va gumanitar yordam bilan qo‘lladi, Tramp esa shu kelishuvni bajarishdan bosh tortyapti. Xitoy esa umuman neytral pozitsiyaga o‘tib oldi.

Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Tayyorlagan Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid