Jahon | 21:35 / 03.03.2025
9887
3 daqiqa o‘qiladi

Oq uy Tramp-Zelenskiy muzokaralarini qayta boshlash shartlarini aytdi

Zelenskiydan Oq uyda Tramp bilan bo‘lgan janjal uchun uzr so‘rash, foydali qazilmalar bo‘yicha bitimni imzolash va tinchlik muzokaralarida ishtirok etishga tayyor bo‘lish talab qilinadi.

Foto: AFP/Getty Images

AQSh prezidenti Donald Tramp va Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy o‘rtasidagi muzokaralar davom etishi uchun ikkinchisi bir nechta shartlarni bajarishi kerak, dedi Oq uyning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Mayk Uols Fox News telekanali efirida. RBK uning so‘zlaridan iqtibos keltirdi.

«Biz Zelenskiydan [28 fevral kuni Tramp bilan uchrashuvda] sodir bo‘lgan voqeadan afsusda ekanligini tan olishga, foydali qazilmalar to‘g‘risidagi bitimni imzolashga va tinchlik muzokaralarida ishtirok etishga tayyorligini eshitishimiz kerak. Menimcha, biz ko‘p narsa talab qilmayapmiz», dedi Uols.

Maslahatchi Qo‘shma Shtatlar Ukrainani «saxiylik bilan qo‘llab-quvvatlagani», ammo harbiy harakatlar «cheksiz» amalga oshirilmasligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Oval kabinetdagi vaziyat Zelenskiy «tinchlik haqida gapirishga umuman tayyor emasligini» ko‘rsatdi.

«Ammo muammo shundaki, vaqt uning tarafida emas, ziddiyatni abadiy davom ettirish uchun [kerak deb hisoblaganlar] tomonida emas. Amerikaning sabr-toqati cheksiz emas, hamyoni tubsiz emas va o‘q-dorilar ombori cheksiz emas», dedi Uols.

Uning ta’kidlashicha, demokratlar va dunyoning ba’zi liderlari Birinchi jahon urushi ruhidagi mojaroning davomi va «odamlar, o‘q-dorilar va milliy resurslarning go‘sht maydalagichi»ni istamoqda.

AQSh prezidenti maslahatchisi Ukraina bilan resurslar bo‘yicha iqtisodiy bitim imzolanmagani haqida ham gapirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u Kiyev va Vashingtonni iqtisodiy jihatdan birlashtirishi mumkin edi, ammo Oq uydagi janjal tufayli Zelenskiy «qosh qo‘yaman deb, ko‘z chiqardi».

O‘z navbatida, Ukraina prezidenti Tramp bilan bo‘lgan kelishmovchilikni izohlar ekan, nima bo‘lganini muhokama qilishni istamasligini aytdi.

«Biz bu formatda mustahkam aloqalarni davom ettirishimiz kerak deb o‘ylamayman. Ishonchim komil, bu vaziyat ortda qoladi va oldinda bundan ham muhim ishlar turibdi. Agar barchamiz konstruktiv bo‘lishda davom etsak, menimcha, ijobiy natijaga erishamiz», dedi u Londonda jurnalistlarga.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid