Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQShning Kiyevga harbiy yordami to‘xtatilishi - bu ukrain armiyasi uchun nimani anglatadi?
AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatishni to‘xtatdi. Ukrainaga Amerika harbiy yuklarini yetkazib berish to‘xtatilgani haqidagi ma’lumotni Reuters agentligining vaziyatdan xabardor manbasi tasdiqlagan.
Harbiy yordamni to‘xtatish to‘g‘risidagi qarorni qabul qilishdan oldin Oq uyning Oval kabinetida davlat rahbarlarining dramatik uchrashuvi bo‘lib o‘tgandi, u keskin tortishuvlar, foydali qazilmalar bo‘yicha kelishuv barbod bo‘lishi va Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning Vashingtonni shoshilinch tarzda tark etishi bilan yakunlangandi.
Gap aynan qanday qurollar haqida ketayotgani va ularning o‘rnini bosish imkoniyati bor-yo‘qligi haqida oldinroq yozilgandi. Ammo Ukraina va uning Yevropadagi ittifoqchilarining muammosi faqat bunda emas.
AQSh tomonidan harbiy yordam to‘xtatilishi Ukraina qurolli kuchlarining jangovar qobiliyatiga va yaqin kelajakda frontdagi vaziyatga qanday ta’sir qilishi mumkin?
BBC rus xizmati sharhlovchisi Ilya Abishev navbatdagi materialida shu va boshqa muhim savollarga javob izladi.
AQSh yordami to‘xtatilishi yaqin istiqbolda Ukraina armiyasining jangovar qobiliyati uchun nimani anglatadi?
Harbiy mashina — mustahkamlik va resurslarning katta zaxirasiga ega bo‘lgan murakkab mexanizmdir. Oldingi chiziqda jang qilayotgan bo‘linmalarga yaqin haftalar yoki hatto oylar ichida ham Amerika ta’minoti to‘xtatilgani sezilmasligi mumkin.
Yangi qurol-yarog‘lar yetkazilmasligi muammolari asta-sekin to‘planib boradi va birinchi navbatda kelgusidagi amaliyotlarni rejalashtirishda aks etadi.
Va bunday amaliyotlar bir necha oy oldindan rejalashtiriladi va doimo mudofaaga ustuvorlik beriladi.
Ukraina 2023 yil kuzidan 2024 yil bahorigacha ham AQSh Kongressi Bayden ma’muriyati bilan moliyalashtirish bo‘yicha kelisha olmaganida, AQSh harbiy ta’minoti to‘xtatilishi muammosiga duch kelgan edi.
Aynan shu davrda Ukraina qurolli kuchlari frontning deyarli barcha uchastkalarida strategik tashabbusni Rossiya armiyasiga topshirdi va asosiy e’tiborni mudofaaga qaratdi. Shu bilan birga, barcha mudofaa operatsiyalari ham muvaffaqiyatli bo‘lmadi — avval Avdiyivkadagi asosiy istehkom, keyin yana bir necha muhim pozitsiyalar boy berildi, rus armiyasi Xarkiv oblastiga bostirib kirdi.
AQSh harbiy ta’minoti tiklanishi bilan Ukraina qurolli kuchlari Xarkiv yo‘nalishidagi vaziyatni barqarorlashtirdi va Kursk oblastida (darhol emas) hujum amaliyoti boshladi.
Ammo harbiy mojaro endi boshlangan 2014-2015 yillardan buyon Donetsk oblastida Ukraina qurolli kuchlari ushlab turgan va katta resurslar sarflangan muhim pozitsiyalar boy berilishi oqibatlari vaziyatga hamon ta’sir ko‘rsatmoqda.
Qanday yordam to‘xtatilishi frontdagi vaziyatga eng jiddiy zarba bo‘lishi mumkin?
Birinchi navbatda, barcha turdagi raketalar yetkazib berilishi to‘xtatilishi — ham operativ-taktik komplekslar uchun, ham havo hujumidan mudofaa tizimlari va aviatsiya uchun. Shuningdek, razvedka ma’lumotlarini almashish.
Dushman hududi ichkarisiga kuchli preventiv (oldini oluvchi) zarbalar yo‘llash imkoniyati unga yirik hujum amaliyoti uchun qo‘shinlarni to‘plash imkonini bermaydi, uni ko‘p sonli, ammo tarqoq hujumlarga o‘tishga majbur qiladi va uning son va sifat jihatdan ustunligini yo‘qqa chiqaradi.
Zamonaviy kuzatuv tizimlari va raketalarga ega bo‘lgan ko‘plab raketaga qarshi/havo hujumiga qarshi komplekslar mavjudligi esa raqibning ancha qimmat ballistik va qanotli raketalardan foydalangan holda uyushtiriladigan hujumlarni samarasiz qiladi.
AQSh kassetali o‘q-dorilarni taqiqlash to‘g‘risidagi konvensiyaga qo‘shilmagani ham ahamiyatlidir, bu unga ommaviy qirg‘in vositalarini ishlab chiqarishga imkon beradi. Shuningdek, piyodalarga qarshi minalarni taqiqlash haqidagi konvensiyaga ham — bu keng ko‘lamli mojaro sharoitida juda muhim.

Razvedka ma’lumotlari-chi? Starlink o‘chirib qo‘yilsa nima bo‘ladi?
Hozircha tushunarsiz. Turli manbalar ishontirishicha, hozircha razvedka ma’lumotlari almashinuvi to‘xtamagan.
Ukraina qurolli kuchlari taktik va operativ-taktik darajada Vashingtonning razvedka yordamiga unchalik muhtoj emas.
Sodda qilib aytganda, ukrainlar razvedka ma’lumotlarini jang maydonida ham, dushman hududining 40-50 km va undan ortiq chuqurligida ham o‘z kuchlari bilan — dronlar, aviatsiya, chekinish paytida qoldirilgan «juchoklar», radioelektron razvedka vositalari, agentura ma’lumotlari va boshqalar yordamida olishadi.
Yuqori darajadagi razvedka ma’lumotlariga kelsak, AQSh, birinchidan, ularni NATO bo‘yicha ittifoqdoshlari bilan baham ko‘rishdan bosh tortmadi, ikkinchidan, ittifoqchilar hozircha bu ma’lumotlarni Kiyev bilan baham ko‘rishni taqiqlamagan, buning ustiga NATO liniyasi bo‘yicha bu ma’lumotlar umumiy.
Starlink sun’iy yo‘ldosh tizimlarini almashtirish imkoniyati haqida allaqachon ko‘p yozishgan, ukrainlar buni qilishgan. Gap shundaki, Starlink harbiy texnika emas.
Yevropa yordamning qaysi qismining o‘rnini bosishi mumkin?
Yevropadagi harbiy-sanoat kompleksida faoliyat yurituvchi kompaniyalar — Germaniyaning Rheinmetall, Britaniyaning BAE Systems, Fransiyaning Dassault Aviation va Thales, Shvetsiyaning Saab, Italiyaning Leonardo kompaniyalarining qimmatli qog‘ozlari narxi 10 foizdan 18 foizgacha ko‘tarildi.
Ammo bu faqat Yevropa harbiy-sanoat kompleksi aksiyalari jozibadorligi o‘sishini ko‘rsatadi, gap uning harbiy mahsulotlar ishlab chiqarishni tezda oshirish qobiliyati haqida emas.
Yevropa AQShniki kabi mahsulotlarni ishlab chiqara oladi. Faqat kam. Hozircha.
Amerikaning qo‘llab-quvvatlashidan to‘liq voz kechilgan taqdirda, Ukraina armiyasi AQSh tomonidan ommaviy ravishda yetkazib berilayotgan mahsulotlarning o‘tkir taqchilligini boshdan kechiradi. Bular asosiy zarba berish vositalari — snaryadlar, minalar, tankka qarshi, zenit, taktik va operativ-taktik raketalar, jangovar zirhli texnika va zirhli transport vositalaridir.
Havo hujumidan mudofaa tizimlari bo‘yicha nima gap?
Amerikaning Patriot va o‘xshash xususiyatlarga ega Yevropa tizimlari Ukrainada asosan qo‘shinlarni emas, balki yirik shaharlarni himoya qiladi. Amerika havo hujumidan mudofaa tizimlariga raketalar yetkazib berishni to‘xtatish Ukraina qurolli kuchlari taktikasiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi dargumon — hozirgi urush kuchlarni musht qilib tugish emas, balki tarqalib ketish va to‘satdan zarba berish qobiliyatiga ko‘proq bog‘liq.
Ammo raketa hujumiga qarshi tizimlar uchun ta’minot to‘xtatilsa, shaharlar himoyasi zaiflashishi mumkin.
F-16 qiruvchi samolyotlari, ularga xizmat ko‘rsatish, uchuvchilarni tayyorlash va jihozlash bilan ham xuddi shu gap. Ukraina qurolli kuchlari balansida turgan bunday samolyotlarning asosiy vazifasi — yirik strategik obektlarga aviatsiya va raketa zarbalarini qaytarishdir. Qanotlari ostida olib uchadigan Amerika raketalarisiz ulardan foyda yo‘q.
Dushman hududini Eronning Shaheed’lari kabi sekin harakatlanuvchi dronlar bilan bombardimon qilish va bunday zarbalarni qaytarish masalasiga kelsak, ikkala tomon ham buni asosan o‘z kuchlari bilan va o‘zgaruvchan muvaffaqiyat bilan amalga oshirmoqda.
AQShning harbiy yordamni to‘xtatish haqidagi bayonotidan keyin front chizig‘idagi janglar dinamikasi o‘zgardimi?
Yo‘q, o‘zgarmadi, ammo bunday bo‘lishi ham kutilmagandi. Yuqorida aytib o‘tilganidek, barcha yirik harbiy operatsiyalar hozirgi vaziyatdan kelib chiqib va yaqin istiqbolni hisobga olgan holda ancha oldindan rejalashtiriladi.
Hozirda Rossiya armiyasi, aftidan, Pokrovsk-Mirnograd aglomeratsiyasini tezda qo‘lga kiritish rejalaridan voz kechgan va bor kuchini undan shimolga — Konstantinovka shahriga yo‘naltirmoqda, Toretsk va Chasiv Yar (hali to‘liq qo‘lga kiritilmagan) tomonidan ikki yo‘nalishda zarba berish rejalashtirilmoqda.
Konstantinovka qo‘lga kiritilsa, Kramatorsk va Slovyanskka hujum qilish uchun sharoit yaratiladi. Lekin hali Konstantinovkaga yetib olish kerak.
Rossiya armiyasi Donetsk oblasti g‘arbida ham, Xarkiv sharqidagi Kupyansk hududida ham hujum harakatlarini davom ettirmoqda, biroq joriy yil boshida uning oldinga siljish sur’ati sezilarli darajada sekinlashdi, yo‘qotishlar esa kamaymadi.
Mavzuga oid
13:11 / 28.05.2025
NYT: Rossiya Zaporijjya AESni o‘z energotizimiga ulashni rejalashtirmoqda
11:58 / 28.05.2025
Yevroittifoq 150 mlrd yevrolik SAFE mudofaa fondini tuzdi
20:37 / 27.05.2025
Kellog: Rossiya va Ukrainaning urushdagi yo‘qotishlari 1 million kishidan oshdi
20:17 / 27.05.2025