Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Bolta o‘rniga skalpel». Tramp Maskning vakolatlarini cheklashga qaror qildi
AQSh prezidenti Ilon Mask boshqarayotgan departament faoliyatini muhokama qilish uchun yig‘ilish o‘tkazdi. U birinchi marta DOGE rahbarining vakolatlarini cheklash bo‘yicha sezilarli qadam tashlamoqda.
AQSh prezidenti Donald Tramp hukumat a’zolari bilan yig‘ilish o‘tkazib, unda kadrlar siyosati masalalarida DOGE rahbari Ilon Mask emas, federal agentliklar rahbarlari hal qiluvchi so‘z aytishini aytdi. Bu haqda Politico, Reuters va CNN o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.
CNN xabariga ko‘ra, Trampning federal agentliklar rahbarlari bilan uchrashuvi 90 daqiqa davom etgan va kameralarsiz o‘tgan.
Unda Tramp, xususan, Maskning federal hukumat xodimlari soni va xarajatlarini qisqartirish bo‘yicha sa’y-harakatlarini to‘liq qo‘llab-quvvatlashi, biroq milliarder va u boshchilik qilayotgan hukumat samaradorligi departamenti faqat maslahatchi rolini o‘ynashini aytdi, deb yozadi Reuters.
Uchrashuvda ishtirok etgan Maskning o‘zi ham prezident bilan hamfikr ekanini bildirgan. Politico xabariga ko‘ra, tadbirkor hatto o‘z departamenti «ba’zi xatolarga yo‘l qo‘ygani»ni tan olgan.
CNN bu uchrashuv «prezident Maskning keng vakolatlarini cheklashga urinayotganining dastlabki misollaridan biri bo‘lgani»ni qayd etdi. Politico ham buni avvalroq Amerikadagi davlat xizmatchilarini yoppasiga ishdan bo‘shatishni boshlagan «Maskning vakolatlarini cheklash bo‘yicha birinchi muhim qadam» deb baholagan.
Oq uydagi uchrashuvdan so‘ng Tramp o‘ziga tegishli bo‘lgan Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida davlat xizmatchilari sonini qisqartirish g‘oyasidan voz kechmasligi, biroq «o‘z ishini yaxshi bajaradigan eng yaxshi va samarali xodimlarni saqlab qolish» muhim deb hisoblashi haqida yozdi.
«Biz boltani emas, skalpelni [ishlating] deyapmiz. Birgalikda ular [hukumat a’zolari], Ilon, DOGE va boshqa ajoyib insonlar tarixiy darajada muvaffaqiyatga erisha oladi», – deb yozgan Tramp.
AQSh prezidenti uchrashuv «juda ijobiy ruhda» o‘tgani va uning ishtirokchilari o‘rtasida «favqulodda» munosabatlar o‘rnatilganini ta’kidlagan.
Tramp davlat xizmatchilari soni «bo‘lishi kerak bo‘lgan miqdorga tushmagunicha» bu kabi uchrashuvlarni har ikki haftada o‘tkazib turishga va’da bergan.
So‘nggi haftalarda Tramp ma’muriyati ko‘plab agentliklardan o‘n minglab federal xizmatchilarni ishdan bo‘shatdi. Ular Tramp buyrug‘i bilan qayta ishga olinadimi yoki yo‘qmi, hozircha noma’lum.
Amerikaning yangi ma’muriyati ish boshlaganidan beri Ta’lim vazirligi, Kichik biznes boshqarmasi (SBA), Iste’molchilarni moliyaviy himoya qilish byurosi (CFPB), Umumiy xizmatlar boshqarmasi (GSA), AQSh pochta xizmati (USPS) va boshqalarga to‘liq yopilish, keng ko‘lamli qisqartirishlar yoki muddatsiz ta’tillar haqida xabarlar yuborilgan.
Federal sudya va Federal fuqarolik xizmati kengashi raisi ishdan bo‘shatishlar mahsuldorlik bilan bog‘liq muammolarga bog‘liq emas va davlat xizmati to‘g‘risidagi qonunlarni buzgan holda sodir bo‘lishi mumkin degan xulosaga kelgan.
Tesla va SpaceX bosh direktori Ilon Mask Donald Trampni saylovoldi kampaniyasi vaqtida faol qo‘llab-quvvatlagan va uning asosiy homiysiga aylangan edi. Saylovdagi g‘alabadan keyin ushbu milliarder Tramp ma’muriyatida Hukumat samaradorligi departamenti (DOGE) rahbari lavozimini oldi, uning vazifasi, o‘zining so‘zlariga ko‘ra, budjet xarajatlarini, shishirilgan apparatlarni qisqartirish va korrupsiyaga qarshi kurashishdan iborat.
Mask va Tramp DOGE «byurokratiyani yo‘q qilishi»ni va’da qilgan. Ushbu departament Amerika hukumati faoliyatining samardorligini oshirishi va bir yarim yildan keyin tugatilishi kerak.
Fevral oyi oxirida Mask nazorati ostidagi kadrlar boshqarmasi (Office of Personnel Management — OPM) davlat departamentlari va tuzilmalarining millionlab xodimlariga hafta davomida bajarilgan ishlar to‘g‘risida hisobot berishlarini so‘rab xat yubordi.
Ba’zi idoralar o‘z xodimlariga darhol bo‘ysunishni maslahat berishdi, ammo AQShning bir qator muhim idoralari, jumladan FQB, Davlat departamenti va Pentagon Maskning talablarini bajarishdan bosh tortdi.
Mavzuga oid
12:35 / 28.05.2025
Tramp: Kanada "Oltin gumbaz" himoyasini 61 mlrd dollarga oladi
10:23 / 28.05.2025
Davlat departamenti spikeri: Rossiya Trampning so‘zlarini jiddiy qabul qilishi kerak
09:43 / 28.05.2025
SpaceX'ning Starship kemasi to‘qqizinchi sinov parvozi muvaffaqiyatsiz tugadi
09:03 / 28.05.2025