Jahon | 12:45 / 07.03.2025
3847
2 daqiqa o‘qiladi

Ukrainadagi muxolifat yetakchilari urush paytida saylovlar o‘tkazilishini istisno etdi

Trampning ishonchli shaxslari Yuliya Timoshenko va «Yevropa birdamligi» partiyasi a’zolari bilan yashirin muzokaralar olib borgan. Muzokaralar chog‘ida Ukrainada muddatidan oldin saylovlar o‘tkazish imkoniyati muhokama qilindi.

Foto: AP

Amerika ommaviy axborot vositalari AQSh va Ukraina muxolifati siyosatchilari Petr Poroshenko va Yuliya Timoshenko jamoalari o‘rtasida Ukrainada bo‘lishi mumkin bo‘lgan saylovlar bo‘yicha muzokaralar olib borgani haqidagi xabarlaridan so‘ng, ikkala siyosatchi ham bunday qadamni rad etdi. «Bizning jamoamiz har doim urush paytida saylovlar o‘tkazilishiga qat’iyan qarshi bo‘lib kelgan va bu pozitsiyaga sodiq qolishda davom etmoqda», — dedi Poroshenko 6 mart, payshanba kuni.

2014-2019 yillarda Ukraina prezidenti bo‘lib ishlagan Petr Poroshenko o‘t ochishni to‘xtatish va Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlari bilan tinchlik shartnomasi imzolangan taqdirdagina saylovlar o‘tkazilishi mumkinligini ta’kidladi.

O‘z navbatida, ikki marta Ukraina bosh vaziri bo‘lgan va «Batkivshchina» partiyasini boshqargan Yuliya Timoshenko uning jamoasi «imkon qadar tezroq adolatli tinchlikni ta’minlay oladigan barcha ittifoqchilar bilan» muzokaralar olib borayotganini aytdi. Ungacha «Ukrainada saylov o‘tkazish haqida gap bo‘lishi mumkin emas», deb ta’kidladi u.

Yashirin muzokaralar

Hozirda Ukrainada harbiy holat tufayli saylovlar taqiqlangan. Shu bilan birga, Rossiya va AQSh prezidenti Donald Tramp Volodimir Zelenskiyni hokimiyatda «saylovlarsiz» qolgani uchun tanqid qilyapti va ularni imkon qadar tezroq o‘tkazishni talab etyapti.

4 mart kuni Amerikaning Politico nashri Trampning yuqori martabali ishonchli shaxslari Timoshenko va Poroshenkoning muxolifatdagi «Yevropa birdamligi» partiyasi a’zolari bilan Ukrainada prezidentlik saylovlarini imkon qadar tezroq o‘tkazish imkoniyati haqida yashirin muzokaralar o‘tkazgani haqida xabar berdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid