Jahon | 14:31 / 08.03.2025
3205
3 daqiqa o‘qiladi

Germaniyada rossiyalik erkak ukrainlarni o‘ldirgani uchun umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi

Myunxen sudi Bavariyada ikki ukrainalik harbiyni o‘ldirganlikda ayblangan Rossiya fuqarosini umrbod qamoq jazosiga hukm qildi.

Foto: AP

Myunxen sudi Murnauda (Bavariya) ikki ukrainalik harbiyni o‘ldirganlikda ayblangan 58 yoshli Rossiya fuqarosini umrbod qamoq jazosiga hukm qildi. Hukm 7 mart, juma kuni chiqarildi. Sud vakilining so‘zlariga ko‘ra, rossiyalik o‘ta og‘ir jinoyatda aybdor va shuning uchun uni muddatidan oldin ozod qilish deyarli mumkin emas, deb xabar beradi AFP agentligi.

Sudya qotillikning siyosiy sababini isbotlangan deb topmadi. Urushga nisbatan har xil munosabat bo‘lishiga qaramay, janjaldan oldin uchalasi ham bir-birlari bilan muloqot qilishgan. Ayb ayniqsa jiddiy deb hisoblangan, chunki rossiyalik mojarodan keyin uyiga pichoq olib kelgani ketgan.

Sudda aniqlanishicha, erkak g‘arazli niyat bilan harakat qilgan va boshqa jinoyatni ham yashirgan. Bundan tashqari, u juda ko‘p jinoiy ishlarga ega edi va politsiya nazorati ostida bo‘lgan.

Hukm ustidan Germaniyaning Karlsruedagi Federal konstitutsiyaviy sudiga shikoyat qilish mumkin.

Ukrainlar Murnau klinikasida operatsiya qilindi

23 va 36 yoshli ukrainaliklar urushda yaralanganidan so‘ng, baxtsiz hodisalarda jarohatlanganlarga travmatizmni davolashga ixtisoslashgan Murnau klinikasida operatsiya qilingan.

Prokuratura ayblanuvchi va ukrainalik harbiylar bir-birlari bilan yuzaki tanish bo‘lganini ta’kidladi. Qotillik sodir bo‘lgan kuni ular Ukrainadagi urush sababli janjal keltirib chiqarishgan, uchalasi ham birga spirtli ichimliklar ichishgan.

Rossiyalik shaxs o‘z kvartirasiga qaytib, pichoqni olgan va 36 yoshli ukrainalikning bo‘yniga orqa tomondan bir necha marta pichoq urgan. Ikkinchisi kutilmagan holat tufayli o‘zini himoya qila olmadi. Keyin ayblanuvchi birinchi jinoyatni yashirish maqsadida ayblanuvchi 23 yoshli ukrainalikka besh marta pichoq urgan.

Ayblanuvchining so‘zlariga ko‘ra, mojaro faqat spirtli ichimliklarni iste’mol qilish fonida boshlangan. «Endi, hushyor holatda, sodir bo‘lgan voqeadan chuqur afsusdaman», — deya uning so‘zlarini keltiradi dpa agentligi.

Murnau burgomistri Rolf Boyting ham jinoyatda hech qanday siyosiy sabab ko‘rmadi va asosiy rolni alkogol o‘ynagan, deb hisoblayapti.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid