Jahon | 21:01 / 11.03.2025
2611
5 daqiqa o‘qiladi

11 mart yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

«Navoiyazot»dagi portlash, «inomarka»lardan voz kechayotgan amaldorlar, prezidentning Fransiyaga tashrifi va ovoz berish boshlangan «Open budjet»ning yangi mavsumi — o‘tgan kun davomida Kun.uz’da yoritilgan dolzarb va muhim O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

«Navoiyazot»dagi portlash: bir kishi halok bo‘ldi

«Navoiyazot» AJda ro‘y bergan portlashda bir kishi qurbon bo‘lgan 11 kishi jarohatlangan. FVV hozirda jabrlanganlarga malakali tibbiy yordam ko‘rsatilayotganini ma’lum qildi.

Voqea 11 mart kuni soat 14:10 da «Navoiyazot» AJning 25-sexi laboratoriyasida gaz-havo aralashmasining portlashi tufayli ro‘y bergan. Portlash natijasida yong‘in kelib chiqqan.

Hodisa joyiga 10 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji yetib borgan. Hozirda yong‘inni bartaraf etish ishlari olib borilayotgani bildirildi. Voqea joyiga viloyat FVB boshlig‘i, IIB, SSB, prokuratura xodimlari chiqishgan. Yong‘in-qutqaruv ekipajlari tomonidan yong‘in soat 14:20 da qurshab olinib, 14:50 da batamom o‘chirilgan.

«Hodisa oqibatida bir nafar fuqaro halok bo‘lgan va 11 nafar fuqaro tan jarohati olgan. Hozirda jabrlanganlarga malakali tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda. Hozirda holat yuzasidan tergovga qadar surishtiruv ishlari amalga oshirilmoqda», deyiladi Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabarida.

Amaldorlar “mahalliy” avtomobillariga o‘tmoqda

Prezident topshirig‘idan keyin, bosh vazir Abdulla Aripov Mercedes-Benz rusumli xizmat avtomobilidan Chevrolet Malibu'ga o‘tgan. Parlament palatalari rahbarlari Chevrolet Tahoeʼdan foydalana boshlagan.

Bosh vazir matbuot kotibiga ko‘ra, Abdulla Aripov 7 mart kuni videoselektor yig‘ilishi o‘tkazib, barcha amaldorlarga xorijiy xizmat mashinalaridan foydalanishni to‘xtatish topshirig‘ini bergan. Amaldorlarning bu qoidani bir necha haftadan keyin joriy qilish haqidagi taklifini bosh vazir rad etgan.

Bosh vazir o‘rinbosarlari ham Malibuʼdan foydalanishga o‘tgan. Viloyatlar hokimlariga esa endilikda Tahoe, Traverse kabi avtomobillar xizmat ko‘rsatmoqda.

Shuningdek, Senat raisi Tanzila Norboyeva va Qonunchilik palatasi spikeri Nuriddin Ismoilov ham Tahoeʼda yuribdi.

Qayd etish lozim, yuqorida nomi tilga olingan avtomobillardan hech biri O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydi, UzAuto Motors tomonidan import qilinadi.

Amaldorlar avval foydalangan «inomarka»lar esa E-auksion platformasi orqali sotuvga chiqarilishi kutilmoqda.

«Tashabbusli budjet»ga ovoz berish boshlandi

Iqtisodiy va moliya vazirligi «Tashabbusli budjet»ning 2025 yilgi 1-mavsumi uchun ovoz berish jarayonini boshladi. Fuqarolar 20 mart soat 23:59 ga qadar o‘z ovozlarini berishi mumkin.

Ovoz berish «Ochiq budjet» portali, uning mobil ilovasi yoki Telegramʼdagi rasmiy bot orqali amalga oshiriladi. Loyihalar 1-20 fevral kunlari taqdim etilib, 11-20 mart kunlari ovoz yig‘iladi. G‘oliblar 21 mart kuni — Navro‘z bayramida e’lon qilinadi.

Senat Kengashi qaroriga ko‘ra, har yili tuman va shahar budjetidan kamida 10, ko‘pi bilan 30 ta loyihaga mablag‘ ajratilishi belgilangan.

Chegarada navbatsiz o‘tish uchun to‘lov

2025 yil 1 maydan boshlab O‘zbekiston chegara bojxona postlarida pulli «Fast-truck» xizmati joriy etiladi. Undan foydalanish uchun BHMning 15 foizi — 56 ming so‘m miqdorida to‘lov to‘lash kerak bo‘ladi.

Bojxona qo‘mitasiga ko‘ra, bu xizmat biznes va tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari uchun ixtiyoriy ravishda taklif etiladi. Ayrim toifadagi shaxslar, xususan, aqliy yoki jismoniy imkoniyati cheklanganlar, bepul o‘tish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Shuningdek, Singapur tajribasiga asoslangan holda bojxona tizimida sun’iy intellekt joriy etilmoqda. Bu deklaratsiya jarayonlarini tezlashtirish, inson omilini kamaytirish va biznes uchun vaqtni tejashga xizmat qiladi.

Mirziyoyevning Fransiyaga davlat tashrifi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 11-13 mart kunlari Fransiyaga davlat tashrifi bilan boradi. Parijda u Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bilan muzokaralar o‘tkazib, rasmiy va ishbilarmon doira vakillari bilan uchrashadi.

Tashrif davomida O‘zbekiston—Fransiya munosabatlarini mustahkamlash, savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish va yirik fransuz kompaniyalari bilan qo‘shma loyihalarni muhokama qilish rejalashtirilgan. Sammit yakunida hukumatlararo bitimlar imzolanadi.

Davlat rahbari YuNeSKO Bosh direktori Odri Azule bilan ham uchrashib, joriy yilning kuzida Samarqandda o‘tadigan Bosh konferensiyaga tayyorgarlik masalalarini muhokama qiladi.

Mavzuga oid