Jahon | 00:19 / 11.03.2025
11047
3 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy Oval kabinetdagi tortishuv uchun Trampdan kechirim so‘radi - AQSh prezidentining maxsus vakili

Stiff Uitkoffning so‘zlariga ko‘ra, Zelenskiy AQSh prezidentiga maktub yo‘llagan va Oval kabinetda yuz bergan tortishuv uchun kechirim so‘ragan.

Foto: Reuters

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy fevral oxirida Oval kabinetda yuz bergan tortishuv uchun AQSh prezidenti Donald Trampdan kechirim so‘radi. Bu haqda Fox News efiri vaqtida Trampning Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili Stif Uitkoff ma’lum qildi.

«Zelenskiy prezidentga maktub yo‘lladi. U Oval kabinetda yuz bergan mojaro uchun kechirim so‘radi. O‘ylaymanki, bu muhim qadam bo‘ldi va bizning jamoalarimiz, shuningdek, ushbu voqeaga aloqador ukrainaliklar va yevropaliklar o‘rtasida ko‘plab munozaralar bo‘lib o‘tdi», — deydi Uitkoff.

AQSh prezidentining maxsus vakili aytgan gaplarda u qanday «kechirim so‘rash»ni nazarda tutgani va Zelenskiy Trampga qanaqa maktub yo‘llagani tushunarsiz.

Ukraina prezidenti 4 mart kuni X ijtimoiy tarmog‘iga Oq uydagi uchrashuv «kutilganidek bo‘lmagani» va bundan afsusda ekani haqida yozgandi. «Bunday bo‘lganidan afsusdaman. Barchasini to‘g‘rilash vaqti keldi. Kelgusi hamkorlik va muloqot konstruktiv bo‘lishini istaymiz», — deyiladi Zelenskiyning postida.

O‘z navbatida kongress qarshisida chiqish qilgan Tramp Ukraina prezidentidan «muhim maktubni olgani»ni ma’lum qildi. AQSh yetakchisi «xabar uchun minnatdor ekanini» qo‘shimcha qilgandi. Ukrainaning Qo‘shma Shtatlardagi elchisi Oksana Markarova Zelenskiy Trampga alohida maktub yozmaganini aytib, AQSh prezidenti kongressga murojaatida Ukraina prezidentining 4 martdagi postidan iqtibos keltirganini bildirdi.

28 fevral kuni Oval kabinetda jurnalistlar qarshisida o‘tkazilgan muloqotda Zelenskiy AQSh prezidenti Donald Tramp va vitse-prezident Jyey Di Vens bilan tortishib qolgandi, shundan keyin Ukraina prezidenti Oq uyni muddatidan oldin tark etdi, nodir metallar bo‘yicha bitim imzolanmay qoldi.

Keyinroq AQSh davlat kotibi Marko Rubio Oq uydagi tortishuv sabab Zelenskiy kechirim so‘rashini kutishayotganini ma’lum qildi. Ukraina prezidenti esa kechirim so‘rash niyatida emasligini bildirdi.

Фозилбек Юсупов
Tayyorlagan Фозилбек Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid