Jahon | 22:24 / 12.03.2025
2260
3 daqiqa o‘qiladi

Kreml Putin va Tramp uchrashuvi ehtimolini muhokama qilmoqda – OAV

Ta’kidlanishicha, Moskva jangovar harakatlarni to‘xtatish evaziga Vashingtonning yon berishlarini maksimal darajada oshirish uchun uchrashuvni iloji boricha kechiktirishni afzal ko‘radi, chunki «vaqt Kreml tomonida».

Foto: AFP

Kreml Rossiya prezident Vladimir Putin va AQSh prezidenti Donald Trampning aprel yoki may oyida uchrashishi imkoniyatlarini o‘rganmoqda, deb yozdi The Moscow Times munozaralardan xabardor bo‘lgan Rossiyaning amaldagi va sobiq rasmiylariga tayanib. Eng ko‘p muhokama qilinadigan ssenariylardan biri - bu Pasxa bayramiga to‘g‘ri keladigan uchrashuv (2025 yilda pravoslav va g‘arbiy cherkovlarda bu 20 aprelga to‘g‘ri keladi).

Ideal holda, Moskva jangovar harakatlarni to‘xtatish evaziga Vashingtonning yon berishlarini maksimal darajada oshirish uchun uchrashuvni iloji boricha kechiktirishni afzal ko‘radi, chunki «vaqt Kreml tomonida», dedi manbalar.

Shu bilan birga, Rossiya rasmiylari uchrashuvni juda ham keyinga qoldirishni istamayapti, chunki ular Vashingtonning bunga qiziqishi yo‘qolishi mumkinligidan xavotirda. Chunki ayni paytda AQSh va Yevropada Moskva bilan o‘zaro munosabatlarga qarshilik kuchayib bormoqda. Shuning uchun uchrashuv har qanday holatda ham «iyun oyidan kechiktirmay» rejalashtirilgan.

Rossiya Ukrainadagi urushni tugatishdan tashqari, muzokaralarda o‘zi uchun muhim ikki tomonlama masalalar, jumladan, sanksiyalarni bekor qilish, AQSh tomonidan Rossiyaning yirik loyihalariga sarmoya kiritishi, strategik barqarorlik va qurol nazorati kabi masalalarni ham qamrab olishni istaydi.

«Bizga ham, Trampga ham aniq g‘alabalar kerak. G‘alabalar faqat yaxshi tayyorlangan, hujjatlashtirilgan kelishuvlardan kelib chiqadi va bu keng ko‘lamli tayyorgarlik ishlarini talab qiladi», deb ta’kidladi manbalardan biri.

Tramp imkon qadar tezroq Putin bilan uchrashish istagini bir necha bor bildirgan. Moskva, rasmiy darajada ehtiyotkor ritorikani saqlab qolgan.

11 mart kuni Qo‘shma Shtatlar Rossiya va Ukrainaga 30 kunlik muddatga so‘zsiz o‘t ochishni to‘xtatishni e’lon qilishni taklif etdi, bu vaqt ichida bo‘lajak tinchlik shartnomasi bo‘yicha muhokamalar boshlanishi kutilmoqda. Kiyev bu taklifga rozi bo‘ldi, biroq Moskva hozircha bunga izoh bermadi.

Mavzuga oid