Jahon | 18:24 / 12.03.2025
4046
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya 30 kunlik otashkesimga rozi bo‘lmasa, qo‘shimcha sanksiyalarga duchor bo‘lishi mumkin

AQSh senatorining ta’kidlashicha, bu sanksiyalar nafaqat Rossiyaga, balki Rossiya tovarlari, jumladan, neft, gaz va uranni sotib oluvchi davlatlarga ham ta’sir qilishi kerak.

Foto: Reuters

AQSh respublikachi senatori Lindsi Grem Rossiya 30 kunlik otashkesimga rozi bo‘lishiga umid qilmoqda. Ammo agar bu amalga oshmasa, AQSh Rossiyaga qarshi sanksiyalar joriy qilishi kerak. Bu haqda u ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida yozdi.

«Ukraina 30 kunlik otashkesim haqidagi taklifga rozi bo‘lganini eshitganimdan juda mamnunman. Tramp jamoasi juda yaxshi ish qildi. Umid qilamanki, Rossiya ham bunga ergashadi. Agar Rossiya rad etsa, biz ularga sanksiyalar kiritishimiz kerak», dedi Grem.

Senatorning ta’kidlashicha, bu sanksiyalar nafaqat Rossiyaga, balki Rossiya tovarlari, jumladan, neft, gaz va uranni sotib oluvchi davlatlarga ham ta’sir qilishi kerak.

«Rossiya Ukrainaga shafqatsizlarcha bostirib kirishi oqibatida yengib bo‘lmaydigan iqtisodiy azobni ancha oldin his qilishi kerak edi. Men prezident Donald Trampning bu vahshiy urushni imkon qadar tezroq tugatishga qaratilgan sa’y-harakatlarini olqishlayman», deb ta’kidladi Grem.

Avvalroq Lindsi Grem AQSh shu haftada Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar joriy etishini aytgandi. Unga ko‘ra, agar rossiyaliklar muzokara stoliga o‘tirmasa, AQSh prezident Tramp taklif qilganidek, sanksiyalarni kuchaytirilishi kerak.

Shuningdek, Buyuk Britaniya Kreml elitasiga qarshi yangi shaxsiy sanksiyalar joriy etishi xabar qilingandi. Bunday cheklovlar Kreml elitasining noma’lum muddatga Buyuk Britaniyaga kirishiga to‘sqinlik qiladi.

Mavzuga oid